Besh kunlik dam: siz uni qanday o‘tkazmoqchisiz?

Bundan unumli foydalanish maqsadida sayohat qilmoqchi bo‘lgan kishilar ham ko‘p. Xo‘sh, fuqarolarimizga yurtimiz bo‘ylab sayohatni tashkil etishda qanday imtiyozlar yaratilyapti?

"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi hamda "O‘zbe-   kiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati Navro‘zdagi besh kunlik dam olishda barcha ichki reyslarga chegirmalar joriy qildi. Ya’ni, 18, 19, 20, 21 va 22 mart kunlari "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining mahalliy reyslariga quyidagi chegirmalar mavjud:
30 foiz – yakka tartibdagi yo‘lovchilar uchun;
40 foiz – sayyohlik guruhlari (5 va undan ortiq kishi. Faqat yuridik shaxslar uchun), maktab, litsey va kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun;
50 foiz – oilalar uchun (2 yoshdan 12 yoshgacha farzandlari bo‘lgan ota-onalar).
Viloyatimizdan Buxoro va Xorazmga samolyot qatnovi mavjud bo‘lmaganligi uchun faqatgina Toshkent shahri bo‘yicha ma’lumotlarni oldik. Samarqand – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanadigan samolyot chiptasi oilalilar uchun 40 foizlik chegirma bo‘yicha belgilangan. Samolyot 50 daqiqada Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi. Haftaning dushanba, chorshanba kunlari qatnov yo‘lga qo‘yilmagan, boshqa kunlari kunduzi, yakshanba kuni kechqurun reyslar mavjud.

"O‘zbekiston temiryo‘llari" aksiyadorlik jamiyati xuddi shu kunlarga mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi poyezdlarga (shu jumladan, yuqori tezlikda harakatlanayotgan "Afrosiyob" poyezdlariga) oilaviy, jamoa, talabalar, o‘quvchilar hamda nafaqadagilar uchun yo‘l chiptasining tarif qismidan 50 foizli chegirmalar joriy qildi. 
Toshkent – Samarqand yo‘nalishida harakatlanadigan "Afrosiyob" tezyurar poyezdi chiptasi 38 ming 500 so‘m, "Sharq" poyezdi 29 ming 800 so‘m. Samarqand-Buxoro "Afrosiyob" tezyurar poyezdi 24 ming 500 so‘m, "Sharq" poyezdi 25 ming 700 so‘m, Samarqand-Urganch yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan "Sharq" poyezdi chiptasi (plats. kart) 54 ming 589 so‘mni tashkil etadi.
– Aholining dam olishini samarali tashkil etish maqsadida mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanuvchi poyezd chiptalariga 50 foiz chegirmalar kiritganmiz, – deydi Samarqand vokzali katta chipta sotuvchisi Jasur Rahmonov. – Yurtdoshlarimiz tomonidan chiptalar xarid qilinyapti. Agar chiptalarga talab oshsa, qo‘shimcha poyezd qatnovi amalga  oshiriladi. 

Biz sayyohlik tashkilotlari bilan ham bog‘lanib, yurtdoshlarimizning sayohatlari uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar bilan qiziqdik.
– Kompaniyamiz tomonidan Samarqand shahri bo‘ylab bir kunlik sayohat dasturi tashkil etilgan, – deydi "Dinara Tur Servis" turistik kompaniyasi rahbari Feruz Zohidov. – Ushbu turda sayohatchilar Registon maydoni, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda va Imom Buxoriy majmuasini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Turistik sayohatimiz tarkibiga transport va gid xizmati kiritilgan. Shuningdek, Samarqanddan Buxoroga, Xorazm viloyatiga va Toshkent shahriga ham shunday sayohatimiz mavjud. 

Nasiba JONTO‘RAYeVA.