Bayramda ko‘ngilsizlik ro‘y bermasin

Yangi yil kabi orziqib kutiladigan bayram bo‘lmasa kerak. Ko‘chalar, uylar bayramona bezatiladi, archalar o‘rnatiladi. Bu bayram, ayniqsa, bolajonlar uchun esda qolarli voqealarga boy bo‘lishi mumkin. Faqat bu unutilmas onlar kishi ko‘nglini xira qilmaydigan bo‘lsa qaniydi...

Kechagidek esimda. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi edim. Maktabimiz hovlisida archa o‘rnatilib, uni o‘quvchilarning qo‘l mehnati orqali tayyorlangan o‘yinchoqlar bilan bezatish kerakligi aytilgandi va tanlov e’lon qilingandi. Kimning yasagan bezagi archaga ilinadigan bo‘lsa, tanlov g‘olibi hisoblanardi. Mukofoti ham shu yasalgan narsaning archaga ilinishi edi. Bu biz, olis qishloq bolalari uchun juda katta mukofot edi. Archada o‘zimizning yasagan narsamizni ko‘rmasak, bayram bayramdek bo‘lmasdi.

O‘sha paytda rangli qog‘oz topish ham muammo edi. Shuning uchun o‘tgan yili tutgan eski daftarlarimning ortib qolgan oq varaqlaridan qor parchalari, turli rangdagi muqovalaridan esa zanjir yasab maktabga olib borganman. Men yasagan qor parchalari ham, zanjir ham katta archaning bezagi bo‘lgan. Bezatilgan archaga ko‘zim tushsa, o‘sha holat yodimga keladi. Har Yangi yil bayramida oilamiz bilan dasturxon atrofida yig‘ilganimizda bu voqeani xursandchilik bilan eslab, aytib beraman.

Ukam esa aksincha, Yangi yil bayramini unchalik xush ko‘rmaydi.

- Sinfimizda bor-yo‘g‘i 9 nafar bola bor edi, - deydi u. – Ularning biri maktab direktorining qizi, biri sinf rahbarimizning o‘g‘li, yana 4 nafari o‘qituvchilarning farzandlari. Men va yana ikki bolaning ota-onasi - oddiy ishchilar. Har kuni maktabga uy vazifasini a’lo darajada bajarib borardim. Darsning yarmigacha qo‘l ko‘tarib, turardim. Ammo ustozimiz uy vazifasini avval direktorning qizidan, keyin o‘zining o‘g‘li va o‘qituvchilarning farzandlaridan so‘rardi. Menga navbat yetguncha vaqt o‘tib ketib qolardi. 

Ukamning avval yaxshi o‘qib, keyinchalik nega sustlashib qolganini shu suhbatdan so‘ng anglab yetganman.

- Yangi yil bayrami arafasida sinfni bezash uchun qog‘ozdan o‘yinchoqlar yasab kelish topshirig‘i berildi, - deya so‘zida davom etdi u. – O‘shanda ayamga rangli qog‘oz sotib olib berishini so‘rab, rosa xarxasha qilganman. Dadam istagimni bajarish uchun qo‘shnidan qarz olib, tuman markaziga borib rangli qog‘oz sotib olib kelgandi. Kechasi bilan uxlamasdan, rangli qog‘ozning oq tomoniga chizg‘ich bilan chizib, qaychi bilan bir xil o‘lchamli qilib qirqib, 10 metrlik zanjir yasaganman. Qo‘limda ko‘tarib borayotgan rang-barang zanjirimni ko‘rgan kishi borki, havas bilan qarardi. Hatto direktorning qizi ham qoyil qolgandi. Ammo u ustoz baribir menikini qabul qilmasligini, uncha chiroyli chiqmagan bo‘lsa ham uning yasab kelgan zanjirini derazalarga ilishini aytdi va ustoz sinfga kirib kelishi bilan yugurib borib, qiyshiq-miyshiq qirqilgan ikki xil rangdagi qog‘ozdan yasalgan zanjirni uzatdi. Ortidan men ham zanjirimni ustozga berdim. “Ustoz, uning zanjirini olmang, qizlar yasab kelgan zanjirlarni ilaylik, u o‘g‘il bolaku, menikini ilmasangiz xafa bo‘laman”, dedi yig‘lamsirab direktorning qizi. Ustoz uning aytganini qildi. Menikini qaytarib berib, “uyingda tursin, saqlab qo‘y, kelasi yil senikini ilamiz”, dedi. Esingizdami, opa, o‘sha zanjirni qaytarib olib kelib, pechkaga solganman. Har Yangi yil bayramida shu voqeani eslab, asabiylashaman. Bu bayram nishonlanishini umuman istamayman.

Suhbatimizga akam qo‘shildi. 

- Asabiylashma, jigarim! – deydi u ukamga qarab. – Tani-joning sog‘, shukur qil. Sening bu gaplaringni qo‘shnimiz Abdurahmon akaning nevarasi aytsa yarashadi. Sababi, aynan shu bayram oldidan bolalar o‘yinchoq deb biladigan “paqildoq”ning dastidan yuzi kuyib qolibdi. Shifokorlarning aytishicha, ko‘ziga ham yomon ta’sir qilibdi. Nogiron bo‘lib qolishi mumkin ekan...

Dilnoza HASANOVA.