Bir murojaat izidan: Yuqori Chordara aholisi suv muammosini “open byudjet” hal qiladimi?

Samarqand tumanidagi ushbu mahalla aholisining bir qismi 20 yildan beri ichimlik suvini tashib keltirib ichayotganliklarini aytmoqda.

Tahririyatimizga Samarqand tumani Yuqori Chordara mahallasida istiqomat qiluvchi aholidan murojaat bo‘ldi. Unga ko‘ra, mazkur mahalladagilar 20 yildan beri ichimlik suvini tashib kelib ichadi. Mas’ullarga qilingan murojaatlar esa natijasiz qolmoqda.

“Bizga dasturga kiritilgan, deyishadi. Shunday bo‘lsa, nega qilinmaydi? Yana necha yil kutishimiz kerak?”, deydi murojaatchilardan biri.

“Samarqand suv ta’minoti” AJ mas’ullari bilan bog‘langanimizda, ular muammodan xabardor ekanliklari, uni joyida o‘rganib, hududni ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha taklifni tuman hokimligiga kiritishganini aytishdi.

— Tashkilotimiz suv inshootini qurib berish bilan shug‘ullanmaydi, balki qurilgan inshootlarni ekspluatatsiya qiladi, - deydi korxona axborot xizmati rahbari Alisher Aliqulov. – Yuqoridagi mahallaga borib o‘rganilganda, hududda 2 ta suv inshooti borligi, aholining asosiy qismi shu inshootlardan suv ichishi, murojaatchilar esa asosan yangi uy qurib, ko‘chib o‘tganlar ekanligi ma’lum bo‘lgan. Shunga qaramay, murojaatni ijobiy hal qilish bo‘yicha o‘z taklifimizni berganmiz. Uni tasdiqlash va mablag‘ ajratish yuqori turuvchi idoralar tomonidan hal qilinadi.

Agar muammo rostdan ham faqat mablag‘ ajratishda bo‘lsa, tegishli loyiha yoki taklif viloyat moliya bosh boshqarmasida ko‘rib chiqilgandir, deya boshqarma bilan telefon orqali bog‘landik. Ammo ular bunaqa loyiha yo‘qligini, lekin Prezidentning “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mazkur mahalladagi 3 ta ko‘chaga, jami 2,3 kilometr uzunlikdagi oqova suv quvuri yotqizilganligini ma’lum qilishdi. Qiziq, gapda boru, qog‘ozda yo‘q bu loyihani yana qayerdan qidirish mumkin? Nega masalaga aniq va lo‘nda javob beradigan mas’ul yo‘q?

Yana bir gap. Murojaatni o‘rganish davomida ko‘plab mas’ul idora mutaxassislari bilan muloqot qilishimizga to‘g‘ri keldi. Ularning aksariyati loyihani “Open byudjet”ga qo‘yib, yutish orqali tezroq hal qilish mumkinligini aytdi. Boshqa yo‘li ovoragarchiliklarni keltirib chiqarar ekan.

Savol tug‘iladi: inson hayoti, bizning vaziyatda uning munosib hayot kechirishining asosiy omili hisoblangan ichimlik suvidan bahramand bo‘lish uchun ham ovoz yig‘ish kerakmi? Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q 100 dan ortiq mahalla bor. Ularning barchasi “Open byudjet”da yutib chiqa oladimi? Markaz va unga yaqin hududda ko‘p qavatli bino qurilishi bilan ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi. Agar unda uzilish kuzatilsa, aholiga maxsus uskunalarda suv yetkazib beriladi. Nega boshqalar bu suvni “Open byudjet”da yutib olishi kerak? Nazarimizda, ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan masalalarni dasturlar orqali yoki mahalliy byudjetdan moliyalashtirish maqsadga muvofiqroq.

Mas’ullardan javob kutib qolamiz.

Asqar BAROTOV.