Bektemir Meliqo‘ziyev yana nokaut evaziga g‘alaba qozondi

Professional boksning super o‘rta (-76,2 kg.) vazn toifasida ringga chiqayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev (5-0, 4 KO) o‘zining navbatdagi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri xabar berdi.

Kaliforniyaning Anahaym shahrida o‘tgan boks oqshomida unga Oskar Kortes (27-5, 14 KO) raqiblik qildi. 10 raundga mo‘ljallangan jang birinchi raunddayoq yakuniga yetdi. Avvaliga Bektemirning o‘ng qo‘l zarbasidan raqib yerga qulagan bo‘lsa-da, o‘zida kuch topib, jangni davom ettira oldi. Ammo raund tugashiga 55 soniya qolganida Meliqo‘ziyevning endi chap qo‘lda raqibning jigar qismiga bergan zarbasidan so‘ng Kortes o‘rnidan tura olmadi va hakam nokautni qayd etdi. Shu tariqa Bektemir o‘zining beshinchi jangida ham g‘alaba qozondi.

Eslatib o‘tamiz, Bektemir avvaliga Marko Antonio Peribanga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo Periban jangga bir kun qolganida kerakli vaznga tushish uchun ortiqcha urinib yuborgan va taroziga chiqishdan oldin o‘zini yomon his qilib, shifoxonaga tushib qolgan va raqib tezda o‘zgarishiga to‘g‘ri kelgandi.