Bilimsiz va layoqatsiz bola bo‘lmaydi
Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik jarayonlarida bu o‘z isbotini topmoqda.
Paxtachi tumanida PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 27-29 fevral kunlari Abdulla Avloniy nomidagi XTTRMXQTMO institutida xalq ta’limi tizimi xodimlarini PISA tadqiqotlariga tayyorlash maqsadida “Ta’lim sifatini baholash PISA tadqiqot dasturi bo‘yicha xalqaro tajribalar” mavzusida uch kunlik seminar-trening tashkil etilgan edi. Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat koordenatori G‘ayrat Boboxolov hamda tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarining 16 nafar metodisti ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu boradagi malaka va tajribalarini oshirib qaytdi. Endilikda ushbu tajribalarni viloyat umumta’lim muassasalarida keng ommalashtirish, nafaqat xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha viloyatdagi 44 ta tayanch maktab, balki barcha umumta’lim maktablari o‘qituvchilariga yetkazish muhim vazifalardan etib belgilandi.
Ana shu maqsadda Paxtachi tumanidagi 6-, 7-, 9-, 12-, 13-, 14-, 17- va 18-umumta’lim maktablarida xalqaro baholash dasturlarini keng tatbiq etishga bag‘ishlangan seminar va ochiq darslar tashkil etildi. O‘quvchilarda o‘qish, matematik va tabiiy fanlar savodxonligini oshirish, fanlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari, kompetensiyalarini shakllantirishga qaratilgan ochiq darslarda poytaxtda malaka oshirib qaytgan metodistlar, tayanch maktablarning fan o‘qituvchilari va direktorlari hamda xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining o‘rinbosarlari kuzatuv olib borishdi. Ochiq darslar davomida ular o‘qituvchining xalqaro baholash dasturlariga muvofiq o‘quvchiga bilim berish salohiyati, o‘quvchilarning olgan nazariy bilimlarini hayotda qo‘llay bilish ko‘nikmasi, mantiqiy fikrlash va tushunish darajasiga e’tibor qaratib, dars yakunida muhokama qilishdi. Darsning an’anaviy yoki noan’anaviy tarzda o‘tgani, PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga nechog‘lik mosligini tahlil etishdi.
Xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha viloyat koordenatori G‘.Boboxolov 13-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga olayotgan bilimlarini hayotda qo‘llay bilish, mantiqiy fikrlab, to‘g‘ri xulosaga ega bo‘lish bo‘yicha dars mashg‘ulotini o‘tkazdi.
Tumandagi 17-umumta’lim maktabida 3- va 4-sinflarda o‘qish, 7- va 8-sinflarda geometriya, adabiyot fanlaridan mahoratli o‘qituvchilar tomonidan ochiq darslar tashkil etildi. Kattaqo‘rg‘on shahri va Toyloq tumani xalq ta’limi xodimlari dasrlarni kuzatib, tahlil etishdi va erishilgan natijalarni muhokama qilishdi.
— Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish, baholash dasturlarini faoliyatimizga tatbiq etish jarayonlarida guvoh bo‘lmoqdamizki, haqiqiy bilim va ko‘nikmaga ega o‘quvchini baholashda ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yar ekanmiz, — deydi 17-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Kamola Xudoyberdiyeva. — Ya’ni, biz o‘qituvchilar aksariyat hollarda burro-burro o‘qigan yoki qoidalarni yodlab olgan, aniqrog‘i, nazariy bilimi kuchli o‘quvchilarga yuqori baho qo‘yib kelganmiz. Biroq ularning fanni real hayotda qo‘llay bilish ko‘nikmasi, o‘zlashtirayotgan bilimining qayerda va qanday zarur bo‘lishi haqidagi tushunchasi, mantiqiy va mustaqil fikrlashiga doim ham e’tibor qaratmaganmiz. Tayyorgarlik jarayonlarida ma’lum bo‘lmoqdaki, xalqaro baholash dasturlariga asoslangan turli sinovlarda biz nunoq, bilimi past, deb bilgan o‘quvchilar yuqori ball to‘plashmoqda. Demak, bunday dasturlarni faoliyatimizda kengroq qo‘llashimiz lozim.
Darhaqiqat, xuddi shunday boshqa umumta’lim maktablarida ham o‘qish, aniq va tabiiy fanlarga doir ochiq darslar o‘tkazildi.
Kunning ikkinchi yarmida 18-umumta’lim maktabida o‘quv-seminarning yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshliqlari G‘.Boboxolov, N.Odilov, Paxtachi tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Sh.Sultonov umumta’lim muassasalarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda xalqaro baholash dasturlarida munosib ishtirok etish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Bu borada xalqaro baholash dasturlarida avval ishtirok etgan Qozog‘iston hamda Estoniya davlatlarining past va yuqori natijalari to‘g‘risida misollar keltirilib, 2021 yilda xalq ta’limi tizimi oldidagi muhim sinovlarga viloyatimizdagi tayyorgarlik jarayoni tanqidiy muhokama etildi.
33-umumta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi Q.Sherxolov, 36-umumta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi I.Xoliqov PISA-2021 xalqaro tadqiqotlarining o‘tkazilishi va tashkil qilinishining asosiy xususiyatlari, o‘quvchilarning bilim darajasini aniqlashda onlayn baza testini yaratishning ahamiyati haqida taqdimotlar qilishdi.
O‘quv-seminar o‘qituvchilar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, xalqaro baholash dasturlarini chuqurroq tushunib, kelgusidagi sinovlarga munosib tayyorgarlik ko‘rib borishda ahamiyatli bo‘ldi. Muhokamalarda bilimsiz va layoqatsiz bola bo‘lmasligi, faqatgina ularga to‘g‘ri bilim berish, fikrlash qobiliyatini shakllantirishga imkoniyat yaratish, buning uchun esa xalqaro baholash dasturlarini keng qo‘llash lozimligi to‘g‘risida yakdil xulosaga kelindi. Navbatdagi xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik ko‘rishga doir viloyat o‘quv-seminari Ishtixon tumanida o‘tkazilishi belgilandi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.