“Baxtsiz kuyov”dagi fojia bugun yo‘q deysizmi?

To‘ylar mavzusi qariyb bir asrdan beri eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu. O‘tgan asrning boshlarida ziyolilar o‘z maqolalarida to‘ylardagi isrofgarchilik haqida kuyinib yozgan bo‘lsa, bu masala bugun ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” dramasida to‘y qilaman deb katta qarz olgan Solihning fojiaviy taqdiri yoritilgan. Ushbu fojianing sababi ellikboshining so‘zlarida ochib beriladi: “O‘shal vaqtda men sizg‘a aytdim, bekor isrof qilmang, kuyovingizdan ko‘p oqcha so‘ramang, yurtka obro‘ qilaman deb, osh-non berub, Xudo va rasulining buyrug‘idan chiqmang, dedim. Siz mening so‘zimni quloqg‘a olmadingiz va shariatga bo‘ysunmadingiz va meni beobro‘ qildingiz, mana kuyovingiz qarzdor bo‘lgan ekan, mulk-ashyodan va shirin jondan ajrabdur. Siz ham joningizdan, shirin qizingizdin ajraldingiz.”

Bu voqealarga yuz yil bo‘ldi. Ammo bu muammo yanada ildiz otdi, turmushda yuz berayotgan fojialarning bosh sababiga aylandi. “Baxtsiz kuyov”dagi fojia bugun yo‘q deysizmi? Aslida bu kabi holatlar hozir ham tez-tez uchrab turibdi. Ilmsiz odamlarning gap-so‘zini deb qarz-qavolaga dang‘illama to‘y qilgan, so‘ng chet mamlakatlarga ishlash uchun ketib, oilasi bag‘riga qaytmagan qancha insonlar taqdiri bunga misol.

Ilgari to‘ydan oldin “maslahat oshi” degan ixchamgina tadbir bo‘lardi. Unda yoshi ulug‘lar, ahli ilm, oqsoqollar yig‘ilib, to‘y kengashib olinardi. Bu udum hozir ham bor. Ammo u bugun shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkaziladi. Bundan biror maslahat maqsad qilinmaydi, aksincha, to‘y qilayotgan kishi ikki bor qozon qaynatib, ikki karra xarajatga tushadi.

To‘ydan ko‘zlangan maqsadlardan biri - kelin-kuyov oila qurganini e’lon qilish. Hozirgi kunda bu maqsadga mahallaga beriladigan osh bilan erishiladi. Lekin ziyofatga butun shahar yoki qishloq ahlini aytish shart emas. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, do‘stlar bilan o‘tkazish yetarli. Ammo to‘ylarimizda shuhratparastlik, dabdababozlik, manmanlik, isrofdagi musobaqa avjiga chiqib, “U meni aytgan, men ham aytishim kerak”, kabi  vajlarni ro‘kach qilib, o‘zimizni yo‘qchilik domiga tashlaymiz.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 14 sentyabrdagi qo‘shma qarori bilan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomda to‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi shartligi belgilab qo‘yilgan edi. Xo‘sh, bunga qay darajada amal qilyapmiz?

- Har bir kishi o‘z hayotini tartibga solsa, keraksiz chiqimlardan tiyilsa, bundan yaxshi ish yo‘q, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumani Mundiyon mahallasi raisi Muxtor Tohirov. – Ammo hamma ham buni to‘g‘ri tushunmaydi. Shu o‘rinda mahalla oqsoqollarining o‘rni muhim. Xususan, bizning mahallada to‘y-hashamlar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazish kengashi doimiy ishlaydi. To‘y egasidan marosimni kamchiqim o‘tkazishni, boshqalarga salbiy o‘rnak bo‘lmasligini qattiq talab qilamiz. Ayniqsa, spirtli ichimliklar qo‘yish, qo‘sha-qo‘sha xonandalarni olib kelishni cheklaganmiz. Dasturxondagi noz-ne’matlar ham o‘zimizdan chiqadi, asosan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan tayyorlanadi. Bunday to‘ylar tartibli, kamchiqim o‘tadi. To‘g‘ri, mahallamizda har xil sharoitdagi xonadonlar bor. Ammo bu tartibga hamma birdek amal qiladi.

Albatta, bu kabi mahallalar, oqsoqollarning sa’y-harakati tahsinga loyiq. Ammo ko‘p hollarda ayrim mahallalarda yoshi ulug‘, tajribali insonlarning maslahatlariga amal qilmay, o‘z pulimga o‘zim xo‘jayinman, qabilida ish tutayotganlar ko‘pchilikka yomon ibrat bo‘layotgani achinarli.

Aslida to‘ylarni qaror yoki qonun bilan tartibga solish mushkul ish. Avvalo, odamlarning o‘zi ortiqcha chiqim, dabdadan tiyilishi, amaldorlar, boy badavlat va taniqli shaxslar ixcham to‘y borasida o‘rnak bo‘lsa, yana ham yaxshi bo‘lardi.

Sulaymon Mardiyev.