Baydenning maslahatchisi Putinga yaqin shaxslar bilan Ukraina va yadroviy qurollar haqida maxfiy muzokaralar olib borgan
So‘nggi oylarda AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov va Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan bir necha marta maxfiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri AQSh rasmiylari va ularning ittifoqchilariga tayanib xabar bermoqda.
Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, bu muloqotlardan maqsad Ukrainadagi urushni bartaraf etish emas, balki keskinlashuvning oldini olish va aloqa kanallarini qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, suhbatlar Moskvani yadro quroli yoki boshqa ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanishdan ogohlantirish maqsadida ham o‘tkazilgan.
Bundan tashqari Sallivan Ukraina rahbariyatini mojaroni hal qilishga tayyorligini oshkora e’lon qilishga chaqirgan. Avvalroq The Washington Post AQSh prezidenti ma’muriyatining shu kabi so‘rovlari haqida xabar bergan edi.
Sallivanning matbuot kotibi gazeta ma’lumotlariga izoh bermagan. Oq uy AQSh prezidenti maslahatchisi Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ochiq xabar bermadi. Shuningdek, Kreml ham so‘rovga javob bermagan.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnal ma’lumotlarini izohlar ekan, "anglo-sakson gazetalari ko‘plab uydirmalarni nashr etishini aytdi", deb yozadi "Interfaks".
Bir qator amerikalik mulozimlarning ta’kidlashicha, Sallivan AQSh ma’muriyatida Rossiya bilan aloqalar tarafdori sifatida tanilgan, vaholanki, boshqa yuqori martabali siyosatchilar Moskva bilan hozirgi diplomatik va harbiy sharoitda muzokaralar samarali bo‘lmaydi, deb hisoblashadi.
Norasmiy muzokaralar Moskva va Vashington o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning yomonlashuvi, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadro qurolidan foydalanish haqidagi muntazam tahdidlari fonida bo‘lib o‘tdi.