Bayramga mos yarmarka

Yarmarkada meva-sabzavot, baliq mahsulotlari, shakar, salqin va spirtli ichimliklar, kolbasa va go‘sht, qishloq xo‘jalik konservalangan  mahsulotlarini topish mumkin. 

– Biz o‘n kundan buyon yarmarkada qatnashib, o‘zimiz yetishtirgan baliqlarni arzon narxlarda xalqimizga taqdim etyapmiz, – deydi Samarqand tumanidagi "Oq Amur baliqlari" fermer xo‘jaligi a’zosi Damir Ibragimov. – Baliqning kilogramini 8 ming so‘mdan, kuniga o‘rtacha 1 tonnadan naqd pul va plastik kartochka orqali sotyapmiz.

Buning uchun "Ipoteka bank" viloyat filialidan terminal olib, mijozlarga qulay tarzda savdo qilishlarini ta’minlayapmiz. 

Xaridorlar ham bozordagi mo‘l-ko‘lchilikdan mamnun bo‘lishmoqda. 

– Bayramoldi savdo yarmarkasini o‘zgacha tarzda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish uchun "Ipak yo‘li bozori" hududidagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji savdo maydonidan bir necha tadbirkorni bu yerga jalb qildik, – deydi "Siyob dehqon bozori" mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Badriddin Nasriyev. – Ularni bozorga kiraverishda hammaga qulay bo‘lgan nuqtaga joylashtirib, tarozilar bilan ta’minladik, patta pulini ham to‘lashdan ozod etganmiz, faqat shu yerda aholiga kartoshkani arzon narxda sotish sharti qo‘yildi. Ko‘rib turibsiz, ular mahalliy navdagi kartoshkaning kilogramini 2800, Rossiyadan keltirilganini 3 ming so‘mdan sotishmoqda. Shuningdek, "Samarqand oziq-ovqat zaxira" mas’uliyati cheklangan jamiyati 5200 so‘mdan shakar, 3500 so‘mdan guruch, konservalangan va kolbasa mahsulotlari savdosini tashkil etgan. "Omad" va "Shirin omad servis" mas’uliyati cheklangan jamiyatlari shakar, yog‘, konservalangan va kolbasa kabi 38 turdagi mahsulotlari, "Bog‘ishamol sharob" va "Pulsar" qo‘shma korxonalari spirtli va salqin ichimliklar olib kelgan. "Sayqal tayyorlov" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa guruch, shakar, grechka, no‘xat, margarin, pista yog‘i kabi 20 turdan ortiq mahsulotni 15-20 foiz arzon narxda sotmoqda. Bozorga biriktirilgan Samarqand, Toyloq va Past Darg‘om tumani dehqonlari har kuni sara va sifatli go‘sht, tuxum, asal va boshqa turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari keltirmoqda. Bozorga mas’ul etib belgilangan "O‘zsanoatqurilishbank" va "Agrobank" tomonidan sotuvchilarga qo‘shimcha 18 ta terminal ajratildi. Yana bir yangilik – bu yilgi yarmarkaga bozorning mijozlarga qulay bo‘lgan joyidan 9 ta rastadagi 127 ta savdo maydoni to‘liq ajratib berildi. 

 

Xaridorlar bilan gavjum yarmarkani aylanib, yangi yilga o‘zgacha kayfiyat ulashadigan savdo ko‘rgazmasi tashkil qilinganining guvohi bo‘ldik. Narxlar bozordagidan ancha arzon, sifati borasida ham e’tirozga o‘rin yo‘q. Bundan esa mijozlarning ko‘ngli to‘lmoqda. 

– Yangi yil bayramiga bozorlik qilish uchun kelgandim, – deydi Samarqand shahrida yashovchi Sayyora Abdurahmonova. – Ancha-muncha mahsulot xarid qildim, mo‘ljallaganimdan arzonga tushdi. Hozir 28 ming so‘mdan 2 kilogramdan ziyod go‘sht oldim, 60 ming so‘m bo‘ldi. Yarmarkadagi mahsulotlarning arzonligidan ko‘nglim to‘ldi.