"Baxtli hayot"ning baxtiyor oilalari
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda viloyat hokimi T.Jo‘rayev ishtirok etdi va yangi xonadonlarga ega bo‘layotgan oilalarni tabrikladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan arzon uy-joylar hududlar qiyofasini o‘zgartirish va zamonaviy infratuzilma yaratishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Viloyat hokimi yangi uylarga ko‘chib kelgan yosh oilalarning baxtiyor va farovon turmush kechirishlarini niyat qilib, ushbu aholi maskanini "Baxtli hayot" mahallasi, deb nomlashni taklif etdi va bu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi.
Tadbirda yangi uy egalariga xonadon kalitlari hamda viloyat va shahar hokimliklarining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, uylar qurilishida faol ishtirok etgan bunyodkorlar, bank va boshqa xizmat ko‘rsatish idoralari xodimlari ham munosib taqdirlandi
– O‘tgan yil oktyabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida bugun ushbu ko‘rkam uylar qurilgan maskanda bir guruh faxriylar, ziyolilar bilan uchrashib, bu joylarda xalqimiz uchun zamonaviy uylar quriladi, deb aytgan edi, – deydi Samarqand shahrida yashovchi mehnat faxriysi A.Rustamov. – Mana bir yil ichida bu yerda shunday chiroyli, zamonaviy uylar qurildiki, ko‘rgan ko‘z quvonadi. Muhimi, bu xonadonlar uy-joyga ehtiyojmandlar, yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli kredit asosida berildi. Bu davlatimiz rahbarining xalqimiz farovonligini oshirish, aholimizning uy-joy muammolarini hal etish borasida olib borayotgan amaliy ishlarining bir ko‘rinishidir.
Ko‘p qavatli uylar atrofida dam olish joylari, bolalar maydonchalari, avtomobil saqlash maydonlari, chiqindi yig‘ish punktlari tashkil etildi. Daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, gulzor va yashil maysazorlar yaratildi.
– Bir necha yildan buyon Samarqand shahrida ijarada turib, ish faoliyatimni olib boryapman, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi J.Obidov. – Uch nafar farzandim bilan goh u, goh bu kvartiraga ko‘chib yurishning o‘ziga yarasha tashvishlari bo‘ldi. Shuning uchun bugun Prezidentimizning tashabbusi bilan qurilgan ko‘p qavatli uylardan menga ham uch xonali xonadon berilishi oilamiz hayotidagi eng quvonchli, unutilmas kun bo‘lib qoldi.
Viloyat hokimi yangi xonadonlarni kirib ko‘rdi va uy egalarini tabrikladi.
F.HASANOV,
B.MUSTANOV (foto).