Bayrog‘ing yo‘ldoshing bo‘lsin!

Bayroq o‘tmish zamonlardan davlat ramzi bo‘lib kelgan. Manbalarga ko‘ra, u eramizdan avvalgi III-II ming yillikda paydo bo‘lgan. Aslida bayroq va boshqa ramzlar qatori qabilalarni bir-biridan farqlab ko‘rsatuvchi belgi sifatida yuzaga kelgan. Bugungi kunda bayroq davlat mustaqilligi va milliyligini aks ettiradi.

Turkiyadagi Turk standartlari (ramzlari) instituti tayyorlab, 1993 yili chop etilgan turkiy davlatlar bayroqlari majmuidagi 16 bayroqdan 5 tasida oy va yulduz aks etgan. 1299 yildan to 1922 yilgacha hukm surgan Usmonli (turk) hoqonligining qizil bayrog‘ida bir oy bir yulduz shakli bor. 1922 yili tashkil topgan Turkiya jumhuriyati ana shu bayroqni o‘ziga meros qilib oldi. Ammo ingichka oy yo‘g‘onrog‘iga, sakkiz qirrali yulduz besh qirralisiga almashtirildi.

Oq Xunn hoqonligining oppoq bayrog‘ida tepadan pastga qarab joylashgan uchta besh qirrali yulduz bo‘lgan. Xazar hoqonligining ko‘m-ko‘k bayrog‘ida esa besh qirrali beshta yulduz o‘zaro uchburchak hosil qilib joylashgan. 963-1183 yillarda mavjud bo‘lgan G‘aznaviylar saltanati bayrog‘ida, 1236-1502 yillarda hukmronlik qilgan Oltin O‘rda bayrog‘i o‘rtasida ham tepaga qaragan oy aksi bo‘lgan.

Zamonaviy 12 turkiy bayroqdan 7 tasida oy, yulduz surati solingan. Turkiya, Ozarbayjon, Qibris turklari, Sharqiy Turkiston, Iroq turkmanlari bayroqlarida yulduz bittadan.

Turkmaniston bayrog‘ida 5 ta, yurtimiz bayrog‘ida esa 12 ta yulduz aks etgan.

Yulduzlar o‘n ikki burj, ya’ni yilning o‘n ikki oyini bildiradi. Bu esa hayotning davomiyligini, mustaqilligimizning abadiyligini esga solib turgandek, go‘yo. Televizorda sportchilarimiz sharafiga davlatimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangrab qolsa, olti yoshli nevaram o‘rnidan turadi-da, “Bayroq ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganda, mana bundoq turish kerak”, deydi jajji qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. Uning Vatan timsollariga doir tasavvuri hali juda sodda, samimiy, albatta. Biroq yosh vujudda Vatanga hurmatda bo‘lish, uni doimo aziz bilish tuyg‘usi bolalar bog‘chasidayoq shakllana boshlaganidan sevinaman.

Yoki bayroqdan “to‘n” kiygan samolyotlarimizning osmonga parvozini ko‘rganimizda-chi? Havo laynerlarimiz falak qo‘ynida bayroq bo‘lib uchayapti. Jahon aeroportlarida bugun bu "qush"ni yaxshi tanib qolishdi. Shunday mahallarda "parvozing bexatar, bayrog‘ing yo‘ldoshing bo‘lsin, O‘zbekistonim!” deging keladi.

Abduaziz HOShIMOV.