Bemor eriga bir kecha qarab turishga hafsala topmagan ayol
– Yanga, tushunadigan ayolga o‘xshaysiz. Buning hech iloji yo‘q. Bu oqshom o‘zingiz qarab yotasiz.
– Men qaray olmayman bemorga. O‘zim kasalman, qon bosimim oshgan.
– Opajon, bemor sizning eringiz, qolaversa, bir kecha ming kecha emas. Qon bosimi bo‘yicha esa hozir hamshiraga aytaman, bitta ukol qiladi.
Aytganday, sizga alohida karavat kirgizib berishadi. Shu bahonada davolanib ham olasiz.
Ayolning bezovtaligini, norizoligini ko‘rib, hayron qoldim. Tag‘in uyalmay gapiradi:
– Menga qarang, duxtur, iltimos, pul evaziga bo‘lsayam odam toping. Hech ilojim yo‘q.
– O‘z eringizga qaragani-ya?
– To‘g‘risi, gapimiz qochgan, munosabat yaxshi emas.
– Iye, shu ham bahona bo‘ldimi. Qaytam, shu oqshomda yarashib olasizlar. "Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi", deb bejiz aytishmaydi.
– Duxtur, meni qiynamang. Mana buni olib, bir ilojini qiling, iltimos.
U shunday dedi va sumkachasidan bir dasta pul oldi-yu, stolimga tashlab, xonadan chiqib ketdi.
To‘g‘risi, bu faoliyatimdagi eng noxush voqea edi. O‘shandan buyon bunday voqeaning takrorlanishidan hadiksirab turaman…
Murodim UMRZOQOV.