Bayden Meksika chegara devori qurilishini to‘xtatdi

AQSh prezidenti Jo Bayden Meksika bilan chegaradagi devorni moliyalashtirishni to‘xtatdi. Bu haqda Oq uy saytida aytilgan.

AQShning yangi ma’muriyati "AQSh soliq to‘lovchilari mablag‘larini chegara devor qurishga sarflashga yo‘l qo‘ymaydi" deyiladi bayonotda. Prezident ushbu loyihaga hukumat qancha mablag‘ sarflaganini diqqat bilan tekshirishni so‘radi.

Bayden 2019 yildan beri amalda bo‘lgan chegarada favqulodda vaziyat rejimini bekor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror asossiz bo‘lgan.

Favqulodda holat 2019 yil fevralida AQShning 45-prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy qilingan edi: bu bilan u boshqa loyihalardagi mablag‘ni qayta taqsimladi. 2019 yil yozida Oliy sud Pentagon mablag‘laridan devor qurish uchun 2,5 milliard dollar ajratilishini ma’qulladi. Tramp 2016 yilgi saylovoldi kampaniyasi davrida AQSh va Meksika chegarasida devor qurishga va’da berdi.