Baynalmilalchi jangchi kasalxonada bepul ovqatlanadi
- Yoshim 57 da. Asab tizimimda xastalik bo‘lgani bois kasalxonada davolanyapman. Aytingchi, men bemorlarga beriladigan ovqat uchun to‘lov qilamanmi-yo‘qmi?
A.Yusupov,
Samarqand shahri.
- Kasalxonada ovqat uchun to‘lov amalga oshirmaysiz. Umuman, quyidagi shaxslar tibbiyot muassasalarida ovqatlanish to‘lovidan ozod qilinadi:
- I va II guruh nogironlari;
- bolalikdan nogironlar;
- 1941-1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- Chernobil AESidagi halokat oqibatlarini tugatishda qatnashgan – nogiron shaxslar;
- 1941-1945 yillardagi urush yillari mehnat fronti qatnashchilari;
- baynalmilalchi jangchilar;
- chin yetimlar;
- yolg‘iz pensionerlar;
- 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari;
- chaqiriq komissiyalari xulosalariga ko‘ra mudofaa ishlari bo‘limlarining yo‘llanmalari bo‘yicha 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan chaqiriq yoshidagilar;
- “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar;
- 1 yoshgacha bolasi bo‘lgan emizikli onalar.
Ushbu ro‘yxat tibbiy yordam pulli asosda ko‘rsatiladigan tibbiyot muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari (o‘z mablag‘lari) hisobiga moliyalashtirish shartlarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga, ularning bo‘limlariga yoki palatalariga tatbiq etilmaydi.