Bir kunda 500 bosh yirik shoxli qoramol so‘yishga mo‘ljallangan kushxona ish boshladi

Samarqand shahrida davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Sam teri tayyorlov” mas’uliyati cheklangan jamiyati nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizdagi teriga ishlov berish sohasida ish olib borayotgan peshqadam korxonalardan biri hisoblanadi.

Yaqinda Quyi Xo‘ja Soat mahalla fuqarolar yig‘ini hududida mazkur korxonaning barcha zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘lgan va innovatsion texnologiyalar asosida ish olib borishi rejalashtirilgan yangi ishlab chiqarish kompleksi foydalanishga topshirildi.

Ochilish marosimini Samarqand tuman hokimi Shuhrat Jamolov ochib berib, tadbirkorlarni hukumatimiz tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlariga chaqirdi.

“Sam teri tayyorlov” MChJ rahbari hoji Olim Kozimov biz bilan suhbatda shunday dedi:

- Loyihamiz ikki bosqichdan iborat bo‘lib, bugungi kunda uning birinchi bosqichini amalga oshirdik. Samarqand tumani hokimligi tomonidan 3,7 gektar yer maydoni ajratib berildi. Biz mazkur yer maydonining 0,33 gektar maydonida molxona, kushxona, ishchi-xodimlarning hordiq chiqarishlari uchun maxsus binolar, oshxona, teri va jun qabul qilish punktlari barpo etib, unda 30 ta ishchi o‘rinlari yaratdik. Zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan kushxonamizda boqilgan yirik shoxli va kichik shoxli qoramollarni sifatli va halol qilib so‘yib topshirish uchun barcha sharoitlar mavjud. Kushxonamiz bir kunda 500 bosh yirik shoxli qoramol va 1000 dan ortiq kichik shoxli qoramol (qo‘y va echkilar) so‘yishga mo‘ljallangan. Mazkur loyihaning ikkinchi bosqichini 2019 – 2021 yillar mobaynida bajarish mo‘ljallangan. Unda 2,4 gektar maydonda terini qayta ishlash, poyabzal fabrikasi, charm-attorlik buyumlari ishlab chiqarish fabrikasi barpo etib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Agar shu korxonalarni ishga tushirsak, 30 tadan tashqari yana 120 ta qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratiladi.