Bayramoldi musohabasi: Go‘zallik mukammallikda
Hamma biladigan, tan oladigan, ajablanmaydigan bir haqiqat bor. Bu ayolning erkaklarga nisbatan kuyinchak, daryofe’l, mehnatga o‘ch va sabrli qilib yaratilganligidir. Tabiiyki, ayolning orzulari bepoyon, hayajoni bir jahon, armoni ulkan. Ko‘zga tashlanib tashlanmagan ming bir fazilatning sohibasi u. Bir faylasuf “Mukammallik - go‘zallikdadir”, deganida ayolni ko‘zda tutgan bo‘lsa ajabmas.
Xo‘sh, husn va latofati, zehnu farosati, onalik mehri, pazandalik, san’atkorlik, chevarlik xislatlari mujassam ayolni mukammal, deb hisoblash mumkinmi? Bu haqda ularning o‘zlari qanday fikrda? Shu maqsadda ayollarga murojaat qildik.
Muhiba HAQIMOVA, 3-tug‘ruq majmuasi oliy toifali ginekologi:
- Avvalo, sog‘lom va jismonan baquvvat, jamiyatimizning har jabhasida faol va o‘z oldiga qo‘ygan ezgu niyati tomon intilgan va maqsadiga erishgan ayolni mukammaldir.
Axloqli, odobli, xushmuomalali, eriga vafodor, pazandachilik, chevarlik san’atini puxta o‘zlashtirgan, tibbiy madaniyatdan boxabar ayolni mukammal, deyish mumkin. O‘ziga yarashiqli, did bilan kiyinish, yurish turishi, so‘zlash madaniyatiga ega bo‘lgan fazilat ham mukammallikdan darak beradi.
Madinaxon BOLTAYeVA, modeler tikuvchi, tadbirkor:
- Mukammal ayol eng avvalo, biror hunarning egasi bo‘lishi, ishida tashabbukor, oilada ota-ona, qaynona-qaynota, aka-uka, qavmu-qarindosh, qo‘ni-qo‘shni hamda do‘stlar oldidagi burchlarini bajarishi lozim. Bundan tashqari, u zamondan orqada qolmaslik uchun gazeta-jurnallar, badiiy kitoblar o‘qib, biroz bo‘lsa-da, ijod bilan shug‘ulanishi ham kerak. Ijod faqat yozish emas, tikish, rasm solish, qo‘shiq kuylash yoki yaxshi kuy tinglash, umuman, o‘zining ko‘ngliga yaqin, qo‘lidan keladigan ish bo‘lishi lozim. Insonlarga o‘zining ezgu ishlari bilan nafi tegishi o‘zidan, qilgan ishlaridan ko‘ngli to‘lib yashashi ham mukammallik.
Firuza BAROTOVA, uy bekasi:
- Biz oddiy deb o‘ylagan ayol ham mukammal bo‘lishi mumkin. Ba’zilar faqat oliy ma’lumotli, qaysidir idorada yuqori lavozimda ishlovchi yoki taniqli shoir, san’atkor ayollargina havas qilishga loyiq, deb o‘ylashadi. Uyning yaxshi bekasi, farzandlarining sevimli onasi, sabr-qanoatli, har qanday qiyinchiliklarni yenga oladigan ayolni mukammal ayol deyish kerak.
Shuningdek texnik vositalar, ayniqsa, kompyuterda ish olib boradigan ayol har jihatdan bilimdon, qiziquvchan, jamiyatimizni oqilona boshqara oladigan bolalar tarbiyalay oladi.
Nilufar UZOKOVA, Samarqand shahridagi G‘ofur G‘ulom MFY mutaxassisi:
- Madomiki, ayolning mukammalligi haqida gap ketar ekan, u avvalo, uyida to‘laqonli beka bo‘lishga intilsin. Ishdan charchab kelgan erini ochiq yuz, tabassum bilan qarshi olsin. Uyiga tashrif buyurgan mehmonlar hamda o‘z yaqinlari bilan yaxshi muomalada bo‘lib, ularga iltifot ko‘rsatish bu madaniyatlilik belgisi. Mahallamizda ikki yarim mingtadan ziyod xotin-qiz yashaydi. Ular ichida men ta’riflagandek mukammal ayollar anchagina. Shuning uchun ham mahallamizning go‘zal ayollari aholiga maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar ochib, o‘zlarining halol mehnati bilan obro‘ topmoqda.
Olimjon G‘OFUROV yozib oldi.