Baliqchilikning huquqiy asosi yaratildi. Sohada qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Jomboy tumanida 24 ta baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat yuritayotgan bo‘lib, 2017 yilda 130 tonnadan ortiq mahsulot yetishtirildi.
Xususan, tumandagi "Po‘latjon zotli baliqlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘tgan yili o‘z faoliyatini boshlab, ikkita hovuzda baliqning oq amur, zog‘ora, do‘ngpeshona turlarini parvarishladi.
– Umumiy yer maydonimiz 3,4 gektarni tashkil qiladi, – deydi jamiyat rahbari Po‘latjon Ochilov. – O‘tgan yil yakuni bilan 2 tonna baliq oldik. Bu yil qo‘shimcha 7 ta hovuz tashkil qilib, 7 ta yangi ish o‘rni yaratish borasida zarur yumushlarni amalga oshiryapmiz. Shuningdek, yetishtirilgan baliqlarni saqlash uchun maxsus muzlatkich xarid qilishni ham maqsad qilganmiz.
***
Suratda: ish yurituvchi Sherzod Hakimov.
Alisher ISROILOV olgan surat.
Baliqchilik tarmog‘ini kengaytirish, bu faoliyat bilan shug‘ullanadiganlarga yer maydonlari ajratib berish, sun’iy suv havzalari tashkil etish natijasida yil sayin aholi ehtiyoji uchun ko‘proq baliq mahsulotlari yetishtirilmoqda. Masalan, viloyatimizda baliq yetishtirish hajmi 2010 yilda 81 tonna bo‘lgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 1870 tonnaga yetgan. 2017 yilda esa bu mahsulotni yetishtirish hajmi qariyb 3 ming tonnani tashkil etdi.
Baliqchi ko‘paydi,
mahsulot yetishtirish-chi?
Keling, tarmoq rivojini Payariq tumani misolida tahlil etaylik. Hududda 2012 yilgacha 27 nafar soha sub’yekti faoliyat yuritib, ular tomonidan 380 tonnadan ortiq baliq mahsulotlari yetishtirilgan.
– Keyingi yillardan baliqchilik sohasini rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda, – deydi tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Asliddin Haqnazarov. – Natijada, 2015 yilga kelib, 394 tonna, 2016 yilda esa 653 tonna baliq ovlangan. 2017 yilda baliqchilikni rivojlantirish dasturiga asosan 10,5 gektar yer maydoni ajratilib, 5 ta yangi xo‘jalik tashkil etildi va soha sub’yektlari soni 50 nafardan oshdi. Ularga jami 432 gektar yer maydoni ajratilgan. Suv havzalarida baliq urchitish uchun 1 million 320 ming dona baliq chavaqlari keltirildi.
Fermerlar nima deydi?
Ilhom Uzoqov,
"Azizbek baraka zamini"
fermer xo‘jaligi boshlig‘i:
– 2014 yil 5 gektar maydonda 2 ta sun’iy suv havza yaratish bilan baliqchilikni boshlagandik. Bir yildan so‘ng "Ipoteka bank" viloyat filialidan 40 million so‘m kredit olib, ishni rivojlantirdik.
Baliq chavaqlarini Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklaridan olib kelyapmiz. 2017 yilda 2 ta sun’iy suv havzada oq amur, do‘ng peshona va sazan turlaridan 7 tonna baliq yetishtirdik. Har yili o‘rtacha 35-40 million so‘m foyda olyapmiz. Baliq ozuqasi olish uchun "Jomboydon" aksiyadorlik jamiyati bilan shartnoma tuzganmiz.
80 yoshli otaxon O‘ktam Yodgorov ko‘p yillar chorvachilik sohasida ishlagan. Orttirgan boy tajribasi tufayli 2002 yilda tumanda birinchilardan bo‘lib baliqchilikka ixtisoslashgan "Mahliyo RA" fermer xo‘jaligini tashkil qildi.
– Baliqchilik xo‘jaligi hududidagi 7,7 gektarli tashlandiq hovuzni olib, begona o‘tlardan tozaladik, – deydi fermer. – Dastlab yer, iqlim sharoiti, suv isrofi, chavaqlarning nobud bo‘lishini aniq hisoblamasdan ancha qiynaldik. Keyinchalik bu kamchiliklarni bartaraf qildik. Hozir har yili 7-8 tonnagacha baliq yetishtirib, 50 million so‘mgacha daromad olyapmiz. Foyda hisobidan o‘tgan yil qo‘shimcha 40 gektar yer olib, xo‘jaligimizda qo‘ychilik tarmog‘ini ochdik. Bu yil quyonchilik xo‘jaligi tashkil qilmoqchimiz.
Prezidentimizning 2017 yil 1 mayda qabul qilgan "Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori mamlakatimizda ushbu sohani yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
Huquqiy kafolat bor, endi nima o‘zgaradi?
Osmon ASANOV,
"Samarqandbaliqsanoat"
mas’uliyati cheklangan jamiyati
direktori:
– Qarorga asosan "O‘zbaliqsanoat" uyushmasi va "Baliqsanoat" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilib, hududlardagi tabiiy suv omborlari ular ixtiyoriga o‘tkazildi. Viloyatimizdagi uyushma tasarrufiga o‘tkazilgan 11 189 gektar tabiiy suv ombori tanlov asosida ijaraga berilmoqda.
Asosiy yumushlarimizdan biri xo‘jaliklarni o‘zimizda tayyorlangan baliq chavaqlari bilan ta’minlash. Shu maqsadda "Oq Amur baliqlari" va "Kattaqo‘rg‘on jayhuni" fermer xo‘jaliklari inkubatsiya sexlarini to‘la quvvatda ishlatish choralari ko‘rilmoqda. Viloyatimizda oq amur, do‘ng peshona va sazan kabi baliq turlari bilan cheklanib qolmasdan Rossiya va Vetnam davlatlaridan baliqning iqlimimizga mos koya, osyotr va farel turlarini ham keltirmoqchimiz. Payariq tumanida baliq chavaqlari yetishtiradigan 35 gektarli sun’iy suv havzalari tashkil etish bo‘yicha ish olib boryapmiz. 2017 yilda viloyatimizda 43 ta loyiha amalga oshirildi va xo‘jaliklarga 182 gektar yer maydoni ajratildi. Natijada qo‘shimcha 166 tonna baliq ovlandi. Qaror asosida jamiyatga a’zo bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari va huquqiy yordam berilmoqda.
Yana bir muhim jihat. 15 yil oldin viloyatning baliq yetishtirish rejasi atigi 90 tonna edi, bu yil esa qariyb 3 ming tonnaga yetdi, kelgusi yil bundan ikki hissa ortiq "luqmai halol" yetishtirish ko‘zlangan. Baliqchilarimizning 1 gektarli hovuzdan 3-5 tonna baliq ovlashi bilan bunday natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun sohaga ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni jalb etib, bu yildan viloyatimizda intensiv usulda baliq yetishtirishni boshlayapmiz.
Jamiyatga a’zo bo‘lgan baliqchilik xo‘jaliklariga bir qator soliq imtiyozlari va huquqiy yordam berilishi ko‘zda tutilgan. Baliqchilik tarmog‘i rivoji uchun tegishli korxonalar bilan hamkorlikda xo‘jaliklarga arzon narxda maxsus baliq ozuqasi yetkazib berish ishlari hal etilmoqda. Qolaversa, bu yil jamiyat qoshida baliqchilik laboratoriyasi tashkil etilib, hududiy veterinariya yo‘lga qo‘yiladi. Ular joylardagi suv havzalarida baliqlarning rivojlanishi uchun yetarli sharoit va ozuqa komponentlarini, havzadagi kislorod miqdori, baliqlarni urchish holatini nazorat qiladilar.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
«Zarafshon» muxbiri.