Behbudiyning so‘nggi maqolasi: G‘alla, askarlik, yer va ta’minoti harbiya
Filologiya fanlari doktori, professor Halim Saidov kanalimiz orqali hukmingizga Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, ijodi, faoliyati, ilmiy va dunyoviy qarashlari haqida turkum maqola havola etdi.
Quyida olim tomonidan tayyorlangan Mahmudxo‘ja Behbudiyning 1918 yilning yozida yozgan va gazetada chop etilgan so‘nggi maqolasini o‘qiysiz.
Toshkandda bo‘laturg‘on maorif qurultoyig‘a qo‘shulmoq uchun Samarqand anjumani maorif jamiyati tarafidan bormoqchi edim. 15-nchi iyulda Samarqand musulmon sho‘rosig‘a borib, Toshkantg‘a bormog‘imni bildurib, agarda g‘alla to‘g‘risinda menga biror ish tobshurilsa bir joy(i) keturishimni ifoda etdim. Musulmon sho‘rosi ham g‘allalarning zabti va qo‘lg‘a olinishig‘a muqobil ekan. Shuning uchun avvalo manim fikrimni eshitib, foydali bilib, so‘ngra man bilan Toshkanddaki Niyozuf otig‘a mandat (vakolatnoma) berdilar.
16-nchi iyulda Toshkandga kirdim. Yo‘lda vago‘nda odam ko‘bligi uchun o‘turib bordik. Onda borib Niyozuf bilan birga hozirgi Turkiston hukumatining raisi Tobulin afandi huzurig‘a kirdik. Va ushbu tubandagi mas’alalar to‘g‘risinda so‘ylashduk:
1) g‘alla; 2) askar olish; 3) ta’minoti harbiya; 4) yer va suv masalasi.
Hozirgi hukumat va Turkiston musulmonlarining naf’i nuqtai nazaridan yuqoridagi masalalar xususinda e’tidol va oson yo‘llarni ko‘rsatib, taklif etdim va o‘zimni yigirma yillik muharrirlik va jurnalistik, 25 yil xalq ishiga aralashib va bir necha daf’a sayohat etib dunyo va musulmon, xususan, Turkiston musulmonlarining tirikchiligiga hosil etgan tajribam yuzasindan xulosa va salohiyati Vatan va Turkistonning tinchlig‘i nomig‘a bir xeyli taklifotda bo‘ldum. Turkistonning hozirgi doxiliy va xorijiy dushmanlari ahvolini va xaloyiqning ahvoli ruhiya va e’tiqodiya va maishiyasig‘a bir oz bo‘lsa ham ahamiyat bermak va rioya qilmoq kerakligini bildirdim.
Tobulin afandi bu so‘zlarg‘a ahamiyat bergandek ko‘rundi. Niyozuf bilan Jo‘raboyuf afandilar ham hozir edilar va manim so‘zlarimni tahiyya etdilar. Yuqoridagi mas’alalar to‘g‘risinda takliflarimning xulosasi shu edi:
Birinchi, g‘allani tamoman va o‘zig‘a zaruridan boshqasini hukumat butun o‘z qo‘lig‘a olib, g‘alla olish va sotishni, g‘alla bozorini, hatto, xususiy nonvoyxonalarni man’ qilmoq va bu haqda loyiha tuzmak uchun mamlakat ozuqa komitetlari tarafindin siyezd chaqirilg‘on ekan. Bul to‘g‘rinda manim taklifim shu bo‘ldiki: bozor ochiq bo‘lsun, ammo viloyat va uyezddan g‘alla chiqorilmasun va ombordorlarning g‘alla olishi man’ qilinsun. Taksa (qat’iy baho) aslo bo‘lmasun. Faqat g‘alla ekkan dehqonlar bir botmon ekilgan yerdan to‘rt pud g‘alla taksa yuzasindan bersunlarkim, bu ham avvalo daftar bo‘lub, so‘ngra terilsun.
Ikkinchi: askar masalasidirki, bu har narsadin muhim va muning umumiy bo‘lushi lozim. Ammo musulmonlar hanuz shunga o‘rganmagan va ham doxili fitnachilar qora xalqning fikridan foydalanib, ehtimolki, ba’zi bir fitnalarg‘a sabab bo‘lsalar. Va ham noma’lum va siyosatan fikri bilkulli noto‘g‘ri kishilar qo‘lig‘a yaroq o‘tub, ehtimolki, kutulmagan yomon hodisalar paydo bo‘lsa, shuning uchun taklif qilamanki, "to xalq o‘rganib, biroz ahvol o‘zgarguncha umumiy askar olinmay, ko‘ngilli tariqinda targ‘ib va tashviq bilan ham xalqning ahvolig‘a qarab olinsa edi. Chunki...
Uchinchi, ta’minoti harbiya masalasidirki, bu Turkistonning har yerindan ziyoda Samarqandda hukm surdi va Samarqandning boylari boshqa joylardan oz bo‘lsa ham rus, yahudiy, musulmonlar yolg‘iz Samarqandda sakkiz milliyun qadar ta’minot va uch milliyun qadar ochliq solig‘i berdilar va bu qatorda ba’zi kambag‘al va past holli kishilar ham jabr ko‘rdilar. Muning taqsimi ustinda ba’zi bir odilsiz va insofsiz kishilar turub rishvatxo‘rliklar ham bo‘lib o‘tdi. Xulosa: har holda, Samarqanddin yangidin ta’minoti olinmasa edi. Chunki hozirda ma’ishat siyosiy osoyishtalikni talab etadur. Xalq ham ochliq va qimmatchiliq va shunga o‘xshash og‘irliqlardan horigan va asabiylashgandur. Oqcha kerak bo‘lsa boshqa yo‘llar bilan solig‘ tariqinda to‘planmog‘i mumkindur.
To‘rtinchi, yerning taqsimi masalasidurki, ba’zi bir agarchi kichik dehqonlarniki bo‘lsa-da, taqsim qilinmoqchi va balki taqsim boshlanibdur. Ba’zi bir kichik dehqonlarning g‘allasini ham tamoman zabt qilmoqg‘a qaror qilg‘on joylar ham bor ekan. Holbuki, bul bobda hanuz markaziy Turkiston hukumatidan bir amr yo‘q ekan. Shuning uchun bu ishlarni markaziy hukumatning chiqarg‘on qonunidan so‘ngra qilinsa edi. Mana ushbu ishlar ham hozirgi hukumatning siyosatig‘a zararlikdur. To ta’qiklanib Turkistonning umum xalqi va yeri istatistiq hisobi-la ro‘yxat bo‘lib, qonuniy bir qaror chiqarilg‘uncha kichik dehqonlarning va kichik tegirmon va kichik korxona va ustaxonalarning "notsiyolizatsiya"si (yoinki taqsimi) mavquf qoldurilsa edi. Holbuki, Turkistonda, baxusus,bizning Samarqandda yeri ko‘b kishi nihoyatda oz bo‘lub, yerlar aksariyati ila dehqon va mayda mulkdorlar qo‘lindadur.
Hozirgi hukumatning raisi Tobulin afandi bilan muzokaramiz ikki daf’a bo‘lub, bir soatdin ziyoda cho‘zildi. Tobulin afandi yuqoridagi masalalarning muhimlarini yozib olib, yaxshi va’dalar berdi. G‘alla ishi siyezdda bo‘lur, dedi. Samarqandda askarning ko‘ngilli ravishda olinishig‘a va yangidin ta’minot olinmasligiga va ham yer taqsimini mavquf qolishig‘a fikri birligini so‘yladi. Va bu to‘g‘rida tadbirlar ko‘rarg‘a va’da etdi. Va hozirg‘i taqsimning noto‘g‘riligini so‘yladi. Samarqanddagi doiralarg‘a bul tarzda qog‘oz bermakni ham va’da etdi. Xulosa: so‘zimni yaxshi ongladi va yaxshi qaradi. Man shunday bildimki, ma’qul so‘zni bolshavik hukumati eshitar ekan, ayb o‘zimizdaki, qo‘shulmaymiz va uzuluq yuriymiz.
G‘alla to‘g‘risindaki ishni tamom etmak uchun Niyozuf bilan "Turkiston o‘rtoq qurultoyi"g‘a bordik. Ko‘b muzokara va so‘zlardin ma’lum bo‘ldiki, bir qism a’zolarining fikri shulki: Turkiston butun g‘allalarni egasining va dehqonlarning o‘ziga kifoya qilaturg‘on ovqatindan boshqasini bir yerda jamlab, so‘ngra har kimga muqarraridek bir qadoqdin yakun va oz bermakchi va butun g‘alla bozorini, hatto xususiy nonvoyxonalarni berkitmakchi ekanlarki, bu ishlarni avvaldan "palizatsiya" nomini eshitgandin ma’lum bo‘lib edi. Muning Turkiston axdining ma’ishatiga to‘g‘ri kelmasligi va g‘allalarning yer ostig‘a kirib ketishi, Buxoro va boshqa tarafdin kelmasligi, xulosa: narx nihoyatda ko‘tarilib kambag‘allarg‘a va balki butun xaloyiqg‘a zarar va mashaqqat bo‘lurg‘a muni bir necha daf’a taksa tayinlanganda natijasi ko‘ruldi. Agarda g‘alla olinmoqchi bo‘lunsa, uylar va hovlilar axtarilib, ma’murlar bilan xalq orasinda ba’zi kutilmagan hodisalar chiqib qolsa ajab emasdur.
Xulosa: ko‘b so‘ylaganum so‘ngra bizning taklifimiz biroz o‘zgartirilib, ikki kungi majlisuni so‘ngra shul ravishda qabul qilindi. Chunonchi, bir disatin (ya’ni to‘rt tanob)g‘acha ekin ekkan kishi hech nima bermaydur. Bir disatindin o‘n disating‘acha har disatinasidan to‘rt puddin beradur. O‘n disatindin 50 disating‘acha ekkanlar har disatinasidan sakkiz puddin, yuz disatindin ortuq ekkanlar har bir disatindan 10 puddin berarlar. Va bu oling‘on g‘allalar tekin olinmaydur, balki taksa tayinlanib pul to‘lab olinur. Ushbu taklifim 3ga maqbul, 37 kishining tovush va ikki kishining betarafligi ila qaror berilur. Narxiga kelguncha ixtilof bo‘ldi. Boshqalar 30 so‘mdin 15 so‘mg‘acha taklif etibdurlar va, ehtimolki, har viloyatning taksasi boshqa bo‘lsa va mahalliy sho‘rolarg‘a taksa ishi havola qilinsa. Mana, birodarlar, Toshkandg‘a borib qilg‘on ishimiz shudir. Bu mayda-chuyda g‘allalarni rozilik bilan bersak kerak. O‘shandoq ombordorlarning g‘alla olmokdin o‘zlarini saqlamoqlari kerakdur. Chunki ombordorlarning g‘allasini, ehtimolki, tamoman zabt qilinsa.
Manim yuqoridagi taklifim butun Turkiston uchun qabul qilindi va, o‘z fikrimcha, Turkistonli vatandoshlarimning buni jon va dildin qabul etib tezlik bilan berishlari lozimdur. Agarda umumdan g‘allani olmoq qaror bo‘linsa edi, man xalqning ustig‘a olgurish kulfat va og‘irlikdin nihoyatda qo‘rqar edim. Har kimning uyi oxtorilur edi va balki yomon hodisalarg‘a sabab bo‘lub, moli va joni ko‘b zarar bo‘lishini o‘ylardim. Lekin alhamdulilloh, bu taklif qabul qilindi va Turkiston uchun milliardlarcha zarar va balki bizning andoza fikriyamiz ham tashqari zarar va kulfatlarning yo‘lini bu taklif va qaror bog‘ladi. Agarda umum tarafindan bu taklif va qaror yaxshiliq bilan qabul etilib, kam va ziyodasiz ijro qilinsa, o‘zimni xushbaxt sanar edim.
Muhtaram ulamo, hazrati va ahli fikr bu taklifni ahli xalqg‘a tushunturub tezdan o‘rung‘a keltirmaklikning naf’ini xaloyiqg‘a onglatsalar edi. Shuni ham bilmak kerakkim, bir disatin, ya’ni to‘rt tanobg‘acha ekilgan g‘alladan hech bir narsa olinmaydur. Meva va bedazor, yer olmasi(kartoshka), sabzi va boshqa shularg‘a o‘xshash narsadin olinmay faqat g‘alla, ya’ni don ekilgan yerlardin olinadur. Turkistonning ba’zi yerlarinda bir disatin 4 tanob va ba’zi yerlarda 6 tanob hisoblanadur. Ammo hozirg‘i qoidag‘a disatin hisobi ila, ya’ni bir tanobni 300 sarjin hisoblab olinur. Bir tanob 400 sarjinlik joylar bir yarim tanobg‘a bir pud g‘alla termarlar. Bir disatin 3400 sarjindur.
Fikrimcha, lozimki har daha va qishloq uchun maxsus komissiya saylanub, har kimning necha tanob yerda nima ekkani avvalo ro‘yxati va o‘lka, soliq daftaridek ro‘yxat bo‘lub, uyezd komissoriyaning va bu to‘g‘ridaki alohida bosh komissiyaning mustahkam etishidan so‘ngra g‘allani yig‘ishturub, har bir dehqong‘a maxsus daftarda bosma sinf berilsa edi.
Toki, xiyonat bo‘lmasun. Albatta, bu ish to‘g‘risinda har uyezd va viloyat uchun alohida bosh komissiya tayinlansa lozim. Har vulustning g‘allasi o‘zinda to‘planib kerakincha boshqa joylarg‘a olinur.
Bu hozir bo‘lg‘on Toshkandagi Turkiston o‘lkasi o‘rtoq qurultoyig‘a har uyezd sho‘rolaridin uch nafardin kishi chaqirilg‘on ekan. Sirdaryo va Farg‘onadin bir necha nafar musulmon bor edi. Ammo bizning Kattaqo‘rg‘on, Xo‘jand, Jizzax va Samarqand uyezdindin birgina nafar ham musulmon yo‘q edi. Demakki, hanuz xalqimiz uyquda bo‘lub, o‘z naf’i va zaruri uchun qayg‘urmay, bolta kelguncha kundadek yotadur. Ustig‘a bir yukni qo‘yg‘ondan keyin dod deyurga ul vaqtda ish o‘tgan bo‘lur. Bu yomon odatni tashlamoq kerak. Zamon boshqa zamondur.
Toshkandning barcha rasmiy komissoriyati va hukumat doiralari hozirda qaynaydur. Har birinda Turkiston uchun zokun (qonun) loyihalari tuzulmoqdadur. Bir necha majlisg‘a kaminani taklif etdilar. Ba’zisig‘a boroldim. Musulmon tilini rusiy hukumat tili etmak majlisig‘a va ham Turkiston uchun milliy komissariyatlar qonunining muzokarasi majlisig‘a bir necha daf’a bordim va loyihalari bob-bob o‘qulub bizning taklif va tashihlarimizdin ba’zisi qabul qilindi. Agarda odam bo‘lsa millat naf’ig‘a ishlanaturg‘on ishlar ko‘b ekan.
Turkiston maktab va madrasalari, vaqf va qozixonalar uchun loyihalari tuzulmakdadurki, bizning ahli fikr va donishlarimizning ishtirok etmaklari lozimdur. Musulmon sho‘rolarimizg‘a vojibdurki shunday ishlar uchun odam - delegat talab qiling‘onda salohiyatlik va munosib kishilarni saylab yuborsalar. Hozirgi hukumatga odam kerakdurki, muni ish ustindagilar ham sezibdurlar. Chunonchi, hukumat a’zolarining bir majlisinda Eron va Afg‘oniston davlatlarig‘a kunsul yubormak masalasi qo‘zg‘olib, ba’zi rus va musulmonlar va xizmat uchun mani munosib ko‘rub yubormakchi bo‘lg‘onlar ekanki, man muni eshitib, noxushligim uchun safar mashaqqatini ko‘tara olmasligimni bayon etdim. Zotan, men maktab va madrasalar uchun bo‘laturg‘on qurultoyg‘a borgan edim. Yo‘llarning bog‘lang‘oni uchun qurultoy mavquf qoldi. Bovujud shul bo‘laturg‘onidagi komissiyaga bordim. Madrasalar prug‘rommasini ko‘rub bir oz zichlashtirmoqg‘a taklif etdim. Chunki mutasarruf prug‘romdaki darslarni madrasalarg‘a kirguzmak bilan unday darslarni aytaturg‘on mudarrislar yo‘kdur. Madrasa aslo hatto quyidan boshlanib ketsa kerak. Fanning ibtidoiy ta’limini ko‘rmagan kishiga kirgo‘zub ta’lim bermakdin foyda chiqmaydur.
Oxirinda shuni ma’altaassuf iqror etamanki; siyosiy, ilmiy, maishiy va askariy yo‘llarda zamon bizdin ko‘b ishlar talab etadur va bu ishlar chun zamonimiz masoiddur. Ammo bizda ishlayturg‘on odam nihoyatda oz va bori ham ishlamaydir va yoinki egri ketadur. Bu fursatlar o‘tganlaridek o‘tub ketar. So‘ngra po‘shaymonlikdin boshqa qo‘lda bir narsa qolmas, masalan, hozirda askariy va ilmiy ishlardan qochamizkim, bu — bir bolaning maktabdin qochg‘onining o‘zginasidur.
Mahmudxo‘ja Behbudiy,
Samarqand, “Mehnatkashlar tovushi” gazetasi,
1918 yil, 2 avgust.