Benzin narxi nega oshdi? Energetika vazirligi bu holatga izoh berdi
Kecha, ijtimoiy tarmoqlarda AI-91 benzin narxi oshgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Energetika vazirligi matbuot xizmati benzin narxi oshishiga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Prezident va Hukumatning tegishli qarorlari bilan avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan va ushbu mahsulotlarni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilangan.
Natijada sog‘lom raqobat muhiti shakllandi va iste’molchilarga maqbul narxlarda sifatli mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Jahonda neftning kotirovkasi 15-20 foizga oshishiga qaramasdan “O‘zbekneftgaz” AJ AI-80 avtobenzinning narxini mahsulotni ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilish hisobiga bir maromda ushlab turilmoqda.
Ta’kidlanishicha, AI-91, AI-92, AI-95 markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xom ashyosidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinadi. Shu bois ushbu markali avtobenzinlarning narxi bozor iqtisodiyoti tamoyillari hamda jahon kotirovkalariga bog‘langan holda erkin shakllantiriladi.