“Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumida nimalar o‘zgaradi?
Viloyatda ommaviy sportni rivojlantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, sport-ta’lim muassasalari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida OAV vakillari va blogerlar ana shu savollarga javob oldi.
- O‘tgan davr mobaynida 420 dan ortiq mahalliy, respublika va xalqaro sport tadbirlari o‘tkazildi, - dedi R.Qobilov. – Musobaqalarda viloyatimiz sportchilari 563 ta oltin, 585 ta kumush, 890 ta bronza, medallarini qo‘lga kiritdi. Shundan to‘rtta xalqaro musobaqa Samarqandda o‘tkazilgan bo‘lib, joriy yilning 15-17 sentyabr kunlari triatlon bo‘yicha “Shallyengye Samarkand” xalqaro musobaqasi va O‘zbekiston chempionatiga shahrimiz yana bir marta mezbonlik qilishi kutilmoqda.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning birinchi mavsumida sport, madaniyat, san’at, kitobxonlik, axborot texnologiyalari va kasblar tanlovi bo‘yicha 19 yo‘nalishda 393 ming 134 nafar samarqandlik yoshlar musobaqalarning mahalla, sektor, tuman (shahar), viloyat hamda respublika bosqichlarida bellashib, umumjamoa hisobida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Quvonarlisi, mazkur sport musobaqalarining respublika final bosqichida viloyatimiz yoshlari 16 ta oltin, 9 ta kumush, 12 ta bronza medallari)ni qo‘lga kiritdi va 782 nafar iqtidorli yoshlar saralanib, sport maktablariga qabul qilindi.
Matbuot anjumanida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik va o‘zgarishlar, sportchilarga yaratilayotgan sharoit haqida ham ma’lumot berildi.
- Olimpiadaning ikkkinchi mavsumi sentyabr-noyabr oylarida o‘tkazilshi rejalashtirilgan bo‘lib, 10 avgustdan 15 avgustgacha ishtirokchilar “my.sport.uz” yoki “beshtashabbus.uz” platformalari orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi, - deydi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev. – Hozirda musobaqalar o‘tadigan joylarni belgilash, sport inshootlarini tayyorlash, hakamlarni biriktirish, bahslarni belgilangan vaqtda nizom asosida o‘tkazilishini nazorat qilish hamda g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash choralari ko‘rilmoqda.
Musobaqaning yangi nizomiga ko‘ra, ushbu mavsumda maktab o‘quvchilari yetti yo‘nalishda, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari besh yo‘nalishda, oliy ta’lim muassasalari talabalari to‘rt yo‘nalishda, mahalla yoshlari olti yo‘nalishda ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida belgilangan yosh toifasida ishtirok etadi.
Musobaqalarga 7-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 400 ming nafardan ortig‘ini qamrab olish, respublika (final) bosqichida 50 dan ortiq o‘rinni qo‘lga kiritishi rejalashtirilgan.
Tadbir so‘ngida yoshlar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini o‘tkazish va yoritishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan jurnalist va blogerlar taqdirlandi.
F.RO‘ZIBOYeV.