Bir banka ushoq...
1991 – 1996 yillari o‘qiganmiz. O‘rta va katta avlod yaxshi eslaydi: og‘ir yillar edi bu yillar. Qishloqda oq un otliqqa yo‘q, tegirmon ko‘paygan paytlar. Arpa yoki makkajo‘xori uni qo‘shib yopilgan nonlar. Har bir qishloq, mahallada bilyardxona, qimorxona ochib tashlangan, televizorda lotoreya-qimor ko‘rsatuvlari avj olgan. Shaharda oqshom ko‘chaga chiqib bo‘lmay qolgan: yo‘lto‘sarlar-ku yo‘lto‘sar, milisalar ham hujjat tekshirish bahona yo‘lto‘sarlik qilgan...
1994 yili so‘m chiqqach, 1-2 oydayoq “quladi”. Avgust oxirida rahmatli otam Jumaga borib eski qadrdonlaridan 300 so‘m topib kelganini eslayman. Hasan ikkov Toshkanga yetib oldik, lekin stipendiyagacha yetmadi. Oktabrgacha, yomg‘ir yoqquncha yelim shippakda o‘qishga qatnaganmiz to o‘qishni ham tashlab, bostirib mardikor ishlab oyoq kiyim olgunimizcha.
Xullas, yotoqxona 1-qavatidagi oshxona bankrotga uchrab yopilgach, qarzga ovqat beradigan qolmadi talabaga. Tangalarni yig‘ishtirib bulka non obkelib, tuz sepib yeymiz. Harna to‘qroq tutadi tuz qo‘shib yesangiz. Oshqozon yog‘ ko‘rmaganiga 60 soatdan oshgan. Abduvali, Hasan, men – uchov yotibmiz xonada. Yarim kecha qornim burab og‘riganidan uyg‘onib ketdim. Sekin qo‘zg‘alib timirskilanib esimga tushgani – ushoq solinadigan bankani qidirib topdim. Yarimlagan ekan. Ishtaha bilan tushirib, ustidan ikki piyola suv ichib yubordim. Qovzanganday bo‘lib joyimga cho‘zildim.
Pichchi o‘tib Abduvali turib ketdi(endilar o‘ylasam ochlik uyquni ham harom etarkan shekilli). Timirskilanib ushoq solinadigan bankani izladi. Topdi. Bo‘m-bo‘shligini ko‘rgach bir og‘iz “E-e” dedi xolos... Men esa...
Men esa xijolatdan, uyatdan ancha vaqt uxlolmay yotdim!...
...Oilaviy ro‘zadormiz. Bugun saharlikda onasi “ol ye” degan ne’matga xushlamaygina boqqanida bir bolam, shu xotiralar yodimga tushdi...
Husan Karvonli.