Biror bola bog‘chadan chetda qolmaydi

Bugun viloyatimizda maktabgacha yoshdagi bolalarni bog‘chaga qamrab olish darajasi 74,3 foizni tashkil etadi.

Yana bir muhim ma’lumot, sohada nodavlat sektorning ulushi 2017 yilda 1 foiz bo‘lgani holda, ayni paytda bu ko‘rsatkich qariyb 44,8 foizni tashkil qilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ta’limning muqobil shakllaridan biri - 1406 ta majburiy (bepul) bir yillik maktab ta’limiga tayyorlov guruhlariga 32 mingdan ortiq 6 yoshli bolalar jalb qilinib, qamrov 40 foizdan 95 foizga yetkazildi.

Bolalarning ilk rivojlanishiga xizmat qiladigan maktabgacha ta’limning muqobil shakllarini yanada kengaytirish maqsadida bog‘cha yoshidagilar qamrov darajasi past bo‘lgan viloyat markazidan olis va chekka Nurobod, Qo‘shrabot, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om va Urgut tumanlarida “Aqlvoy” loyihasi doirasida 7 ta “Isuzu” rusumli avtobus negizida 40 ta mobil guruhlariga 600 dan ziyod bolalar maktabgacha ta’limga qamrab olindi.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlari hamda imkoniyati cheklangan bolalar uchun Toyloq pedagogika kolleji negizida “Ilk rivojlantirish markazi” tashkil etilib, uyda maktabgacha ta’lim berish modeli joriy etildi.

Viloyat bo‘yicha “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan ehtiyojmand oila vakillarining 5271 nafar farzandlari ota-onalarning oylik badal to‘lovidan ozod qilingan.