A’zamxon Bahromov: Amerikaliklar bilan qo‘shma korxona ochyapmiz

A’zamxon Bahromov ko‘p yillar respublika vazirlik va idoralarida mas’ul vazifalarda ishlagan, Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan.

A’zamxon Usmanovich ma’lum muddat boshqaruvdan chetlatilgach, 2017 yilda Qo‘shrabot tumani hokimi etib tayinlangan. O‘sha yil noyabrdan buyon Kattaqo‘rg‘on tumaniga rahbarlik qilmoqda.

Biz A’zamxon Bahromov bilan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdik.

- Bosh kriteriyam - bu kuchim, aqlim, imkonim yetgancha odamlarga yaxshilik qilish. Shu orqali ham davlatimiz rahbari ishonchini oqlash, ham Yaratganning roziligini olish, - deya gap boshladi A.Bahromov. - Agar odamlarga yaxshilik, og‘irini yengil qilmoqchi bo‘lsang, suhbatdoshingni, odamlarni sabr bilan tinglashni o‘rganishing kerak. Undan keyin qo‘lingdan kelsa, amaliy yordam, qo‘lingdan kelmasa to‘g‘ri maslahat ber.

- Hokim bo‘lib ish boshlaganingizdan keyin Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi aholi uchun nimalar qildingiz?

- Ishni birinchi odamlarni, mutaxassislarni eshitib-tinglab, statistik ma’lumotlar, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ko‘rib chiqib, tumandagi iqtisodiy-ijtimoiy ahvol, vaziyat qanday, degan asl holatni bilishga e’tiborni qaratganman. Shunga ikki-uch oy vaqtim ketgan.

Tumanimiz hududi bo‘yicha kichkina emas, 264 mingdan ko‘proq aholi yashaydi. Eng katta muammo - ishsizlik. Kattaqo‘rg‘on tumanida mavsumiy 30, 35 minggacha odam xorijga chiqib ishlashga ketgan. Bu mehnat resurslarining teng yarmi, degani. Ularni issiq to‘shagini, Vatanini tashlab ketishiga ehtiyoj, muhtojlik majbur qilgan.

Ish o‘rni yo‘q, bu bir. Ikkinchisi, Kattaqo‘rg‘on tumani respublikadagi ko‘hna tumanlardan biri, qishloq xo‘jaligi salohiyati katta. Lekin iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga birorta yangilik, investitsiya, biror-bir ilmiy g‘oya, yaxshi fikr kiritilmagan. Oqibatda hosildorlik paxtadan 24 sentrnerga tushib qolgan. G‘alladan ham xuddi shunday: zo‘rg‘a davlatga g‘alla sotish shartnomaviy rejasi bajarilgan. Fermerning o‘ziga, aholiga bir kilogramm ham don qolmagan.

Sanoatda Kattaqo‘rg‘on tumanining ulushi viloyatda 2 foizni tashkil qilgan. Demak, sanoat yo‘q, degani. Bittayam chet el investitsiyasi ishtirokidagi qo‘shma korxona yoki xorijiy korxona faoliyat yuritmagan.

- A’zamxon Usmanovich, tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun vaziyat shu darajaga kelib qolgan, deb o‘ylaysiz?

- Nima uchun odamlar bu yerga pul tikmagan: Kattaqo‘rg‘on aholisi orasidayam tadbirkorlar bor, sarmoyadorlar bor, nima uchun tumanga o‘zini hissasini qo‘shmagan? Chunki birinchidan, yo‘llar talabga javob bermaydi. Masalan, mening o‘zim tumanga kechasi kelganman. Katta O‘zbek traktidan tuman markazigacha 10 kilometr bo‘lsa, mashinamizning ikkita balloni qoloqqa tushib, yo‘lda qolganmiz.

Ikkinchidan, elektr ta’minoti. Hech qanaqa zaxiramas, hatto aholi, uncha-muncha savdo va boshqa korxonalarning ehtiyojini ta’minlashga yetmagan. Tuman bo‘yicha tarmoqda o‘rtacha kuchlanish 180-170 kVtni tashkil qiladi.

Sanoat korxonasi uchun tabiiy gaz yetkazib berishning umuman iloji yo‘q. Hech kim bu bilan shug‘ullanmagan.

Internet hamma joyda tezligi past bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘onda yo‘q hisobi, umuman kirolmaysiz.

Aloqa yo‘q, yo‘l yo‘q, svet yo‘q, gaz yo‘q. Endi mehmonxona haqida gapirish ortiqcha.

Bir so‘z bilan aytganda, investitsion muhit, sharoit yo‘q. Shuning uchun tumanning tadbirkorlari Kattaqo‘rg‘on shahriga, Samarqand, Toshkentga borib tadbirkorlik bilan shug‘ullangan.

- Bugungi kunda tumanda ishsizlikni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

- Ishsizlikni hal qilish uchun sanoat, xizmat ko‘rsatish va shunga o‘xshash sohalarni rivojlantirish lozim. Buning uchun sarmoya kerak, investitsion muhit yaratilishi zarur. Shuning uchun 2018 yilda tuman bo‘yicha 112 kilometr yo‘lni ta’mirdan chiqardik. Shundan 56 kilometr yo‘lga, joyga yangidan asfalt qoplamasi yotqizildi. Bu yil ham bu jarayon davom etyapti.

Muhtaram Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifidan foydalanib qo‘ygan sanoat uchun alohida podstansiya o‘rnatish masalasi yechimini topdi. Sanoat korxonalari uchun alohida gaz quvuri tortib kelinayapti. Optik tolali aloqa liniyalari tortilmoqda.

- Bu kabi ishlar o‘zining samarasini berishi tabiiy, shunday emasmi?

- Albatta. Masalan, ayni paytda Amerika Qo‘shma Shtatlari kompaniyalari bilan pardozlash materiallari ishlab chiqaradigan korxonaning birinchi bosqichi doirasida 1 million dollarlik asbob-uskuna olib kelindi. Bu yerda umumiy qiymati 10 million dollarlik asbob-uskunalar o‘rnatiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilyapti. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasining kredit liniyasi orqali limon markazi loyihasini boshladik. Bunda 12 gektar limon yetishtiradigan, 2 gektar limon ko‘chatlari yetishtiradigan issiqxonalar quriladi. Shu yerda, qolaversa aholi issiqxonalarida yetishtirilgan limonni saralaydigan, kalibrovka qiladigan, saqlaydigan 5 ming tonna muzxonaga ega logistika markazi barpo etiladi. Limondan murabbo chiqaradigan zavod quriladi.

Tumanda 60 mingga yaqin oilaning shaxsiy tomorqa yeri bor. Kim 1 sotixdan kam bo‘lmagan joyni chuqur kovlab, issiqxona uchun tayyorlasa, limon markazi hisobidan 3 yillik ko‘chat, plyonka, limonni parvarishlash uchun yetarli o‘g‘it va dori bilan ta’minlanadi.

Agrasanoat yo‘nalishidagi belaruslik tadbirkorlar bilan ham yana bir yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Bu loyihaga ko‘ra, 1250 bosh sog‘in sigir saqlanadigan zamonaviy ferma, qoramollarni sun’iy urug‘lantirish markazi, veterinariya markazi va kombikorma ishlab chiqarish zavodi tashkil qilinadi. Loyiha doirasida ikki yilda aholining qoramollari naslini yaxshilash choralari ham ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kuniga 120 tonna sutni qayta ishlaydigan korxona, sig‘imi 2500 tonna bo‘lgan muzlatkich hamda logistika markazi qurilib, minglab yangi ish o‘rni yaratiladi.

- A’zamxon Usmonovich, yirik, ta’bir joiz bo‘lsa, respublika ahamiyatidagi loyihalar haqida gapiryapsiz. Ko‘pchilik uchun qiziq: loyiha tashabbuskorlari qarindoshlaringiz yoki tanish-bilishlaringiz emasligi aniq. Ularni topish jarayoni haqida gapirib bersangiz.

- Judayam muhim savolni berdingiz. Suhbatimiz boshida odamlarni tinglashni bilish kerakligi haqida aytib o‘tdim.

Bitta tadbirkorning masalasini u kutganidan ham yaxshiroq hal qilib berdingizmi, u buni boshqasiga aytadi. Misol uchun, 21 ta g‘isht zavodi tashabbuskorlarining aksariyati sohada tajriba ega bo‘lgan boshqa tuman, boshqa viloyat fuqarolari. Ular Kattaqo‘rg‘onda hech qanday to‘siqlarsiz yer berilayotgani, uch kunda faoliyat boshlashlari uchun tuman hokimining qarori chiqarilayotganini, elektr, tabiiy gaz tarmoqlariga ulanishda amaliy yordam berilayotganini ko‘rib, biri ikkinchisini boshlab kelgan.

- Bugun mahalliy hokimlarga hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida katta imkoniyatlar berilmoqda. Shunday emasmi?

- Darhaqiqat, viloyatda rahbar bo‘lib ishlaganimda hukumat ahamiyatidagi tadbirga 100 million so‘m pul olish uchun yuqori tashkilotlarga ikki oy 20 ta xat, o‘ttiz marta qo‘ng‘iroq qilib iltimos qilganmiz.

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi sifatida esa 2019 yilning olti oyi davomida tuman hokimligi zaxirasi va asosan mahalliy byudjetni rejadan oshirib bajarilganligi hisobiga yo‘l, bog‘cha, ko‘chalarni yoritish kabi tadbirlarga 14 milliard 100 million so‘m mablag‘ taqsimladik. Joriy yilda 20 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘lakchasi qurildi. Tumanda sobiq ittifoq davrida qurilgan ko‘p qavatli uylar to‘liq ta’mirlandi.

- Shuncha imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim hokimlarda shaxsiy tashabbus yetishmayotganday, bunga nima deysiz? Qolaversa, kelgusi yildan mahalliy Kengashlar faoliyatini ijro hokimiyatidan alohida tashkil qilish choralari ko‘rilmoqda. Shunday vaziyatda bu qanchalik to‘g‘ri qaror, deb hisoblaysiz?

- Har haftada 2-3 ta farmon, 8-10 ta qaror qabul qilinyapti. Yuqori, quyi, past bo‘g‘in rahbarlari birinchi navbatda bularni o‘zlashtirib olishlari kerak: yangi hujjat nima to‘g‘risida, maqsad-ma’nosi nima, o‘zining bevosita faoliyatiga qanday ta’sir qiladi? Bunga ulgurish uchun kundalik yumushlardan ortib, o‘qish, uqish kerak.

Talabni, uning yo‘l-yo‘rig‘i qanday ekanligini bilmasdan turib tashabbus ko‘rsatish mumkinmi?

Aslida tashabbus ko‘rsatish shart emas, hammasi belgilab berilyapti, faqat ulgurib, amaliyotga joriy qilishning o‘zi katta gap. Shuning o‘zi katta natija beradi.

Ijro hokimiyati bilan Kengashlarning alohida-alohida bo‘lishi islohot, rivojlanish uchun qo‘yilgan navbatdagi qadam. Bunga tayyormizmi-yo‘qmi bu endi, ikkinchi masala.

Ammo saylovlarda barcha darajadagi mahalliy Kengashlarga siyosiy partiyalar tomonidan munosib nomzodlarning ko‘rsatilishi muhim masala. Toki, Kengashlar ertaga ijro hokimiyati rahbari, tuman hokimining xizmatkori emas, tom ma’noda hokimlik faoliyatini nazorat qiladigan tuzilma bo‘lishi kerak.

Yoqub Gadoyev suhbatlashdi.