Bir marta mashina haydagan o‘quvchi darsdan ko‘ra rulni ko‘proq o‘ylaydi

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, hushyorlikni yo‘qotish, tezlikni oshirish yoki ehtiyotsizlik sabab bir lahzada inson hayotiga nuqta qo‘yilishi mumkin. Yuzaga kelayotgan bunday ko‘ngilsiz hodisalarda har doim ham haydovchi aybdor emas. Xo‘sh, o‘zimiz yo‘lda yurish madaniyatiga qanchalik amal qilyapmiz, farzandlarimizga yo‘lda harakatlanish qoidalarini o‘rgatyapmizmi?

Farzandingizga qanday o‘rnak bo‘lyapsiz?

Dunyoning eng mashhur futbolchilaridan biri, besh karra oltin to‘p sohibi, portugaliyalik Krishtiano Ronaldu bolalarining tarbiyasi haqida shunday deydi: “Hozirgi avlodga nimanidir aytish va tushuntirish qiyin. Shuning uchun o‘zlariga qo‘yib berishing kerak. Doim ularga mendan o‘rnak olishni aytaman. Chunki ular mashg‘ulotlarda qanday ishlashim, ko‘chada harakatlanishim va maydonda o‘yinimni ko‘radi, kuzatadi. Dadam doim uyda ham, mashg‘ulotda ham, o‘yinda ham qattiq mehnat qiladi, tartibli ishlaydi, deyishadi. Shuning uchun faqat o‘zim o‘rnak bo‘lish orqali farzandlarimga yaxshi tarbiya berishga harakat qilaman. Men uchun bu yagona yo‘l”.

Siz-chi? Bolangizga qanday o‘rnak bo‘lyapsiz, ko‘chani tartibli kesib o‘tishni qachon o‘rgatdingiz, ularga yo‘l belgilarining mazmuni, piyodalarning majburiyatlarini tushuntirganmisiz? Bunda eng katta mas’uliyat ota-onalar va yoshi kattalar zimmasiga tushadi. Biroq kattalarning hammasi ham yo‘l qoidalariga amal qilavermaydi. Misol uchun, yo‘lni besh-o‘n metrga qisqartiraman, deb belgilanmagan joydan nafaqat ota-onalarning o‘zi, balki farzandlarini ham yetaklab o‘taveradi. Qush inida ko‘rganini qiladi, deb bejiz aytishmagan. Ota-onasi bilan birga qoidani buzgan bola o‘sha joydan o‘zi yoki o‘rtoqlari bilano‘tganda ham yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaydi. Bora-bora buni odatga aylantiradi va oqibati sizga ayon.

Bolangizga mashina kalitini tutqazmang

Voyaga yetmagan bola dastlab otasi yoki onasining mashina haydashini kuzatadi. Keyin qiziqib, mashina ruliga bir marta o‘tirsa bo‘ldi, keyin har kuni boshqarishni xohlaydi. Qarabsizki, maktab o‘quvchisining asosiy ishi dars tayyorlash yoki kitob o‘qish emas, balki mashina boshqarish bo‘lib qoladi. Keyingi paytda viloyatda voyaga yetmagan bolalar tomonidan yo‘l-transport hodisasi sodir etish holatlari ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizda bolalar ishtirokida 2023 yilda 233 ta, joriy yilning yetti oyida esa 80 dan ortiq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan.

Yaqinda Jomboy tumanida maktab o‘quvchisi tomonidan  sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida 4 yoshli bola halok bo‘ldi. U “Lasetti” mashinasini Nayman-Jomboy yo‘nalishida boshqarib, Naymantepa mahallasi hududida yo‘lning qatnov qismiga yugurib chiqqan bolani urib yuborgan. Oqibatda 4 yoshli bola og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan.

Yana bir achinarli voqea: shu yilning 16 oktyabrida Bulung‘ur tumanida 7-sinf o‘quvchisi mashina boshqarishi oqibatida halokatga uchradi.Ma’lum bo‘lishicha, u Oqtosh mahallasidan o‘tuvchi yo‘lda «Jiguli» mashinasini minib, boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketgan. Oqibatda og‘ir jarohatlar bilan shifoxonada halok bo‘lgan.

Ushbu fojialarning asosiy sababi farzand tarbiyasiga be’etibor bo‘lish va nazoratsizlik. Aksariyat ota-onalar farzandini juda taltaytirib yuboryapti. Yengil hayotga o‘rgangan, doim istagan narsasi muhayyo bo‘lgan bola har doim to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, o‘zining aytgani bo‘lishini xohlaydi. Buning oqibati esa yaxshilik bilan tugamaydi.

Maktablarda yo‘l harakati qoidalari dars sifatida o‘qitilsa...

Oldin umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati qoidalari” fani o‘qitilardi. Keyinchalik bu fan o‘quv dasturidan olib tashlandi va maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish burchaklari hamda sinfxonalari tashkil etildi. Xo‘sh, bu tajriba o‘zini oqlayaptmi?

- Viloyatda 1263 ta maktab bor, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi Akmal Omonov. – Prezidentmizning “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan «Xavfsiz va ravon yo‘l» umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari tashkil qilinmoqda. Jumladan, hozirga qadar viloyatdagi 400 ga yaqin maktabda shunday sinfxonalar tashkil etildi. Yil oxirigacha yana 100 ta va kelgusi yilda barcha maktablarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish xonalari bo‘ladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l harakati qoidalari o‘rgatish sinfxonalarida dars jarayonlari ma’naviyat soatida sinf rahbari tomonidan yoki yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan targ‘ibot tadbirlari doirasida olib boriladi. Lekin alohida dars sifatida o‘qitilmaydi.

Bugungi kunda yurtimizda haydovchilik guvohnomasini berish jarayonida nazorat kuchaytirildi, jarimalar miqdori ortdi, kameralar o‘rnatildi. Ammo yo‘l-transport hodisalari, qoidabuzarliklar va buning oqibatida halok bo‘layotganlar soni ko‘payib bormoqda. Shu bois o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalari, belgilarning mazmuni, piyoda va haydovchilarning majburiyatlari mutaxassislar tomonidan dars jarayonida o‘qitilsa, bu kabi ko‘ngilsiz hodisalarning kamayishiga erishib, tartib-qoidaga amal qilishni o‘rganarmidik.

Fazliddin Ro‘ziboyev.