Belgiyalik biznesmenlar Oqdaryodagi loyihaga sarmoya kiritdi

Oqdaryo tumanida “EVRO tbm” MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi bu korxonaga 6,8 million AQSh dollari miqdorida xorijiy sarmoya kiritilgan. Hozir bu yerda 40 nafar fuqaro mehnat qilmoqda.

— Bundan to‘rt yil oldin O‘zbekistonga sarmoya kiritish uchun iqtisodiy tadqiqotlar olib borgan edik, - deydi belgiyalik sarmoyador Filip Gossent. – Jahondagi murakkab vaziyatga qaramay O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sish kuzatilayotgani e’tiborimizni tortdi. Toshkent viloyatida elektromobil ishlab chiqaruvchi zavod qurdik. Bu ikkinchi loyihamiz hisoblanadi.

Xalqaro doirada tashkil etilgan tadbirda Belgiya, Fransiya va Birlashgan Arab Amirligidan kelgan sarmoyadorlar, tuman mutasaddilari hamda pudratchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqan viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov, Oqdaryo tumani hokimi Sherzod Qudratov va boshqalar viloyatimiz, xususan, Oqdaryo tumanining investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun berilayotgan imkoniyat va kafolatlar haqida gapirdi. O‘zaro hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbir doirasida “EVRO tbm” korxonasiga O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi Samarqand filiali sifat menejmenti tizimlari sertifikatlashtirish idorasi tomonidan ISO 9001:2015 sifat menejment tizimi sertifikati ham topshirildi.

— Mazkur sertifikat korxonaga xalqaro bozorga chiqish hamda eksportyorga aylanish imkonini beradi, - deydi O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi Samarqand filiali sifat menejmenti tizimlari sertifikatlashtirish idorasi rahbari Farida Shokirova. – O‘tgan vaqtda korxonaning mas’ul xodimlari tashkilotimiz tomonidan tashkil etilgan maxsus o‘quv kurslarida o‘qib, menejment sohasida bilim va tajribalarini oshirishdi. Bu ularning xalqaro iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadami hisoblanadi. Ayni kunda viloyatimizdagi 40 ta qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonaning shunday sifat sertifikatlari bor.