Azaliy qadriyatlar tiklandi

Azal-azaldan do‘stu qadrdon bo‘lgan, urf-odat va an’analarimiz uyg‘unlashib ketgan o‘zbek hamda tojik xalqlari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi samimiy va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro rishtalarni yanada mustahkamlovchi yana bir sahifa ochildi.

Sir emas, uzoq yillar chegaralar yopiqligi bois ikki xalq o‘rtasidagi yaqin qo‘shnilik aloqalari uzilib, aholi 15-20 kilometrlik masofadagi birodarlarini ko‘rish uchun o‘n baravardan ko‘proq yo‘l bosib, ming mashaqqat chekishiga to‘g‘ri kelardi. Xudoga ming qatla shukr, ikki davlat rahbarlarining tashabbuslari bilan barcha sohada kelishuvga erishilib, chegara to‘siqlari olib tashlandi. Aviatashuvlar, temiryo‘l qatnovi tiklandi. Samarqand – Panjakent oralig‘idagi xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. Chegaralardagi o‘tkazish punktlarining ochilishi xalqlarimiz ko‘nglidagi ish bo‘ldi.

Masalan, ikki davlat chegarasidagi «Jartepa» va «Sarazm» o‘tkazish punkti ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlarda viloyatimiz faollari, yoshlar, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollar, jamoatchilik vakillari, chegara hududida yashovchi aholi ishtirok etdi. Mehrning qanchalik tanqisligi, diydorning naqadar shirinligi tadbir jarayonida yaqqol namoyon bo‘ldi. Tantanada so‘z olgan viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev, Sug‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda masalaning ushbu jihatiga alohida e’tibor qaratishdi.

Umumiy tarix, uzviy ma’naviy qadriyatlar, bir daryodan suv ichib, qardoshlik rishtalari bog‘lab turgan Samarqand va Sug‘d viloyatlari aholisi bir-biriga quchoq ochdi. Bu yerdagi hayajonli lahzalarni, ota-onasini salkam yigirma yil ko‘rmagan, og‘a-inisi, farzandining diydoriga to‘ymaganlarning intilishlari, bag‘rilariga bosishlarini ko‘rib, har qanday kishining ko‘zidan yosh qalqdi. Qisqa fursatda o‘nlab, yuzlab fuqarolar o‘z qarindoshlari bilan topishdi.

Yuraklardagi hayajon, sevinch, xurramlik aslida nimaning sharofati? Bu, avvalo, davlatimiz rahbarining tinchlik, osuda hayotimizni ta’minlashga qaratilgan, kelajakka katta umidlar uyg‘otadigan dono siyosati mevasi, deb o‘ylayman. Mehr-oqibatga to‘la hayotdan esa dillar ziyoga to‘ladi. Ana shunday mehrli, dillarga mustahkam muhrlanib qoladigan ishlar viloyatimizda izchil davom etayotgani qalblarimizni yanada quvontiradi. Xususan, Samarqand shahrida o‘zbek va tojik adabiyotining ikki buyuk mutafakkiri – Alisher Navoiy hamda Abdurahmon Jomiy haykali qisqa fursatda – atigi o‘n ikki kun ichida o‘rnatilganligi, «Sug‘diyona» bog‘i, Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘ini va boshqa joylarni obodonlashtirish borasidagi olib borilayotgan qurilish ishlari har qanday kishini to‘lqinlantirmasdan qolmaydi.

Tinchlik, osoyishtalik qaror topgan joyda taraqqiyot, o‘zgarish barqaror bo‘lib, do‘stlarga keng quchoq ochilaveradi.

Hasan NORMURODOV,

«El-yurt hurmati» ordeni sohibi, «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi.