A’zamxon BAHROMOV: Koronavirus pandemiyasi yaqin 3-4 yilga mo‘ljallangan rejalarimizni tezroq bajarishni taqozo etdi
Yurtimizda koronavirus infeksiyasi keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida karantin e’lon qilinganiga ikki oy bo‘ldi. Ayni paytda har bir hududdagi vaziyatdan kelib chiqib, viloyat, tuman, shahar darajasida karantin cheklovlari yumshatilmoqda.
Epidemiologik holat nuqtai nazardan bugun Kattaqo‘rg‘on tumani “yashil” hudud hisoblanadi. Ya’ni, karantin cheklovlari ancha yumshatilgan, ko‘plab faoliyat va xizmatlarga ruxsat berilgan. Tumanda hayot bir maromda, avvalo karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda davom etmoqda.
Umuman, Kattaqo‘rg‘on uchun bu sinov qanday kechdi, koronavirus pandemiyasidan keyin tuman xalqi hayotida nima o‘zgaradi, qanday yangi loyihalar amalga oshiriladi?
Shu kabi savollar bilan tuman hokimi A’zamxon Bahromovga murojaat qildik.
– Koronavirus pandemiyasi butun bashariyatning boshiga kelgan katta sinov bo‘ldi – deb gap boshladi A.Bahromov. – Dunyoning iqtisodiy baquvvat, qudratli davlatlari ham bu ofat oldida ojiz bo‘lib qoldi. Ko‘p davlatlarda, xalqaro miqyosda iqtisodiy inqiroz kuzatilmoqda. Hech kim, hech bir davlat bu xavf qachon bartaraf bo‘lishi haqida aniq bir gap aytolmayapti. Mana shunday vaziyatda yurtimizda koronavirus oqibatlarini yumshatish, karantin sharoitida qanday ish tutish bo‘yicha Prezidentimiz rahbarligida aniq dastur va rejalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, oddiy fuqarodan boshlab rahbarlargacha karantin sharoitida qanday yashash va ishlashni puxta o‘zlashtirishi talab qilinmoqda.
Shundan kelib chiqib, biz – tumanimizdagi to‘rt sektor rahbari ham bugungi pandemiya sharoitida o‘z faoliyatimizni qayta ko‘rib chiqib, aholini bu vaziyatdan imkon qadar betalofat olib chiqish bo‘yicha o‘z vazifalarimizni belgilab oldik.
Avvalo, xonadonma-xonadon yurilib, ishsizlar, qiynalib qolgan oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Shu asosida ularga yordam berish chorasi ko‘rildi. 3556 ta ehtiyojmand oilaga 724 ta tadbirkorlik sub’yekti va homiylar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zarur yordam berildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” fondiga hozirgacha 1,1 milliard so‘m mablag‘ tushdi va bu mablag‘ ham karantin paytida qiynalib qolgan oilalarni ijtimoiy himoyalashga yo‘naltirilmoqda.
Qayd etilgan 3556 ehtiyojmand oilada yashovchi 5097 nafar fuqaroning 2781 nafarini tomorqa, kooperativ hamda boshqa ishlarga band qilish, 1802 nafarini tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Bundan tashqari, hozirda hech bir daromadsiz qolgan 2857 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 60 kishiga shaxsiy tomorqasidan samarali foydalanishi uchun subsidiya ajratilib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Bular ham dastlabki choralar. Lekin biz ertani o‘ylashimiz kerak. Ertaga tumanimiz aholisining hayoti qanday bo‘ladi, iqtisodiyotmiz nima bo‘ladi?
Ana shu savolga javob nuqtai nazaridan, birinchi navbatda 2020 yil yakuniga qadar va 2021 yil pishiqchilik vaqtigacha aholimizning asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini hamda tumanimizda bunday mahsulotlarni yetishtirish imkoniyatini o‘rganib chiqdik. Dastlabki hisob-kitoblarimiz, agar ishni oqilona tashkil etsak, oldimizga qo‘ygan vazifalarni bekamu ko‘st bajarsak, nafaqat tumanimiz aholisi ehtiyojini qondirish, balki ehtiyojdan ortgan qismini chetga sotish orqali ham daromad olish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatdi.
Ikkinchi masala – tumanimiz asosan agrar sohaga ixtisoslashgani uchun paxta va g‘allachilikda zamonaviy innovatsiya va texnologiyalardan foydalanishga e’tibor qaratdik. Xorijdan zamonaviy pnevma seyalka va texnikalar keltirib, g‘alla va paxtani ana shu usulda ekdik.
Jumladan, bu yilgi mavsumda 9 ming gektar yerdagi g‘allaning 6 ming gektar ochiq maydoni pnevma seyalka yordamida ekilgani bizga urug‘likni iqtisod qilish va g‘alla tup sonini oshirish imkonini berdi. Shuning hisobidan bu yil tumanimizda g‘alla hosildorligi o‘rtacha 75-80 sentner bo‘ladi. Ayrim hududlarimizda 90-100 sentnergacha hosil olish mumkinligini aytishmoqda, mutaxassislar.
Ikkita klasterimiz tomonidan qariyb 11 ming gektar paxta maydonimizda ham bu yil xorijdan keltirilgan 115 ta pnevma seyalka yordamida yangicha usulda chigit ekildi. Bunda ham avvalo urug‘likning ortiqcha sarfi oldi olindi. Chigitni yagonalashga xojat qolmadi, bir vaqtning o‘zida oziqlantirish va begona o‘tlarga qarshi dorilash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Suhbat davomida A.Bahromov tumanda qishloq xo‘jaligining g‘alla va paxtachilik kabi an’anaviy sohalari bilan birga aholini keng jalb qilgan holda, ularning bandligini va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash uchun besh yo‘nalish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgani haqida ham ma’lumot berdi.
Qulupnay yetishtirish, limonchilik, pillachilik, chorvachilik va foydalanilmay turgan lalmi yerlarda tokzorlar tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar bilan videolavhada tanishishingiz mumkin.
G‘olib HASANOV suhbatlashdi.