Bir haftadan keyin ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlanadi

“Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar soni o‘tgan yilgiga nisbatan 1,5 baravarga oshirildi hamda dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratish belgilanmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berishicha, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalarni 3 mart kuni soat 09:00 dan boshlab jo‘natish mumkin.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali topshirish, bunda ariza beruvchining xohishi bilan uning daromadlari hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining ham daromadlari kiritilishi mumkin.
Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining (shu jumladan, kafil sifatida keltirgan yaqin qarindoshlari) o‘rtacha daromadi quyidagicha bo‘lishi kerak: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (hozirda 3,11 mln. – 9,24 mln. so‘m). Toshkent shahrida – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7-9,2 baravari (hozirda 3,11 mln. so‘m – 10,62 mln. so‘m).