"Bahor qayta kelaveradi"
Bugun taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist O‘tkir Rahmat tavallud topgan kun.
O‘.Rahmatov 1948 yil 15 martda Toyloq tumanining Uzun qishlog‘ida tug‘ilgan.
Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan. Ish faoliyatini matbuot nashrlarida boshlagan. Hozirda "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" gazetalari bosh muharriri.
1998 yilda “Shuhrat” medaliga va 2005 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga sazovor bo‘lgan.
O‘tkir Rahmatning “Irmoq”, “Sog‘inch”, “Rayhon hidi”, “Shukrona”, “Oy yog‘dusi”, “Ko‘zim qorachug‘i”, “Xayol ifori”, “Yurakdagi qush”, “Xoksor maysa”, “Dilchiroq” kabi o‘ndan ziyod she’riy to‘plamlari nashr etilgan.
***
BAHOR
Bahor qayta kelaveradi,
Ildizlar ham uyg‘onar takror.
Chang-g‘uborni yuvaveradi,
Yomg‘ir yog‘may qo‘ymaydi zinhor.
Chaqaloqning tamshangan labi,
Mehr aro izlaydi orom.
Uning baxti gullab bir kuni,
Shijoatin etajak in’om.
Ko‘zni yumib ochguncha fursat,
O‘z o‘rnini bermas hech yog‘du.
Kuzda barglar to‘kilsa faqat,
Tug‘iladi yana bir orzu.
Shamol tinmas, noiloj taqdir,
Olib ketar g‘amni o‘ksinib.
Ustun bo‘lgan dunyoda yo‘qdir,
Yashar axir Haqga bo‘ysunib.
Umid — orzu — hayot mahzani,
U hech qachon bo‘lmaydi barbod.
Gul-yaproqdan bezab olamni,
Kelaverar buyuk bir avlod.
Bahor yana kelaveradi…
***
TONGDA
— Daraxtlar, oy-yulduzdan
boshqa kimni ko‘rdingiz,
— Tun bo‘yi tik oyoqda
nima qilib turdingiz?
— Yelkamizga mindirib
qushlarni birga yotdik,
— Chug‘urlashib eng avval
tongni bizlar uyg‘otdik!
— Kulayotgan oppoq tong,
yo‘ling poylar qay inson?
— Baxsh etding sen kimga rizq,
kimga esa baxt, imkon?
— Subhidamda eshikda
meni intiq kutganga,
— Sadqa qilib mehrini
do‘stlariga tutganga!
— Oqayotgan anhor-ey,
kimni ko‘zing yo‘l ko‘rdi,
— Erta tongda, aytgin, kim,
sendan kelib hol so‘rdi?
— Sevishganlar parishon
menga aytdi tushini,
— Murodingga yetgin deb,
tiladim baxt qushini!
— Nonni ko‘tarib boshga
ochilgan ey dasturxon,
— Atrofingga kimlarni
sen o‘tqazding yonma-yon?
— To‘rt ko‘z tugal: ham ota,
ham ona, o‘g‘il-qizni,
— Oftobdayin tafti bor
“Assalom” degan so‘zni!
— Erkalanib maysada
orom topgan shudringlar,
— Sahar chog‘i bu yerdan
o‘tgan kimni ko‘rdinglar?
— So‘nayotgan yulduzlar
mo‘ltiragan ko‘zlarin,
— So‘ngra dalaga shoshgan
qishlog‘ingning qizlarin!
***
Tuproq,
Kipriginga g‘uborlar qo‘nib,
Sho‘xlik qilib yurar hamon sabolar.
Sening quchog‘ingda tug‘ilib, unib,
Ertakka aylandi momo, bobolar.
Muqaddas ruhiyat,
Har garding — kitob,
Varaq-varaq qo‘lda o‘pib o‘qirlar.
Poyiga kim seni toptasa shu tob,
Bilginki,
Bu faqat nonko‘r, so‘qirlar!
Tuproq,
Onajonim,
Otamsan boqsam,
Daraxtu tog‘ bo‘lib adl turgandek.
Hidlaring mast etgan ayni subhidam,
Bulbulday bog‘larda sayrab yurgandek.
Burro zabonimning tafti so‘nmagay,
Bu hayot oftobi toki bor ekan.
Sening diydoringdan umr to‘ymagay,
Bisotim, borlig‘im —
Ey, jonim Vatan!