Baydarka va kanoeda eshkak eshish: Jahon chempionatining dastlabki g‘olib va sovrindorlari aniqlandi
Samarqandda o‘tkazilayotgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatining ilk final bellashuvlari yakunlandi.
Ishtirokchilar to‘rt dasturda 1000 va 500 metr masofalarda poygalarda qatnashdi.
S1 dasturida ayollar o‘rtasida 1000 metr masofaga o‘tkazilgan yakkalik bahsida Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) bayrog‘i ostida harakat qilgan Alena Nazdrova marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan bo‘lsa, K1 dasturida vengriyalik eshkak eshuvchi Emese Kohalmiga teng keladigani topilmadi.
S2 dasturida erkaklar o‘rtasidagi juftlik bellashuvida Zakhar Petrov va Ivan Dmitriyev, K2 dasturida Mikita Borykau va Aleh Yurenia juftligiga teng keladigani topilmadi. Aytish joizki, ushbu sportchilar ham Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) bayrog‘i sharafini himoya qildi.
K2 dasturida erkak va ayollar juftligi ishtirok etgan musobaqada 500 metr masofani birinchi bo‘lib portugaliyalik sportchilar Teresa Portela hamda Messias Baptista bosib o‘tdi.
G‘oliblarga medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jahon chempionati ertaga, 25 avgust kuni yakunlanadi va musobaqaning so‘nggi final bahslarida eshkak eshuvchilar 200, 500 metr hamda 5 kilometr masofalarda mahoratini ko‘rsatadi.