Besh yil o‘qishga kirolmagan Laziz duxtirning quvonchi

Urgutning Qo‘rg‘oncha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi shifokor Laziz Xo‘jmatovlar xonadonidagi sevinchga butun qishloq ahli sherik bo‘ldi. Shu yil litseyni bitirgan o‘g‘li Shohboz Samarqand davlat tibbiyot institutiga hujjat topshirib, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi va talaba bo‘ldi.

– O‘g‘lim yetkazgan xushxabarni eshitib, ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi, – deydi Laziz Xo‘jmatov. – Ochig‘i, ishonishimni ham, ishonmasligimni ham bilmay qoldim. Chunki o‘zim bu yo‘ldan o‘tganim, bir azobda o‘qishga kirganim yodimga tushgandi. Yoshligimdan tibbiyot xodimi bo‘lishni orzu qilgandim. Bunga shifokor Obid akam sababchi bo‘lgandi. Shu bois Samarqand davlat tibbiyot institutiga ilk bor hujjat topshirdim. Puxta tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsam-da, sinovdan o‘tolmadim. Yana ham yaxshiroq o‘qishim kerak dedim-da, ikkinchi yil yana shu dargohga keldim. Yana "yiqildim". Keyin uchinchi marta hujjat topshirdim. Beshinchi yili meni eshik "og‘alari"yu, hujjat olayotganlar, ayrim kazo-kazo domlalar ham tanib qolishgandi. "Yanami?" derdi ayrimlari kulib. Nihoyat beshinchi urinishda talabalik nasib etdi. Hozir qishloq vrachlik punktida ishlayapman. Xudoga shukr, bu yil haqiqiy bilimga tayangan abiturentlar talaba bo‘ldi.

– Bir yil o‘qishga kirolmay, harbiy xizmatda bo‘lib qaytdim, – deydi shu qishloqdan Elmurod Tugalov. – Bu yil Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga hujjat topshirib, talaba bo‘ldim. Test sinovlari oldingi yillarga nisbatan haqqoniy va adolatli bo‘ldi.

Qishloqda yana bir kishining oliy o‘quv yurtiga kirganligini aytishdi.

Bunday shirin tuyg‘ular bugungi o‘nlab, yuzlab, minglab xonadonlarda zohir bo‘lmoqda.

– Hali bunaqasi bo‘lmagan edi, – deydi quruvchi Adham Tog‘osharov. – Yon-atrofimizdagi qishloqlardan o‘n-o‘n besh yillab birorta yosh oliy o‘quv yurtiga kirganini eshitmaganman. Buning uchun maktabni ayblar edik. Shu bois orada uzoq yillar turli sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezildi. Masalan, qurilish tashkilotlariga deyarli yaxshi mutaxassislar kelmadi hisob. Bunga bilimga, o‘qishga ishtiyoqi bor bo‘lgan yoshlarning chetda qolib ketayotganligi sabab bo‘ldi, deb bilaman. Bu yilgi qabul ko‘p narsalarni oydinlashtirdi. Haqiqat qaror topdi.

Bu gaplarda qanchalik asos va haqiqat yotganini bundan o‘n-yigirma yillar oldin farzandi kamolini o‘ylab, institutma-institut, domlama-domla yugurib yurganlar yaxshi bilishadi. O‘qishga kirish tizimini jilovlab, tizginini qo‘liga olgan o‘quv yurtlarining ayrim rahbarlari qing‘ir ishlari bilan qanchadan-qancha odamlarni qon qaqshatgani, bilimi sayoz bolalarga "rahnamolik" qilib (albatta, tekinga emas) kadrlar siyosatiga putur yetkazganini hamma yaxshi biladi. Afsuski, xuddi shunday amaliyotdan voz kecholmayotgan salbiy holatlar bu yilgi test sinovlarida ham bo‘y ko‘rsatgani ajablanarli bo‘lmoqda. Ayrim oliygohlarning tuppa-tuzuk rahbarlari, institutga mutlaqo aloqasi yo‘q kimsalarning paytavasiga qurt tushib, test sinovlari o‘tayotgan pallada u yoqdan bu yoqqa izg‘ib qolishlari sarobga aylandi.

Bor bo‘lsin, adolat!

Adham HAYITOV.