“Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalariga start berildi

Mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning joriy yilgi birinchi mavsumi boshlandi.

Bu yilgi olimpiadada mahalla yoshlari 14-30 yosh toifasida sportning 14 ta - stritbol, vorkaut, shaxmat, shashka, yengil atletika, futbol, mini-futbol, stol tennisi, armrestling, gimnastrada, voleybol, kurash va gandbol hamda adaptiv sport tulari bo‘yicha 5 bosqichdan iborat sport musobaqalarida bellashadi.

Viloyat sport boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar viloyatda olimpiadada ishtirok etish uchun “5 tashabbus.uz” platformasidan 323 ming nafardan ziyod yoshlar ro‘yxatdan o‘tgan.

Joriy yilning 11-13 mart kunlari olimpiada doirasida shashka bo‘yicha dastlabki bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

14-15 mart kunlari sportning vorkaut hamda 17-19 mart kunlari shaxmat bo‘yicha birinchi bosqich (ko‘chalararo mahalla bosqichi) o‘tkaziladi. Shuningdek, gandbol bo‘yicha musobaqalar ikkinchi, ya’ni mahallalararo sektor bosqichidan boshlanib, 24-26 mart kunlari tashkil etiladi.