Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Beshikda bolalarim yig‘lab qolardi, men esa maktabga yig‘lab chopardim... sizlarga dars berish uchun!»

Kafka haqida yozmoqchi edim... Uning kitoblari, umuman, badiiy asarlarning «foyda»si xususida menda mudom mubohis do‘stlarimga va ular orqali butun bugundoshlarimga qarata otashin nutq irod etmoqchiydim – gazeta sahifalarida. Yangi son rejasiga ham yarim istehzo ila kiritgandim, hatto: “...Badiiy asarlarning «foyda»si haqida”.

Lekin, qachondir... qachondir o‘qish-yozishni o‘rgatganni biror da’fa eslamasdan, hadeb o‘qiganlaring borasida yozaverish... istihola qalqitarkan ichingdan. Ayniqsa, eslatgulik nimalardir bo‘lib o‘tsa, shu orada...

***

...Hammasi sinfdoshlarning «o‘n besh yillik»ka o‘tirish maslahatidan boshlandi. Maktabni bitirganimizga o‘n besh yil bo‘lganini nishonlashning «telegramoshi»dan, ya’ni, qachon, qayerda, qanchadan, kim-kim..? Qizlarimiz (to‘rttagacha bola tug‘ib, onalarga aylanishgan, allaqachon) emiziklilarini uxlatib bo‘lsayam qatnashishga, yigitlarimiz (qorin qo‘yib, sochlari to‘kila boshlagan «amaki»lar endi bari) bir amallab boshliqlari-yu xotinlarini ko‘ndirishga jiddu jahd qilishardi.

Ittifoqo, ustozlarniyam chaqiradigan bo‘lishdi: birinchi muallimamizni va beshinchi sinfdan o‘ninchi sinfgacha o‘qitgan sinf rahbarimizni. Kimda qaysining telefon raqami bo‘lsa, xabarini beraverishga kelishildi. Menda har ikkisiniyam raqamlari bo‘lsa-da, uyi uyimizdan ikki ko‘chagina naridagi birinchi muallimamga bong urib, daraklagim keldi. O‘tgan galgi o‘tirishga chaqirib, to‘g‘ri uyiga borganimni esladim: yozning qoq o‘rtasi, choshgoh paytlari, «Mojor» mahallasining ensizgina «Adolat» ko‘chasidagi pastak-pastak uylarga alanglab, bolalik xotirotimda qolib ketgan o‘sha darvozani axtarardim. Chug‘urlashib o‘ynab yurgan bolakaylardan so‘radim, noiloj. Bijildoq bir qizaloq ayri chiqib choparkan, birgina savolini o‘smoqchilab takrorlardi tinimsiz:

– ...Kimi bo‘lasiz momomning, a, kimi bo‘lasiz o‘zi?

Unga iyargancha jimgina borarkanman, kim deya atashni o‘ylardim.

– Qarindoshimisiz? – aniqlashtirishga urinardi bijildoq hadeb.

– Undanam yaqinroq!, – deyman o‘zim uchun ham aniqlashtirib olayotgandek, xuddi. – Otangday ulug‘, deyishadi-ku...

– Ilgari biror ishingiz tushibmidi? – qo‘ymasdi qizaloq.

– Ha, katta ishim tushgan, – dedim nihoyat topgandek, – otimni yozishni o‘rgatgan!..

– Eee! Momaaa, o‘quvchingiz keldiii!..

Yo‘lusti ro‘molini to‘g‘rilagancha, shoshib-pishib chiqqan muallimamga qaradimu, aksincha, yillar qarshisida o‘zimni qarib qolgandek tuydim. O‘sha o‘ktam ovoz, o‘sha chuqur nigohlar... Uzoq gurunglashdik, tik oyoqda. Hali tetik, ko‘z tegmasin. Germaniyada yashaydigan jurnalist qizining sharofatidan dunyo kezib yuribdi ekan. Beshta davlatga boribdi...

- ...Insholarni yaxshi yozarding maktabda, - deya xotirlab qoldi.

- O‘sha insholar meni tinch qo‘ymadi-da, domilla, - javoblayman xo‘rsinib («...haliyam bir nimalar yozaman, o‘zimcha. Ammo endi buning hech kimga qizig‘i yo‘q!»).

Emishki, chap qo‘lda yozganman, avvalboshda. Shu muallimam chap qo‘limni partaga bog‘lab qo‘yib, «o‘ngdast» qilgan ekan meni. Chap ko‘zimniyam bog‘lab qo‘yishi kerak ekan, o‘shanda – hayotni ko‘proq «o‘ng ko‘zda» ko‘rishni ham o‘rganarmidim?..

Alqissa, o‘sha kuni yig‘ilishimizga bora olmasligini aytgan muallimam keyingi safargisiga albatta borajagini aytgan ko‘yi kuzatib qolgandi. Ketaroldi telefonimda suratga tushdik. Poyida haligi bijildoq nevarachasi, momosidan qadam ham narilamasdi. Unga ishoratan judayam sersavol ekanligini aytganimda:

– Shaharlikda, – dedi kulib muallimam. – Enasi o‘rgatib tashlagan, kvartiraga kim kelsayam, oldin obdan so‘rab-surishtirib, keyin eshikni och, deb...

Mana, yana yig‘iladigan bo‘ldik. Va bu gal bo‘lakcha umidlarda tanish raqamni qidira boshladim. Kuttirmasdan javob berdi, doimgiday (muallim zoti shu – kuttirmaydi, kutadi: boshda bolajonlarining darsga kelishini, keyin yozuvtaxta qarshisida javob berishini, so‘ng navbatdagi darsni, so‘ng barchasining hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketganligi haqidagi xushxabarlarni, so‘ng... loaqal bayramlarda yo‘qlashlarini...). Toshkentda – o‘ziga izdosh o‘laroq o‘qituvchilikni tanlagan qizinikida mehmondaligini aytdi. «Nilufar domilla...» Bir zamonlar, yettinchi sinflarda bizga ham saboq o‘tgandi shu qizi. Tarix-huquq fanlaridan kirardi. Go‘zallik dunyoni qanchalar qutqara oladi, bilmadim, biroq bu o‘qituvchining husniga mahliyo bo‘lib, qirq besh daqiqa o‘zimizni qutqarilgan his etardik – haqoratlardan, mazaxlardan, kamsitishlardan... Ha, Nilufar ustozimiz bizning dag‘al, g‘adir-budur, qora-qura, beo‘xshov kechayotgan maktabdagi kunlarimizda, ismiga monand, botqoqda ochilgan gul kabi barq urib turardi. Nigohlariga termulgancha qanday tanaffus bo‘lganini bilmay ham qolardik... Taassufki, uning go‘zalligi bizni nogo‘zalliklardan xalos etgan esa-da, o‘zini qutqara olmadi. Maktabdagi maslakdoshlariaro mayda gaplar, malomat tarqadi. Kap-katta, so‘loqmonday «erkak»lar ham kirvolib, uning g‘iybatini changitib o‘tirardi... Ketdi maktabdan, axiyri. Ketib qutuldi... Hozir tibbiy sohada ishlayotganini eshitganimda, u qadar hayron bo‘lmadim, shuning uchun.

«Ertaga o‘tirish», deyilgan kunda, nihoyati tayin bo‘lgan vaqtu joyidan boxabar etgali sim qoqdim, muallimamizga:

– ...Ertalab o‘nlarda o‘qigan maktabimizda yig‘ilamiz birinchi, u yoqdan chiqib, kafega ketarkanmiz!..

– Men to‘g‘ri restoranga o‘taman unda, – deb qoldi xiyol o‘ylanib qolgan muallimamiz. – O‘zlaring maktabdan chiqib boraverasizlarda...

– Iye... Ni... nimaga endi?! – tilim tutildi, bir muddat. – Tinchlikmi?..

– Ha-eyy... Ko‘nglimni qattiq qoldirishganda!.., – ichki og‘rig‘i ovoziga ko‘chdi. – Sizlarda-ku ayb yo‘q, albatta. Beg‘ubor bola edinglar, u paytlar...

Harsang yanglig‘ cho‘kib yotgan hasratidan so‘z ochdi, shu tariqa. Tinglaganim sari miyam misday qizir, ichim esa muzlab borardi. Biroq baribir... maktabga borishini juda-juda istardim, negadir.

– Domilla.., – dedim bir necha nafasga jimiganida. – Hozir sizni eshitib turib, bir nima esimga tushdi: uchinchimi-to‘rtinchi sinf mahalim qizamiq toshgandi menga. Ichkaridan bosib chiqib, butun tanani egallaydigan dardakan bu bir. Uydanam chiqolmay, «xrr-xr» yotgan kunlarimning birida meni ko‘rgani darsdan chiqib, ikkita sinfdoshim keluvdi. Qo‘llarida «kukruz», bodiroq... Bildimki, siz jo‘natibsiz ularni. Har ikkovi bilanam urishgandim. Shu kundan beri bugungacha oramiz mustahkam, lekin... Demoqchiman, o‘shanda siz, o‘zingizam bilmagan holda, bizni yarashtirib qo‘ygandingiz. Keling, bugun biz sizni maktab bilan yarashtiraylik endi, nima deysiz?.. Yoki bizni sog‘inmadingizmi?!..

Muallimamiz yaxshigina sog‘inganakan bizni, maktabga ham, bazmgohga ham birday boribdi, chaqchaqlashibdi, xush-xandon o‘tiribdi... Ana, hamsaboqlar telegramdagi guruhimizga paydar-pay joylashyapti: rasmlar, videolar... Barcha-barchasini ko‘rib, kuzatib o‘tiribman, xonada yolg‘iz. Noutbukim ekraniga muk tushganman: tahrir, tahrir... Gazetani yopishimiz shart! Yo‘qsa shu songa e’lon berganlar tahririyatimizga hujum qilguday vajohatda... «Ovozsiz rejim»dagi telefonim deraza raxini zirillatib, govzombirday guvillaydi. Borib gaplashishga vaqt ham, bet ham topolmay, qarab qo‘yaman:

«Abbos» ismi balqardi ekranda. Harbiyimiz. Chirchiqdagi Oliy tankchilar maktabini tugatgan. Surxondaryoda ishlab-yashaydi. Birgina lyuk – qopqog‘ining o‘zi ellik kilo tosh bosadigan tankni boshqarish uchun yaralgandek, gavdasi qoruvli azaldan. «V» sinfdagi Yulduzni sevardi. Va shunga uylandiyam. O‘ziga o‘xshagan po‘mpaloq qizaloqlari bor hozir.

«Jasur» ismi qalqadi, ko‘p o‘tmay. Kompyuter bo‘yicha mutaxassis. Toshkent axborot-texnologiyalar universitetida o‘qigan. Naqd yettinchi yil deganda kirgandi o‘qishga, o‘ziyam. Sevgan qizi poytaxtdagi dongdor joyda o‘qirdi-da. Shundan qolishmay, deb... Ikkovlari saodatmand oilalardan bugun. Fanlar akademiyasida ishlaydi. Qovoqmiya doktorantlarni miriqib kalaka qilib o‘tiradi, aytishicha. Uch qizaloqning otasi.

«Bunyod» ismini ko‘raman, sal turib. «Bankir»imiz. Moliya institutini tamomlagan. Navoiy shahridagi nufuzli banklardan birining xodimi endilikda. Yetmish o‘lchab, bir kesadigan, o‘ta mulohazali, kamgap, vazmin jo‘ralardan. G‘o‘ddaygan emas, ammo. Hazil-hangomaniyam o‘rinlatadi. O‘g‘li bor – Xojiakbar.

«Anvar» ismi guvillatadi endi. Bolalik qadrdonim. Hali maktabga bormayoq besh yasharligimizda tanishganmiz. Uylarimiz o‘rtasida uchtagina uy bor. Shu uchinchi uydan u yoqqa o‘tmasdan o‘ynashim mumkinligini uqtirishgandi menga, uydagilarim. Bir kuni men bu «chegara»ni buzib, to‘rtinchi uy ro‘parasiga bordim. Ulkan truba-ko‘prik ustida o‘zim tenggi, sap-sariq bir bola pushtirang «garmoshka» chalib o‘tirardi. Menda ko‘k ranglisidan boridi. O‘zaro almashib, rosa chalgandik... Uyam TATUni tugatgan. Hozirda butun boshli viloyatning kuzatuv kameralari bo‘yicha boshliq. Qizi Afruza hech ortidan qolmaydi.

«Akbar»... Do‘sti qiyomatim qo‘ng‘iroq qilyapdi, ana! Maktabni bitiriboq sof bilimi bilan o‘qishga kirgandi – Toshkent davlat texnika universitetiga. Halimgina ko‘rinsa-da, jahli chatoq. Asabiga tekkanga tikka tashlanib, otasidan yemaganini yedirib qo‘yadi. Qizlar u bilan gaplashish uchun, alamzada yigitlar esa mushtlashish uchun payt poylardi maktabdaligimizda. Bugun o‘z kasbining ustasi – mohir marksheyder. Taxiometrini ko‘tarib, hali Zarafshon cho‘llarida, hali Angren tog‘larida kezgani-kezgan. Musofir yillarim uyda yo‘qligimni bildirmadi: tong qorong‘isida dadam bilan molbozorga mol haydab borishgan ham, ayyomlarda nomimdan sovg‘alar ko‘tarib borib, ayamni qutlagan ham, remont-pemont ishlariga qarashgan ham... u bo‘ldi, faqat. O‘g‘il bo‘lib, men bu qadar mehribonlik ko‘rsatmadim, halicha. Alloh rozi bo‘lsin sendan, do‘st, Akrom bilan Asalning kamolini ko‘r, ilohim!..

...Navbatdagi qo‘ng‘iroqni javobsiz qoldirishga yuzim yupqalik qildi. Javob berdim telefonga.

– Meni borishga ko‘ndirib, o‘zing bormading-ku, nima bo‘ldi, sog‘liging yaxshimi?! – ovoz emas, samimiy mehr quyilardi qulog‘imga. – Nechtasi tilpon qildi senga kun bo‘yi, javob bermading?.. Xavotir oldim, kasal-pasal bo‘p qoldima bu, deb?.. Ishing chiqib qoldi?.. Haa, sog‘-omonakansan, bo‘ldi!.. E, zo‘r o‘tdi!.. Hamma keldi, hisob... Soatovani tanishim qiyin bo‘ldi. O‘zgarib ketibdi... Yana bir-ikkitasini zo‘rg‘a tanidim... Mazza qip o‘tirdik. Oxiri, charchab qoldim. Ukol olyapmanda, shunga... Jumanov opkeb qo‘ydi, moshinida, baraka topsin!.. Sen haqingdayam ko‘p yaxshi gaplar eshitdim... Eshniyazova gapirdi, Qurbonov gapirdi... «Chestniy ishlaydi u!», deyishdi... Meni tarbiyamni olganda, dedim!.. Hammalaring bilan faxrlanaman!.. E-eng yaxshi ko‘rgan bitiruvchilarimsizlar!.. Beshikda bolalarim yig‘lab qolardi, men esa maktabga yig‘lab chopardim – sizlarga dars berish uchun!..

Muallimam gapirarkan, men, yosharib borayotgandek sezardim o‘zimni. Darsga bormaganimdan tashvishlanib, hol so‘rardi, go‘yoki. Ertan kun yorishadi-yu men yana maktabga yuguraman, go‘yoki. Ortimdan ayam halloslaydi: bir qo‘lida ichishni unutib qoldirganim shirinchoy, bir qo‘lida bosh kiyimim...

***

...Shunday gaplar, ishqilib. «Buning nimasi esse?!», dersan. Ko‘lamni kengroq olishga urindim, shunchaki. Qahramonim to‘g‘risidagi ma’lumotdan ko‘ra taassurotni muhimroq sanaymanu... O‘zim haqimda ko‘proq yozdim. Ehtimol. «Esseda kimni tasvirlama, aslan o‘zingni tasvirlayotgan bo‘lasan», demabmidi farangi Monten?.. Ha, o‘sha, esse janrining «otasi» – Mishel Monten!.. Bo‘pti-bo‘pti, sen haqingda yozayotganimda, hushyorroq bo‘laman. Kelishdikmi?!.. Endi meni xoli qoldirsang. Biroz tin olib, yig‘inishim zarur. So‘zga to‘lishim kerak: xalqchil, oddiy, amaldagi so‘zlarga. Illo, yana arxaik so‘zlarni sovurishga tushaman. Dobusqal’ada sochilib yotgan sopol parchalariday «keraksiz va beqadr» so‘zlarni... Ungacha ruhing mendan ranjib, chirqiramaydi, degan umiddaman, do‘stim Kafka.

Sherbek Boboqulov.