“Bio-tek va ekotek”: O‘zbekiston zamonaviy arxitekturasida bu uslublardan keng foydalanish vaqti keldi

Har qanday qurilish albatta uning arxitekturaviy yechimi va loyihasisiz amalga oshirilmaydi. Xususan, qurilishi rejalashtirilgan bino yoki inshoot funksiyasidan qat’iy nazar birinchi navbatda insonlarga shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan holda ishlab chiqilishi zarur va shart hisoblanadi.

Zamonaviy arxitektura deganda albatta ko‘z oldimizga osmono‘par, futuristik ko‘rinshdagi binolar kelishi aniq. Lekin, chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak binoning jozibadorligi uning birgina tashqi ko‘rinishi bilangina cheklanmaydi, aksincha mazkur binoda foydalanilgan elementlar, unga ishlatilgan uslub va albatta insonlar uchun yaratilgan sharoitlarni ham hisobga olish zarur.

Rivojlangan davlatlarda zamonaviy binolar, osmono‘par imoratlar, noan’anaviy uy-joylarning strukturasiga alohida e’tibor bilan yondashilganligini ko‘rishimiz mumkin. Bunda o‘sha xalqning o‘tmishi, qadriyatlari, boy tarixiy merosi ham hisobga olinadi. Zamonaviy va qadimiy arxitektura binolarining uyg‘unligi esa yangicha yo‘nalishlarni, imijlarni ro‘yobga chiqaradi.

Huddi shunday, bizning yurtimizda ham bu bo‘yicha juda katta tajriba, boy meros bor. Xususan, Samarqand shahridagi qadimiy obidalar, madrasayu, masjidlar, rabotlar va turli tarixiy obidalarning asrlar suroniga, ob-havo injiqliklariga dosh beradigan darajada puxta ishlanganligi ham yurtimizdan qadimdan arxitektura rivojlanganligini ko‘rsatadi. Ushbu tarixiy ob’yektlarni saqlash kelajak avlodga yetkazish shu bilan bir qatorda zamonaviy arxitekturadan foydalanib shaharlarimizni yanada ko‘rkamlashtirishimiz lozim.

Shu o‘rinda O‘zbekiston arxitekturasi shajarasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uni to‘rtta guruhga bo‘lish mumkin. Jumladan, o‘rta asrlar an’anaviy arxitekturasi, Chor Rossiyasi kollonial arxitekturasi, Sovetlar davri arxitekturasi va albatta hozirgi zamonamiz arxitekturasi.

Hammamizga ma’lum, Samarqand tarixiy shahar bo‘lganligi nuqtai nazaridan uning hududi “Temuriylar davri”, “Chor Rossiyasi davri” va ularning himoya bufer zonasi hamda shaharning zamonaviy qismiga bo‘linadi. Xususan, ushbu hududlarda ishlatiladigan har qanday arxitektura uslublari yuqorida bayon qilingan arxitektura shajarasining barcha guruhlaridagi uslublarni qamrab oladi va madaniy meros agentligi tomonidan doimiy nazorat ostida amalga oshiriladi.

Picture background

Zamonaviy arxitektura bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda yurtimizda ommalashayotgan “xay-tek” uslubining yaratilishi o‘tgan asrning 80-yillariga borib taqaladi va hozirda ushbu uslubdan foydalanib kelgan davlatlarda “bio-tek va ekotek” uslubiga o‘tilgan.

“Bio-tek va ekotek” uslubi - “xay-tek” uslubining yangicha shakli desa ham bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda “Arxitekturaviy bionika” ham deb ataladi. Ushbu uslub asosan ona tabiatimiz formalari bilan uyg‘unlashgan futuristik stil hisoblanadi. Ushbu uslubda loyihalanadigan har qanday ob’yektga qayta tiklanuvchi quyosh energiyasidan keng foydalanish texnologiyasi kiritilgan holda, tashqi ko‘rinishining go‘zalligi va jozibadorligini asosan tabiat bilan uyg‘unlashtirib ishlanadi.

Misol uchun: Xitoyning, Xarbin shahridagi katta teatr (Suvning jilolanishi formasida), Pekin shahridagi Milliy stadion (Qush uyasi shaklida). AQSh, Miluoki shahridagi Badiiy muzeyi (Qush parvozi formasida) aynan ushbu uslubda loyihalangan. Bu kabi uslublarni badiiy, madaniy va sport ob’yektlarida qo‘llash maqsadga muvofiq.

Picture background

Zamonaviy arxitektura keng rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadigan Singapurda asosan uy-joylar qurilishi davlat tomonidan tashkillashtirilib, 80 foiz aholisi shu kabi ijtimoiy uylarda istiqomat qilishadi va bu masala bilan “Housing and Development Board” HDB kompaniyasi shug‘ullanadi. Eng qiziq jihati, davlatning qonun-qoidasi bo‘yicha aholi uylarni sotib olishmaydi, aksincha 99 yilga ijaraga olishadi. Mazkur uylarni loyihasining qiziqarli jihati shundaki, deyarli barcha uylarning fasad ko‘rinishi internatsional arxitekturaviy uslubdan foydalaniladi hamda binoni tarkibining alohida bir qavatida umumfoydalanuvdagi sport bilan shug‘ullanish zallari, yana bir maxsus qavatida mehmonlarni kutib olish va bazmgoh, hattoki ayrimlarida barbekyu pishirish zonalari tashkillashtirilgan bo‘lib, yerosti avtoturargohi va boshqa qulayliklar hamda boshqa ijtimoiy infratuzilma yuqori darajada yaratilgan.

Bu kabi uylarning tashqi arxitektura ko‘rinishi futuristik qiyofada bo‘lmasa-da, o‘zining o‘zgacha jozibadorligiga ega.

Shuningdek, bu yerda quriladigan barcha turdagi ob’yektlarda vertikal bog‘lar yaratish yoki yashil fasad dasturi 1967 yildan buyon amalga oshirilib kelinayotgan bo‘lib, bugungi kunga qadar yaratilgan bog‘larning hisobi cheksiz. Xususan, Singapur – xususiy sektor tomonidan barpo etilgan 1000 ta kvartiradan iborat “Interleys” turar joy kompleksi-yashil shaharchani misol keltirish mumkin.

Singapur tajribasi misolida zamonaviy arxitekturaning iqlimimizga mos jihatlarini tadbiq etish. Xususan, ob’yektlarda yashil bog‘larni yaratish lozim. Natijada yaratilgan bog‘lar binoning ko‘rinishi jozibadorligi zamonaviy arxitektura qiyofasiga yanada chiroy bag‘ishlaydi. Bu nafaqat binoning tashqi ko‘rinishini go‘zallashtiradi balki, ekologiyamizga ham juda katta foyda keltiradi. 

Laziz Hamidov.