Bahor kelayotir bizni so‘roqlab...
– Boychechak, boychechak, boychechak!
…Hali qish bo‘lsa-da, bahor havosidan simirib, ko‘klamning tashrif buyurganini dildan his qilib, hovlidan uyga kirgim kelmay turgandi. Hovlimizdagi kichikkina yerimizda to‘rt-besh tup mevali daraxt, atirgul bor. Oilamiz bilan daraxtlarning ortiqcha shoxlarini butash, ko‘milgan atirgullarni ochib, tagini yumshatish ishlarini boshlab yubordik.
– Dada, daraxtning ostini yumshatishning nima foydasi bor ekan-a? – savol beradi o‘g‘lim.
– Chuqur nafas olgin-da. Xo‘sh, nimani his qilding?
– Toza havoni.
– Boshqa fasllarda bunday havoni tuya olmaysan. Daraxtlarning ildizi ham shu havodan nafas olsa, gurkirab yashnaydi.
Shu asnoda ko‘chadan bolakaylarning yana ovozi eshitildi.
– Boychechak, boychechak!
Iye, ana boychechak ham chiqibdi-ku. Bolalarning yoniga borib, ularga pul uzataman. Afsuski, qo‘lida boychechak ko‘tarib olgan bolajonlar bu haqdagi she’rni tuzuk bilmas ekan. Egilib turgan boychechakka razm solarkanman, bolalarga she’rini yodlashni tayinladim. Beixtiyor ota-bobolarimiz nega bahorni, Navro‘zni intiqlik bilan kutgani, bahor elchisi – boychechakni bunchalik qadrlashi sabablarini izlay boshladim.
Uzun qish tunlari, sovuq jondan o‘tib ketgan, quyosh o‘z oshiyonidan kam mo‘ralaydigan kunlar… Har bir kun sinovli, har daqiqada jonni omon saqlash haqida qayg‘urish. Bunday sinovlardan so‘ng kirib kelgan bahorning iliq tafti nafaqat tan, balki ruhni ham yayratib yuboradi. Ilk ochilgan gul – boychechakka matonatli sifatining berilishi shundandir, ehtimol. Kayfiyatimizdagi bahor ta’siridagi bu ko‘tarinkilik tun va kun tengligi – Navro‘z ayyomiga qadar davom etadi. O‘tgan yili Urgut tumanidagi qishloqlardan biridagi Navro‘z ayyomi yodimga tushadi.
– Har yili qishlog‘imiz ahli mana shu tepalikda Navro‘zni nishonlaydi, – deya gapirib bergandi o‘shanda Urgut tumanidagi Beshkon mahallasining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zohida Elmurodova. – Kurash, xo‘roz urishtirish, arqon tortish o‘yinlari avjiga chiqadi, onalar lapar aytadi, qizlar raqs tushadi, kelinlar kamalakdek tovlanib, butun qishloq ahliga salom beradi. Xullas, hech kim bu ayyomdan chetda qolmaydi, hammaning o‘z vazifasi bor.
Haqiqatan ham yam-yashil kenglikda bu tomoshaning gashti boshqacha bo‘larkan. Keyingi yillarda Navro‘z ayyomining poytaxtimizda ham xalq sayli sifatida nishonlanishi bejiz emasligini o‘ylab qoldim. Axir necha yuz yillardan beri xalq sayli sifatida o‘tkaziladi bu ayyom, necha asrlardan buyon sayillarning tomoshabini ham, ishtirokchisi ham bevosita shu xalqning o‘zi-ku. Qancha davrlardan o‘tib kelgan tayyor ssenariylar – tomoshalarga sayqal berilishi ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oldi.
Kechqurun televizorni yoqarkanmiz, ilk xabar Prezidentimizning "2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi Qarori bo‘ldi. Qarorda Navro‘z munosabati bilan inson o‘zini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish belgilab qo‘yilgan. "Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!", – degan shior esa mamlakatimizdagi buyuk evrilishning har lahzasida fuqarolarga g‘ayrat va shijoat hamroh bo‘lishiga ishora.
Gulruh MO‘MINOVA.