Birinchi parta boyning bolasi uchunmi?

Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan jiyanim darsdan kelib, ertadan maktabga bormasligini aytdi. Sababini so‘raganimda, u har doim orqa partalardan birida darsga qiziqmaydigan sinfdoshi bilan birga o‘tirishini, berilgan uyga vazifani ustoziga boshqalardan avval ko‘rsata olmayotganini, birinchi qatorlarda o‘tirsa faqat “besh” bahoga o‘qishini aytdi.

Yana uning gaplaridan ma’lum bo‘ldiki, old o‘rinlarni maktab direktori va o‘qituvchilarning farzandlari egallashibdi.

Uni ovutishga harakat qildim. Bilim olish, a’lochi o‘quvchi bo‘lish uchun qaysi partada o‘tirishning ahamiyati yo‘qligini uqtirdim. Tushungandek bo‘lib, maktabga qatnay boshladi. Oradan ikki-uch oy o‘tib, shu paytgacha darslarni yaxshi o‘zlashtirib kelayotgan jiyanimning darsga bo‘lgan qiziqishi so‘nayotganini sezdim. Bolaligim yodimga tushdi.

O‘quvchilik davrimda birinchi partada o‘tirish ko‘pchilik sinfdoshlarimning orzusi edi.  Sababi, bu joy qishlog‘imizdagi boy va obro‘li kishilarning farzandlari uchun edi. Ulardan keyin old qatorlarda a’lochi, intizomli bolalar o‘tirishardi. Bilimsiz, to‘polonchi bolalar esa oxirgi partalarga egalik qilardi. 7-sinfdagina o‘qituvchimiz bir oddiy oilaning o‘g‘lini birinchi partaga o‘tqazdi. Avvaliga hayron qoldik, bu bolaning ota-onasi boy emas, o‘zi a’lochi ham bo‘lmasa, deb. Bir-ikki kundan keyin u maktabga ko‘zoynak taqib keldi...

Sinfdoshlarimdan old qatorlarda o‘tirgan a’lochi o‘quvchilargina oliy ma’lumotli bo‘ldi. Ular orasida ko‘zoynak taqqan yigit ham bor. Darsga unchalik qiziqmaydiganlari esa ota-onalari obro‘li bo‘lsa-da oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmadi.

Bugungi kunda ayrim maktablarda o‘quvchilar har hafta yoki har kuni birinchi partalarda almashib o‘tirishi an’anaga aylanganini eshitgandim. Bu yaxshi, menimcha. Lekin aynan shu odat hali ko‘pgina maktablarga yetib bormagan. Har doim o‘quvchi bir partada birgina sinfdoshi bilan emas, vaqti-vaqti bilan joy almashib o‘tirsa, samarali bo‘lishi shubhasiz. Bu uning ilm olishi, barcha sinfdoshlari bilan qadrdon bo‘lishi, o‘zidan a’lochi o‘quvchilarga havas qilib intilishi, bilimsizroq sinfdoshlariga yordam bo‘lishi, o‘zaro tenglik va bag‘rikenglikni his qilib kamol topishiga xizmat qiladi. Siz nima deysiz?

Dilnoza Hasanova.