Behbudiy nega Hajga otlangan edi?

2-maqola

Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” asari qahramoni Anvar mirzolik vazifasida ishlardi. Fitrat, Ayniy, Qodiriy, Cho‘lpon singari yoshlarning ustozi Mahmudxo‘ja Behbudiy ham ish faoliyatini mirzolikdan boshlagan. O‘qib-o‘rganishga bo‘lgan iqtidori tufayli o‘z davrining yuksak e’tiborli lavozimi - muftilik rutbasiga erishdi.

Albatta, bunday lavozim sohibi o‘z faoliyati davomida xalqning barcha qatlamlari vakillari bilan muloqotda bo‘ladi, demakki, jamiyatning kichik masalalaridan yirik muammolarigacha duch keladi, ularni qiyoslash, xulosa chiqarish va yechim nimada ekanligi to‘g‘risida fikrlash imkoniga ega edi.

Mahmudxo‘ja mirzolik paytidan boshlab, chor Rossiyasining mahalliy xalq uchun yo‘riqnomasi – “Turkiston viloyatining gazeti”ni o‘qib borar, oqposhsho va uning siyosatini kuzatardi. Lekin dunyoqarashining kengayishida chor Rossiyasi hududida jadidchilik harakatiga asos solgan mashhur ma’rifatparvar Ismoilbek Gaspirali muharrirligida  chop etilgan  “Tarjimon” gazetasining o‘rni alohida ekanligini Behbudiy ham, uni bilgan insonlar ham ta’kidlashgan.

Xalqimizda dunyoni anglash uchun ko‘p o‘qish yoki dunyo kezish kerakligi haqida naql bor. Behbudiy nafaqat o‘qidi, balki ikkinchisini ham amalga oshirdi. 

 “1318 sanai hijriyasi tavofi Baytullog‘a Kafkaz yo‘li ila Istanbul va Misr al-Qohira vositasila borib edim. Muddati safarim sakkiz oydan ziyoda cho‘zilub edi” (Mahmudxo‘ja Behbudiy. Qasdi safar // “Oyina” jurnali, 1914 yil, 31-son).

Behbudiy hayoti va ijodini o‘rgangan tadqiqotchi olimlar ana shu davrni yuzakiroq yoritadilar nazarimizda. Holbuki, Hoji Muinning bolsheviklar zamonasidagi yozishmalarida biroz bo‘lsa-da, ehtiyotkorlik mavjudligini ta’kidlash joiz. Uning fikricha, Behbudiy 3-4 yoshda bo‘lgan birinchi (to‘ng‘ich) o‘g‘li nobud bo‘lgani uchun qayg‘uga botib, birinchidan, qayg‘usini unutish, ikkinchidan, haj amalini ado etish maqsadi bilan 1317(1899) yilda o‘zining buxorolik do‘sti Hoji Baqo bilan safarga chiqqanini ta’kidlab, “Bu muborak safar Behbudiyg‘a anchagina ibrat va intiboh (ogohlik, g‘aflatdan uyg‘onish – H.S.) berdi”, deya xulosa chiqaradi.

Aslida esa uning safariga boshqa sabablar ham bor edi. Avvalo, 1898 yilgi Dukchi eshon nomini olgan Andijon qo‘zg‘olonining oqibati Mahmudxo‘jani chuqur qayg‘uga botiradi. Behbudiy jarayonni har tomonlama tahlil etadi, maxsus tayyorgarliksiz tish-tirnog‘igacha qurollangan zulmkor qo‘lidan o‘ttiz yil davomida ham ma’nan, ham moddiy jihatdan och-nahor qulga aylantirilgan olomon dunyoqarashi bilan ozodlikka chiqish mutlaqo mumkin emasligini anglab yetadi. Negaki, Behbudiy maqolasida yozganidek “...Turkiston, bilxossa, Samarqand butun dunyodan xabarsiz, qorong‘u bir zindon kabi edi. Xalq nodon, ulamo mutaassib, hukumat nihoyat darajada g‘adbir (aldamchi, berahm – H.S.) va zolim, maishati buzuq, axloqi fasod... edi”.

Yevropaning iskanjasida qolgan Sharqning boshqa davlatlari ahvolidan xabardor bo‘lish, ularning ozodlik yo‘lidagi harakatlarini o‘rganish va tabiiyki, haj fursatida Allohdan o‘z xalqiga hurriyat so‘rash safarning asosiy sababi edi.

Biz Mahmudxo‘ja Behbudiyning halok bo‘lgani e’lon qilingan paytdagi ilk maqolalardan ham fikrimizga asos topdik. Muborak haj safari ahamiyati haqida uning boshqa shogirdi Sadriddin Ayniy shunday yozadi: “1318-sanai hijriyada Hijozg‘a safar qilub, Istanbul va Arabistonni ziyorat va haji islomni ado qilg‘on. Hijoz safari Mahmudxo‘jag‘a ko‘b bilmayturg‘on narsalarini o‘rgatgan, ko‘b ibratlar olg‘on. Borish-kelishda har sinf kishilar bilan ko‘rushgan va fikr olishgan. Mahmudxo‘ja Hijoz safaridan so‘ngra go‘yo dunyog‘a yangi kelgandek bo‘lub,  Turkistonning ilmiy va ijtimoiy ishlarig‘a boshqa ko‘z, boshqa bir o‘lchak bilan qarag‘on” (Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlarining qisqacha tarjimai holi // «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1920 yil 8 aprel).

“Hijoz safaridan so‘ngra go‘yo dunyog‘a yangi kelgandek” o‘xshatishi har bir hojiga munosib ko‘rilishi mumkin, biroq “Turkistonning ilmiy va ijtimoiy ishlarig‘a boshqa ko‘z, boshqa bir o‘lchak bilan qarag‘on”ini barchaga birdek qo‘llab bo‘lmasligi kundek ayon. Qolaversa, dunyoqarashining kengayishi va fikrining o‘zgarishiga u ko‘rgan mamlakatlar ahvoli, safar davomidagi voqea-hodisalar, qo‘lga kiritgan ma’lumotlar, gurunglar, taassurotlar ham katta rol o‘ynagan.

Behbudiy safardan qaytgach, Sadriddin Ayniyning ta’kidlashicha, Turkistondagi qorong‘u muhit sabab nima qilishni bilmay “necha vaqt ikkilanib yurgan”.

Sirtdan boshqalarga ikkilanish bo‘lib ko‘ringan fursat, Hoji Muin fikricha, Behbudiy tomonidan kelgusidagi harakatlar uchun tayyorgarlikka sarflangan. Qisqartirilgan iqtiboslarga e’tibor qaratamiz: “Borish-kelishda yo‘lda Istanbul, Misr kabi shaharlarg‘a kirib, undagi ba’zi eski-yangi maktablarni, aynuqsa, Misrdag‘i “Jome’ al-Azhar”ni ziyorat etdi. Qaytishda Misr va Istanbuldan turlik gazeta va yangi kitoblar olib keldi... ilmiy, fanniy kitoblarning mutolaasi bilan ma’lumotini kengaytura berdi... Behbudiy afandi haj safaridan kelgandan so‘ng Ho‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li degan samarqandlik bir ziyoli bilan tanishib, uning ilm va fikridan istifoda etadi. Fanniy va falsafiy masalalarda u bilan mukolama qilib, ma’lumotini ko‘payturdi. Boshqa yoqdan, o‘shal vaqtdag‘i gazeta o‘qug‘uvchilardan soatchi Badriddin bilan tanishib, buning bilan har kuni deyarlik ko‘rushdi va fikr olishdi” (Hoji Muin. Mahmudxo‘ja Behbudiy//“Uchqun” jurnali, 1923 yil, 1-son).

Ba’zi tadqiqotchilar e’tibor bermagan bu fursatda Behbudiy ozodlik uchun kurash yo‘llarini qidirdi. Dunyo tarixini, o‘z o‘tmishimizni, uning eng yorqin sahifalarini varaqladi. Bobolarimizning dunyo ilmi, madaniyatiga qo‘shgan hissasidan, ular qurib ketgan madrasayu minoralardan hayratlandi. O‘z davrining ham diniy, ham dunyoviy ilmlarini puxta o‘rgandi. Jahonda bo‘layotgan voqea-hodisalar, jumladan, urushlar va ularning sababi, mohiyatini millat manfaati nuqtai nazaridan tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazdi. Shu bilan birga tariximizning tanazzul bosqichlari, sabablarini taftish qildi, bu masalalar borasida Hoji Baqo, Ho‘qandboy Abduxoliq o‘g‘li, soatchi Badriddin singari dunyoqarashi keng insonlar bilan munozara o‘tkazdi. Ana shu bahslar, fikr almashuvlar natijasida xulosalar chiqarib, kelgusi rejalarini ishlab chiqdi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1903–1904 yillarda Moskva, Peterburgga, 1906 yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodga turli maqsaddagi sayohatlari, Farg‘ona vodiysida bo‘lib, ziyoli insonlar bilan fikr almashishi ham uning rejalari puxta bo‘lishiga katta zamin yaratdi.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)