Bahodir Yalangto‘shga haykal yoxud Samarqand ulug‘larining siymolari alleyasini yaratish vaqti kelmadimi?
Yaqinda Samarqand shahrida Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvi menda juda iliq taassurot qoldirdi. U kishining xalqimiz turmushi va ravnaqi, shonli tarixi va kelajagiga oid fikrlari, ayniqsa, Samarqandning o‘tmishdagi mashhur hokimi Bahodir Yalangto‘shga oid mulohazalari barcha samarqandliklarda g‘urur, zavq-shavq tuyg‘usini paydo qildi, desam adashmayman.
Bularni tinglab bir narsa yodimga keldi. Roppa rosa 4 yilu 5 kun oldin, ya’ni 2017 yil 19 sentyabrda Shavkat Miromonovich BMT Bosh Assambleyasida ilk marta so‘zga chiqqach, tashkilotga O‘zbekistonning "tashrif qog‘ozi"ga aylangan Samarqanddagi Registon maydoni maketini sovg‘a qilgandi. O‘shandan beri bu esdalik Xavfsizlik kengashi va BMT Bosh Assambleyasi orasidagi supaga o‘rnatilib, butun dunyoga O‘zbekiston degan yurtdan xabar beruvchi bir jarchiga aylandi. Bu karomatli ishning yana bir fayzli jihati shunda bo‘ldiki, butun dunyo ziyolilari nazaridan deyarli chetda qolib ketgan ulug‘ o‘zbek hukmdori, Registon maydonining asoschisi bo‘lgan Samarqand hokimi Bahodir Yalangto‘sh shaxsiyatiga bo‘lgan qiziqishga kuchli turtki berdi.
Samarqandning markazida salobat to‘kib turgan Registon maydonining hozirgi ko‘rinishiga olib kelgan bek Bahodir Yalangto‘sh shahar uchun qilgan hayrli ishlari bilan Temurbekdan keyingi o‘rinni egallaydi. U ham jangu jadalda Sohibqiron kabi deyarli yengilmagan, bosqinchilarga qarshi kurashdan Jaloliddin Manguberdi kabi hech ortga qaytmagan, binokorlikda esa Toj Mahalni qurgan Shohjahondan sira qolmagan. Bahodir Yalangto‘sh nomini abadiylashtirish borasida qilinadigan ishlarni amalga oshirishda shahrimizning bundan keyingi holati ham hisobga olinsa yaxshi bo‘lardi.
Shu o‘rinda taklif qilmoqchimanki, Registon maydoni oldida uning asoschisi - Bahodir Yalangto‘sh haykali qad ko‘tarsa, uning qiyofasini yaratishda albatta Yalangto‘shligiga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. O‘zbek hukmdori Balx yaqinidagi jangda sovut-qalqonsiz, ochiq ko‘krak bilan jang qilgani uchun Yalangto‘sh oti bilan yanada mashhur bo‘lgan. Haykaldagi ko‘kragi ochiq, bir qo‘li bilan sher (Sherdordagi sherlarga sha’ma) ezg‘ilab, bo‘ysundirib turgan qiyofa unga qudrat, hech kimga o‘xshamas ko‘rk baxsh etadi.
Registonda, Bahodir Yalangto‘sh haykali poyida Florensiyadagi Uffitsi Galereyasi (La Galleria degli Uffizi) kabi ochiq osmon ostida Samarqandni boshqargan yoki uning tarixida muhim o‘rin tutgan shaxslar haykallari alleyasi yaratilsa, juda yaxshi bo‘lardi. Ikki tomoni haykallar bilan bezalgan yo‘lak, xiyobon sayyohlar oqimiga sabab bo‘ladigan bir madaniy oromgohga aylanardi. Chet ellik mehmonlar birvarakayiga Alp Er To‘ng‘a (Afrosiyob, zardo‘shtiylikdan oldingi davr), Aleksandr Makedonskiy (eramizdan oldingi 356-323 yillar), Xitoy imperatoriga aylangan Samarqand o‘g‘loni An Lushan (Alp Arslon 703-757 yillar), Samarqanddagi ilk madrasa ijodkori Ibrohim ibn Nasr Tamg‘achxon Qoraxoniy (1040-1070 yillar), saljuqiy hukmdor sulton Sanjar (1118-1157 yillar), shoir va mutafakkir Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asr), deyarli kimsasiz, yovvoyi hayvonlar makon qilgan Samarqandga turli joylardan odamlarni ko‘chirib, unga qayta jon ato qilgan Samarqand begi Shohmurod ibn Doniyol (1720-1785 yillar) kabi ulug‘lar bilan ko‘rgazmali, tovushli tarzda tanishib ketar edi. Bu buyuklarning hech biriga alohida haykallar o‘rnatilmagan. Alleyaning alohida bir qismini sovet va mustaqillik davridagi viloyat hokimlari byustlari egallasa ham yaxshi bo‘lardi.
Bu takliflar hurmatli Shavkat Miromonovichning saylovchilar bilan bo‘lgan uchrashuvi, u kishining Registon maketini BMTga qilgan sovg‘asi sabab yuzaga keldi. O‘ylaymizki, bu fikrlarimiz Samarqandning sayyohlik salohiyatining yanada oshishiga, tariximiz buyuklarini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutadi.
Erkin MUSURMANOV,
SamDU dotsenti, filologiya fanlari doktori.