Begona o‘tlar tufayli 50 foizgacha mahsulot nobud bo‘ladi

- Ekin maydonlarimizni “Zarpechak” begona o‘ti qoplab olyapti, buni bartaraf etishning qanday samarali usullari bor?

N.XOLMATOV,

Oqdaryo tumani.

- Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili qishloq xo‘jaligida yetishtirilgan 30 foizdan, rivojlanmagan davlatlarda esa 50 foizdan ortiq mahsulot zararli organizmlar tomonidan nobut bo‘lmoqda. Shu bois o‘simliklarni turli zararkunandalardan asrash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada viloyatimizda ham qishloq xo‘jaligi ekinlariga jiddiy zarar yetkazayotgan “Zarpechak”, “Sudraluvchi kakra” va “Ermon bargli ambroziya” begona o‘tlariga qarshi “Dolzarb o‘n besh kunlik” karantin tadbirlari samarali olib borilmoqda. Buning uchun viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari, aholi tomorqa maydonlari, katta yo‘l va temiryo‘l bo‘ylari karantin nazoratidan o‘tkazilib, mas’ullarga begona o‘tlarning qishloq xo‘jalik ekinlariga salbiy ta’siri tushuntirilmoqda.

Misol uchun, “Zarpechak”ning yer sharida 274 dan ortiq turi aniqlangan. O‘zbekistonda esa shundan 17 ta turi uchraydi. Undan 13 tasi sabzavotlarga jiddiy zarar keltiradi. Zarpechaklar madaniy ekinlarda ularning tanasiga gaustoriyalari yordamida yopishib, organik va noorganik moddalarini so‘rib oziqlanadi, o‘simlikni nimjonlashtiradi, o‘sishdan qoldiradi. Oqibatda o‘simlik butunlay qurib qoladi. Uning tarkibida “kuskudin” va “kustalin” kabi alkoloid moddalari mavjudligi bois ular yem-xashak va siloslarga aralashib ketilganda hayvonlarda zaharlanish sodir bo‘ladi.

Bu begona o‘t urug‘lari asosan zararlangan madaniy o‘simlik urug‘larni ekish, hayvonlar, qushlar orqali uzoq oraliqqa tarqalishidan va to‘liq chirimagan o‘g‘itlarni dalalarga chiqarish natijasida tez ko‘payadi. Shu bois ekiladigan barcha urug‘lar zarpechak urug‘idan tozalanib, dalalarga chiqariladigan o‘g‘itlar faqat kompost holatida bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bu begona o‘tning urug‘lari suv orqali, qishloq xo‘jalik texnikalari va boshqa yo‘llar bilan ham tarqalishi mumkin.

Buning oldini olish uchun mutaxassislar kimyoviy vositalar yordamida kurash olib borishmoqda. Lekin biratula barcha hududni qamrab olishning imkoni yo‘q. Shuning uchun unga qarshi kurashishning eng samarali usuli har bir fermer, tomorqachi va yer egasi ekin maydonida bu begona o‘t ko‘payishining oldini olish uchun agrotexnik tadbirlardan foydalangan holda, o‘simliklarni zarpechakdan tozalab, dala chetiga ko‘mib tashlash lozim.

Savolga viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimi Akram FOZILOV javob berdi.