Bekorchilikdan korxona rahbarligigacha. Yoxud kasbga yo‘naltirilgan ishsizlarning taqdiri nima bo‘lyapti?
«Institutga hujjat topshirib, kira olmaganimdan keyin bekor qoldim. Daromadim ham, qo‘limda biror hunarim ham yo‘q edi. Shunda dadamning maslahati bilan bandlik idorasiga murojaat qildim. Ular meni kasb-hunarga o‘qitish markaziga o‘qishga yuborishdi. Ochig‘i, undagi IT yo‘nalishini ham kompyuter o‘yinlarini yaxshi ko‘rganim uchun tanlaganman. Biroq o‘qish davomida sohaning ulkan imkoniyatlarini anglab yetdim».
Bu biznes namoyandalariga yaxshi tanish bo‘lgan “Sayqal marketing” agentligi asoschisi O‘tkir Barotovning muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi xotiralari. Hozir uning agentligida 8 nafar IT mutaxassisining bandligi ta’minlangan. 200 nafarga yaqin shogirdi turli tashkilotlarda samarali mehnat qilmoqda. Suhbatdoshimiz yana bir nechta yangi loyihalar ustida ishlayotganligini, yaqin o‘rtada xorijiy investorlar bilan hamkorlikda IT yo‘nalishidagi o‘quv markazi ochishini ham aytib o‘tdi.
Bugungi kunda viloyatimizda band bo‘lmagan aholi uchun 2 ta monomarkaz, 4 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda 122 ta mahallada aholini kasb-hunarga o‘qitish maskani faoliyat yuritmoqda. 2023 yilda ularda 11,3 ming nafar ishsiz fuqaro 37 yo‘nalishda kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitilgan. Biz Samarqand ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitish markazi misolida ayni amaliyotning fuqarolar taqdiridagi ahamiyatini o‘rganishga harakat qildik.
Avvalo, markaz haqida to‘xtalsak. Muassasa Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining «O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish» loyihasi doirasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) ishtirokida tashkil etilgan. Bir yilda ikki navbatda 310 nafar fuqaroni o‘qishga qabul qilish imkoniyatiga ega. Markazda bugungi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish, elektron texnikalarni montaj qilish va sozlash, kompyuter injiniring, kompyuter grafikasi va multimediya tizimlari texnigi singari 6 yo‘nalish bor.
- Markazimizning o‘ziga xos jihati shundaki, o‘quvchilarimiz 6 oy shu yerning o‘zida nazariy va amaliy bilim olsa, yana 2 oy korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi, - deydi markazning marketing bo‘limi boshlig‘i M.Kamolov. - Ya’ni, ular amaliyotni o‘tash davomida tegishli korxonalar bilan mehnat shartnomasini tuzishi yoki bandlik idoralari orqali tuzilgan uch tomonlama shartnoma bilan ishga joylashishi mumkin. O‘qish davomida istiqbolli biznes loyihalarni ishlab chiqqan o‘quvchilarimiz shaxsiy ishini ochishi uchun startap inkubatorimizdan foydalanishi mumkin. Uning rezidentlariga ofis xizmatlari ham ko‘rsatiladi. Va bularning barchasi bepul.
Kompyuter injiniring hamda kompyuter grafikasi va multimediya tizimlari texnigi bo‘limlarini umumlashtirib, IT bo‘limi deyishar ekan. Maqolamiz qahramoni O‘tkir Barotov aynan shu yerda birinchi sabog‘ini olgan. Jami 90 nafar o‘quvchi o‘qiydigan bo‘lim to‘liq zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan. Ta’lim dasturi ham oddiy emas, bugungi sanoat talablarini o‘rganish asosida yaratilgan. Bu o‘quvchi olgan bilimi orqali qanday daromad qilishni ham o‘rganadi, degani.
- Markazimizga kelganlarning barchasida ham kasb o‘rganishga ishtiyoq bo‘lmaydi, - deydi IT bo‘limi rahbari Javlon Hakimov. – Shunchaki sertifikat olgani kelganlar ham bo‘ladi. Biroq bir necha kunlik mashg‘ulotlardan keyin ularning fikri o‘zgaradi. Sababi, biz faqat daromad keltirishga xizmat qiladigan bilimlarni beramiz. Har bir dars o‘quvchilar uchun yangi bir imkoniyat eshigini ochadi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanib, katta natijalarga erishganlarning ko‘pchiligi boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazgan. Masalan, mardikor bo‘lib ishlab, salomatligini yo‘qotgach, o‘qishga kelgan shogirdlarim bo‘lgan. Hozir ular ham IT xizmatlari studiyalarini ochib, yaxshigina daromad qilishyapti.
Avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bugungi kunda talab tobora ortib borayotgan kasblardan biri hisoblanadi. Markazning mazkur yo‘nalishida ham o‘quvchilar soni ko‘p. E’tiborlisi, unda o‘qiydiganlarning ijod qilishi, avtomobilsozlikda yangilik yaratishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Tabiiyki, ustaxona ham ijodiy ishlar bilan to‘la. Avtomobilni boshqarish uchun simulyator deysizmi, gaz qurilmasini o‘rnatish uchun yig‘ma maket, elektromobil, bularning barchasi o‘quvchilarning qo‘li bilan yasalgan.
- Ustaga shogird tushib, mashinaga gaz qurilmasini o‘rnatishni o‘rgangan edim, - deydi urgutlik U.Qulmurodov. - Lekin avtomobillarning tuzilishi, qurilmalarining ishlash prinsipi haqida yetarli bilimga ega bo‘lmay turib, yaxshi usta bo‘lolmasligimni tushundim. Shunda so‘rab-surishtirib, shu maskanni topdim. O‘qish davomida juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. 8 oyda mustaqil usta bo‘lib yetishdim.
Usta o‘qishni 2017 yilda tamomlagan ekan. Hozir u tadbirkor sifatida bir nechta avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini boshqaradi. Shogirdlari bilan faoliyat yo‘nalishini yanada kengaytirish ustida ishlayapti.
Markazda o‘quv dasturlarini takomillashtirish, xususan, ta’lim jarayonini davr talabiga moslashtirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Elektromobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limini tashkil etish rejasi shulardan biri. Viloyatimizda elektromobillar soni oy sayin ortgani holda, ularga xizmat ko‘rsatish ehtiyoji deyarli qondirilmayotganini hisobga olsak, yangi mutaxassislar tez fursatda o‘z joylarini topadi.
- 80 ta korxona bilan hamkorlik shartnomamiz bor, - deydi markazning mashinasozlik va elektronika bo‘limi rahbari R.Xojamatov. – Ayni kunda «O‘zstandart» agentligi litsenziyasini olish harakatidamiz. Agar maqsadimizga erishsak, korxonalarning katta aniqlikni talab qiladigan o‘lchov va boshqa uskunalarini shu yerning o‘zida ta’mirlash mumkin bo‘ladi. Hozir ular uskunalarini poytaxtga olib borishga majbur bo‘lishmoqda. Yangi xizmat turi yangi ish o‘rinlari degani.
Muassasada xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolar uchun ham keng imkoniyatlar bor. Misol uchun, markaz 2023 yilda Janubiy Koreyaning Keimyung kollej universiteti bilan memorandum imzolagan. Ular kelishgan «1+2» loyihasiga ko‘ra, fuqarolarimiz bir yil markazda va 2 yil Koreyada o‘qib, o‘sha yerning o‘zida mehnat faoliyatini davom ettirish imkoniyati bilan kasb o‘rganishi mumkin. Shuningdek, Germaniya tomoni bilan tuzilgan dual ta’lim dasturiga ko‘ra, nemis tilini biladigan fuqarolar Germaniyada o‘qib, ham ishlashi mumkin.
Bular markazda amalga oshirilayotgan ishlarning bir qismi, xolos. Asosiysi, kasb o‘rganish uchun kelgan fuqaroning o‘zida ishtiyoq bo‘lishi kerak. Zero, bu yerga bekorchi sifatida kelgan ko‘plab insonlar bugun o‘zi ish beruvchi bo‘lib, katta jamoalarni boshqarmoqda.
Asqar BAROTOV.