Baxtsiz hodisadan keyin bola boshi tanasiga qayta tikib qo‘yildi
Isroillik jarrohlar aqlbovar qilmas amaliyot o‘tkazishdi — dahshatli baxtsiz hodisa tufayli deyarli boshidan ajralgan bolaga uni qayta tikib qo‘yishdi.
Bola velosipedda ketayotganida uni mashina urib yuborgan. Oqibatda 12 yoshli Sulaymon Hasan “ichki bosh uzilishi”ga uchragan. Tashqi tomondan uning boshi joyida bo‘lsa-da, ichki tomondan u yuqori umurtqalardan ajralgan. Rasmiy ravishda bunday tashxis "ensa bo‘g‘imining ikki tomonlama chiqishi" deb ataladi.
Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng, Sulaymon tezda kasalxonaga yotqizilgan va operatsiya qilingan. Operatsiya bir necha soat davom etgan. Ortoped shifokor Oxad Eynavning The Times of Israel nashriga aytishicha, shifokorlar bolani davolash uchun maxsus plastinalardan foydalangan.
Shifokorlar fikricha, bunday jarohat bilan tirik qolish ehtimoli 50 foizni tashkil qiladi.