Bemorlarga soxta dorilar tarqatilgan: “Guangzhou” klinikasi mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi

Turli media vositalari orqali eng ko‘p reklama qilingan, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgan “Guangzhou medical of China” klinikasi rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlab ijtimoiy tarmoqlarda mazkur klinika tomonidan bemorlarni aldab, ularga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan arzon dorilarni qaytadan qadoqlab, 2-3 million so‘mga pullab kelayotgani haqidagi videolavhalar tarqaldi. 

Tarqalgan xabarlarda bemorlarga klinika xodimlari O‘zbekistondagi dorilarni asl qadog‘idan ajratib, boshqa paketlarga solib pullayotgani ko‘rish mumkin.

“Undan ko‘rsatib, bundan ko‘rsatib dorini oladi, qo‘shadi-da. Bu yer hojatxona. Shu yerda suvga dorilarni qaynatib, sizga quyib beryapti. Toshkent shahrida, viloyatlarda odamlarning mazasi qochishni boshladi, shuning uchun tekshiruv o‘tkazdik. O‘zimizning 10-50 ming so‘mlik dorilarni 2 millionga sotib olyapsiz”,deya ma’lum qilgan klinikani tekshirishga kelgan shaxslardan biri.

Tarqalgan lavhalardan klinikada O‘zbekistonda yetishtirilayotgan jiyda, archa ildizi kabi mahsulotlar ham bemorlarga qimmat narxda sotilgan bo‘lishi mumkin.

Klinikaning xitoylik vakili dorilarning hammasi ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaganini, Xitoydan olib kelinganlari ham borligini aytgan. U o‘zining ishchi xodim ekani va bu voqealardan xabari yo‘qligini bildirgan.

Hozir holat Toshkent shahar IIBB nazoratiga olingan. IIBBga ko‘ra, “Guangzhou medical of China” MChJ mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 2-qismi “b” bandi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari bilan bog‘liq faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jinoyat ishi doirasida mazkur klinikaning Toshkent shahridagi va boshqa viloyatlardagi filiallarida tekshiruv o‘tkazilgan. Hozirda Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyilgan IIBB xabarida.