Behbudiy qoldirgan ma’naviy xazina. Uni qancha o‘rgansak, targ‘ib etsak, xalqimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan Murojaatnomasida jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerakligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib chiqqan alloma va adib, buyuk ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasining keng nishonlanishiga ham alohida e’tibor qaratdi.

Quvonarlisi, yurtimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini o‘rganish, keng targ‘ib qilish va ular qoldirgan ma’naviy merosni tadqiq etish borasida izchil ishlar olib borilyapti. Shu ma’noda Prezidentimiz Murojaatnomasida Mahmudxo‘ja Behbudiy haqidagi fikrlarini tinglab, butun hayotini ilm-fan rivojiga, inson ma’naviyatini boyitishga bag‘ishlagan buyuk ma’rifatparvarning nomi yanada ulug‘lanishidan quvondim.

Bu bejiz emas. Chunki Behbudiy kabi buyuk alloma va mutafakkirlarimizning ilmiy, ma’naviy va ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish yoshlarni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalashda, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida ulg‘aytirishda muhim omil bo‘ladi.

To‘g‘ri, ayni kunlarda Samarqandda alloma tavallud kuni munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiy haftaligi” o‘tkazilmoqda. Samarqandlik yozuvchi va shoirlar, jurnalist va teatrshunoslar, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari joylarda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘li, ilmiy-ijodiy merosi va keyingi paytda uni o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritmoqda.

Shuningdek, Samarqand shahrida buyuk ma’rifatparvar uy-muzeyini tashkil etish, shaharning markaziy hududlaridan birida uning muhtasham haykalini o‘rnatish rejalashtirildi.

Endi bu ezgu ish yanada keng miqyosda olib boriladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, «Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi». Biz, ijodkorlar ham bu xayrli ishlardan aslo chetda turmaymiz.

Nusrat RAHMAT,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.