Bir paytlar zardo‘zlik ustaxonalari faqatgina podsho saroylaridagina bo‘lgan

XV asrda Samarqand nafaqat ilm-fan markazi sifatida, balki madaniy-ma’rifiy sohada ham dunyoda mashhur edi. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida bu yerga olimlar qatori o‘z davrining mashhur usta-hunarmandlari ham jam bo‘ldi.

Ulug‘bek bobosi Amir Temur kabi shaharda ko‘plab jamoatchilik inshootlarini qurdirdi. Bu haqda Mirzo Bobur «Boburnoma» asarida: “Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imorati va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur…”, deydi.

Bu davrda hunarmandchilikning ko‘plab sohalari, jumladan, quroqchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik, gilamchilik rivojlangan. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat», Husayn Voiz Koshifiyning «Risolai Hotamiya» asarlarida avliyo va darveshlar «muraqqa» to‘n (quroq chopon)da tasvirlangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, o‘rta asrlarda ham muraqqa, ya’ni quroq texnikasida tikilgan kiyimlar keng iste’molda bo‘lgan. Kishilar quroq tikish bilan ijodkorlikka, yangilik va go‘zallik yaratishga, o‘z ijodiy qobiliyatlarini yorqin tarzda ifodalashga intilgan.

XIV-XV asrlarga mansub miniatyuralar orqali kashtachilikning ham bu davrlarda yuksak darajada rivojlanganini ko‘rish mumkin. Ispan elchisi Gonsales de Klavixo o‘z kundaligida Amir Temur saroyida milliy kashta bezaklarini ko‘rganini yozadi. Kamoliddin Behzod «Zafarnoma»ga ishlagan «Temur taxtda» miniatyurasida chodirga ishlangan kashtani aks ettirgan.

Temuriylar davrida Samarqand va Hirotda zardo‘zlik mahsulotlariga talab ancha yuqori bo‘lgan. Saroy ahli hamda badavlat kishilar zarbof kiyimlardan o‘z boyligi, kuch-qudrati hamda shon-shuhratini namoyish etish, oddiy xalqdan o‘zlarini ustun qo‘yish maqsadida foydalanishgan. Shuning uchun bu davrda zardo‘zlik ustaxonalari faqatgina podsho saroylarida joylashgan. Ustaxonalarda podsholikning eng sara zardo‘zlari faoliyat yuritgan. Ular podsho va uning yaqinlari tomonidan berilgan buyurtmalarga asosan kamzul, chakmon, poyabzal, belbog‘, salla, kuloh va jul tikishgan. Hech kim, hatto eng katta amaldorlar ham zardo‘zi kiyim-kechaklardan birortasini o‘zi buyurtirishga haqqi yo‘q edi, ularni podsho sovg‘a qilgandagina kiyishlari mumkin bo‘lgan.

Do‘ppini eslatuvchi bosh kiyimlarning qadim o‘tmishda ham mavjud bo‘lganligini tasdiqlovchi dalillarni arxeologik yodgorliklar, devoriy yozuvlar, terrakota haykalchalar, XV-XVI asrlarga oid sharq miniatyuralarida ko‘rishimiz mumkin. Panjikent tasviriy san’atida ham bir nechta bosh kiyim tasvirlari saqlanib qolgan. Movarounnahrda XV-XVII asrlarda, Samarqandda XVI asrning birinchi yarmi miniatyuralarida ayollarning turli-tuman bosh kiyimlari uchraydi.

Temuriylar davrida eroniy va turkiy an’anaga uyg‘unlashtirilgan gilamdo‘zlik hamda XVI asrdan boshlab Movarounnahrda dashti qipchoq o‘zbek qabilalarining gilamdo‘zlik buyumlari keng tarqalgan. Ushbu turkiy xalqlar gilamdo‘zlik an’analarining tarixiy mutanosibligi O‘zbekiston milliy gilamdo‘zligining etnomadaniyati asoslarini tashkil etadi.

Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida Samarqandda ilm-fan bilan bir qatorda shahardagi madaniy-ma’rifiy hayot ham yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan edi. Ko‘plab hunarmandchilik ustaxonalari tashkil etilgan, bozorlardagi hunarmandchilik rastalari qo‘li gul hunarmandlarning mahsuloti bilan to‘la bo‘lgan. Bu manzarani hozirgi zamon tasvirida Mirzo Ulug‘bek madrasasi (va boshqa tarixiy joylar) hududida joylashgan hunarmandchilik mahsulotlari do‘konlarida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bu esa o‘rta asrlar hunarmandchilik an’analarining bugungi kungacha davom etayotgani, qadrlanayotgani va yuksalayotganidan dalolatdir.

Turkiston o‘lkasi bosib olingach, bu yerni Rossiyadan keltirilayotgan tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirish va shu yo‘l bilan bu yerda shakllangan savdo, hunarmandchilik rivojiga zarba berish va o‘lkani Rossiya sanoati uchun xomashyo bazasiga aylantirish bo‘lgan. Mustamlaka davrida o‘lkada sanoat ishlab chiqarishi asosan aholining maishiy ehtiyojlariga xizmat ko‘rsatuvchi mayda hunarmandchilikdan iborat bo‘lib qoldi.

Mustaqillikdan keyin o‘zbek milliy hunarmandchiligining deyarli barcha turlari yana avvalgidek qadrlanmoqda, yuksalmoqda. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, biz yuqorida sanab o‘tgan hunarmandchilik turlari o‘rta asrlarda qanday texnologiyada tayyorlangan bo‘lsa, hozir ham bu an’analar davom etmoqda, unutilganlari esa qayta tiklanyapti. Bunday xayrli ishlarga universitetning umumtexnika fanlari va texnologiyalar kafedrasi ham “Xalq  hunarmandchiligi” fanini o‘qitish va “Samarqand-Buxoro ipak gilamlari” korxonasida tashkil etilgan talabalarning ishlab chiqarish amaliyoti misolida hissa qo‘shmoqda.

Shohista Mamasoliyeva,

SamDU katta o‘qituvchisi.