“Bir vaqtlar onamning janozasiga borolmagan edim...” Yoxud “Jartepa” chegara bojxona postida nimalar o‘zgardi?

Urgut tumanining Tojikiston Respublikasi bilan chegarasida joylashgan “Jartepa” chegara bojxona posti ikki davlat o‘rtasidagi muhim tranzit yo‘lak hisoblanadi. Undan bir vaqtning o‘zida ham xalqaro yuk tashuvchilarning avtotransport vositalari, ham fuqarolarning avtomobillari hamda yo‘lovchilar harakatlanadi.

—  Opam ikkimiz Tojikiston Respublikasidan Urgut tumaniga kelin bo‘lib tushganmiz, - deydi Gulshod Shukurova. – Bir vaqtlar chegaradan o‘tib-qaytish juda mushkul, ayrim hollarda imkonsiz bo‘lardi. Hatto, onam vafot etganda chegaradan o‘ta olmaganmiz. Hozir bu muammolarni sarob kabi eslaymiz. Sababi, chegaralar ochiq. Istagan vaqtimizda qarindoshlarimizni ko‘rib qaytyapmiz. Mana, bugun ham betob bo‘lgan otamizni ziyorat qildik. Nazorat tekshiruvlarida hech qanday muammoga duch kelmayapmiz.

Jarayonni o‘z ko‘zimiz bilan kuzatdik. Yaqinda rekonstruksiya qilingan chegara bojxona postida har ikki tomondan keluvchi fuqarolarga sifatli va eng asosiysi, tezkor xizmat ko‘rsatilmoqda.

— Belgilangan tartibga ko‘ra, bojxonamiz orqali fuqarolar o‘rtacha 10 daqiqa, fuqaro transporti 15-20 daqiqa oralig‘ida hamda yuk avtotransporti 40 daqiqagacha o‘tkazilishi kerak, - deydi bojxona posti bosh inspektori Eldorxon Esanov. – Ayni maqsadda postlar qayta rekonstruksiya qilinib, transport va yo‘lovchilarni soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazish imkonini beruvchi texnik vositalar bilan ta’minlandi. Xususan, yuk transportlari Yaponiya va germaniyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan maxsus inspeksion ko‘rik majmuadan o‘tkazilmoqda. Bunda transport vositasi skaner orqali tekshirilib, umumiy jarayonga 45 soniya vaqt sarflanadi. Haydovchilar bungacha ham “E-tranzit” bojxona axborot tizimi orqali navbat olishi yoki hujjatlarni rasmiylashtirishni amalga oshirishi mumkin. Bu ularning postdan o‘tish vaqtini yanada tejaydi.

Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan yanvar-iyul oylarida post orqali 530 ming nafarga yaqin fuqaro hamda 34 mingga yaqin avtotransport vositasi o‘tkazilgan. Jarayonda 28 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 213,9 million so‘mlik tovar va moddiy boyliklarning noqonuniy tranziti to‘xtatib qolingan.

Aytij kerakki, bu yerda eksportchi tadbirkorlarga ko‘mak berish masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Ular o‘z yuklarini xorijga ortiqcha tekshiruv va hujjatbozliklarsiz o‘tkazishi, belgilangan tartibda yuk olib kirishi mumkin.

— Kir yuvish uskunalarini ishlab chiqarish faoliyatini 2020 yilda boshlanmiz, - deydi “Elite-elektro-group” MChJ direktori Eldor Sodiqov. – Ayni kunda korxonamizda 60 nafar ishchi ishlaydi. Mahsulotimiz mahalliy bozordan tashqari, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikalariga eksport qilinadi. Joriy yil uchun xorijiy tadbirkorlar bilan 1 million AQSh dollariga teng shartnoma imzolaganmiz. Shartnoma shartlarining o‘z vaqtida bajarilishi yuklarning chegaradan o‘tkazilishi jarayoniga ham bog‘liq. Bu borada bojxona organlari bizga amaliy ko‘mak berib, qonunchilikdagi o‘zgarish va qulayliklardan o‘z vaqtida xabardor qilib borishmoqda.

Asqar BAROTOV.