Aziz ustoz – ilm yo‘lidagi nur

O‘qituvchilik – insonni yuksak ma’naviyatli, odob-axloqli, iymon-insofli, Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalaydigan, uning qalbida ota-onaga, butun jamiyat a’zolariga nisbatan izzat-hurmat hissini shakllantiradigan faoliyat.

Viloyatimizda ushbu kasbni umrining mazmuni deb bilgan kishilar minglab topiladi. Ular orasida Abduaziz Aminovning nomini faxr bilan keltirish mumkin.

A.Aminov Ikkinchi jahon urushining suronli davri bo‘lgan 1942 yilning 20 aprelida Toyloq tumanining Ispandi qishlog‘ida dunyoga keldi. O‘rta maktabni tugatgach, Samarqand davlat universitetining fizika fakultetiga o‘qishga kirib, uni muvaffaqiyatli bitirdi. So‘ngra Samarqand shahridagi 3-sonli kechki ishchi yoshlar maktabida, 5-o‘rta umumta’lim maktabida o‘qituvchilik qildi. Yosh va mahoratli muallimning o‘z kasbini mukammal bilishi, darslarni hayot bilan bog‘lab o‘tishdagi mahorati, tashkilotchiligi va tashabbuskorligi, yangilikka intiluvchanligi xalq ta’limi boshqaruv organlari rahbarlarining e’tiboriga tushdi hamda u viloyat miqyosidagi mas’ul lavozimga ishga taklif qilindi.

1968 yildan boshlab uning mehnat faoliyati viloyatdagi ta’lim tizimi idoralarida kechdi. Avval viloyat xalq ta’limi xodimlari kasaba uyushmasida nazoratchi, keyin Samarqand shahridagi 3-sonli kechki yoshlar maktabida direktor, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi umumta’lim maktablari bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida sidqidildan mehnat qildi. 1997 yildan pensiyaga chiqquniga qadar viloyat pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining rektori vazifasida ishladi.

Abduaziz Aminovning pedagoglik faoliyati ushbu institutga rahbarlik qilgan yillari yanada samarali bo‘ldi. Institutning moddiy-texnikaviy ta’minoti yaxshilandi, dastlabki kompyuter sinflari paydo bo‘ldi. Pedagogik kadrlarning malakasini oshirish jarayoniga nufuzli olimlar jalb qilindi. O‘qituvchi-uslubchilar tarkibida 8 nafar fan doktori, professor, 18 nafar fan nomzodi-dotsentlar faoliyat yurita boshladi. Yangi auditoriyalar, faollar zali, yotoqxona binolari qurildi, “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” tashkil etildi. Malaka oshirishga kelgan o‘qituvchi-murabbiylarning Samarqand shahridagi namunali maktab-bog‘chalarda tajriba o‘rganishi joriy qilindi.

Shuningdek, pedagogik kadrlar uchun uslubiy qo‘llanma sifatida xizmat qiladigan “Ziyokor” nomli jurnal ta’sis etdi va uning har oy chop etilishini ta’minladi.

To‘plangan tajribalar va ilmiy xulosalar asosida dissertatsiya yoqlab, pedagogika fanlari nomzodi bo‘ldi.

Ustoz 9-11-sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan “Fizikani o‘rganamiz”, “Fizikadan test sinovlari”, “Matematikadan test sinovlariga tayyorlanish bo‘yicha tavsiyalar” va boshqa uslubiy qo‘llanmalar nashr ettirdi. Vazirlik orqali institut xodimlarining Ang­liya, Germaniya, Fransiya kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yishga erishdi.

Xalq ta’limi xodimlari A.Aminovga “Aziz ustoz”, deb murojaat qilar edilar. Haqiqatan ham ustoz bunday nomga munosib edi. U muallim-tarbiyachilarning o‘qituvchisi – eng aziz ustozi edi.

Yo‘ldosh SUYuNOV,

“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi.

Abdumalik MAJIDOV,

xalq ta’limi faxriysi.