Birovning nomida yashaganlar

Huzurimga bir vaqtlar viloyat tashkilotini boshqargan tanishim kirib keldi. Xudbinligi, manfaatparastligi uchun ishdan ketgandi. Ochig‘i, pensiya yoshiga yetganligi uchun arizasini olib qo‘ya qolishdi.

O‘sha odam deng, menga arzi hol qildi:
- Mol-mulk, pul masalasida og‘aynilarga ham ishonmaslik kerak ekan, uka, - dedi gapni uzoqdan boshlab. – Davlat ishida, o‘zingiz bilasiz, ochiqchasiga biror narsa qilib bo‘lmasdi. Shuning uchun uyoq-buyoqdan topgan daromadga shahardan bitta kvartirani qaynimga, bitta hovlini akamning o‘g‘liga rasmiylashtirib qo‘ydim. Ikkita jiyanimga «Neksiya» olib berib, taksi marshrutiga kiritdim. Endi o‘shalar hamma yaxshiligimni burnimdan chiqarishyapti.

- Orangizdan biror xafachilik o‘tgandir-da…

- Qanaqa xafachilik, vaqtida hammasini uyli, ishli qildim. Uyimda tekin yashab kelishdi. Mana, uch yildirki, ulardan o‘z mulkimni ololmay ovoraman. Sudlar ham ular tarafda.

- O‘shanda jiyanlardan bir enlik xat olmagan ekansiz-da…

- E, birodar, o‘sha paytda kim o‘ylabdi deysiz bunaqa bo‘lishini. Tovonimni o‘pishgandi. Ishdan ketganimdan so‘ng hammasi to‘nini chappa kiyib oldi. Hatto xotinim o‘z ukasiga ta’sir o‘tkaza olmayapti.

U gapiryapti, mening esa yuragim og‘riydi… «Shunaqa nonko‘rlarni gazetaga urib chiqing, zora insof kirsa» deganidan so‘ng chidab turolmadim.

- Nima deb yozaman, birovning halol yo‘l bilan topgan mulkini og‘aynilari olib qo‘yishdi, deymanmi?

- Baribir, pulini men to‘laganman, shaxsiy mulkim.

- Agar shu jiyanlaringiz «Bizning tog‘ajonimiz davlat idorasida rahbar chog‘ida harom pul evaziga shuncha mulk jamg‘argan, ko‘rib qo‘yinglar», deb prokuraturaga yozib berishsa nima bo‘ladi?

U mendan xafa bo‘ldi, jahl bilan chiqib ketdi. Bu holat men uchun yangilik emas, chunki mol achchig‘i - jon achchig‘i, deyishadi. Bundan tashqari, bu nopok (yaxshiyam, sobiq) rahbarning mafkurasini yaxshi bilaman: imkoni borida g‘amlab ol, deydiganlardan.

Bir tanishim bor, ichki ishlarda ishlagan. Hovlisining yonidan hashamatli imorat ko‘targan. O‘shanda gap-so‘zdan qo‘rqib uyni singlisining nomiga rasmiylashtirgan. Aka-singil besh yildan beri sudlashadi, biri qo‘yib, biri yozadi. Aka uy qurgan ustalardan pulini men to‘laganman, deb tilxat olish bilan ovora. Singil esa akam shahardagi xotinchasi bilan yashayversin, bolalarim katta bo‘ldi, ularga uy kerak, deb oyoq tirab olgan.

Vaholanki, yashirishga qancha urinishmasin, qo‘lini bog‘lasang, tekin pulni oyog‘i bilan o‘ziga tortadigan mas’ullarning qing‘ir ishini hamma bilardi. Garchi bilishsa-da, azbaroyi rahbar bo‘lgani uchun xodimlar andisha qilib aytmaydi, o‘z rahbarining nopokligidan kulib yurishadi.

Yana bir holat esimdan chiqmaydi. Ma’muriy idorada yaxshi tanishim bor edi. Birgalikda qonunlar targ‘iboti bo‘yicha tadbirlar o‘tkazganmiz. Uni kasbining fidoyisi sifatida hurmat qilardim, ammo…

U nafaqaga chiqqach, yarim yil ichida katta to‘yxona qurdi, bundan tashqari shahar yo‘nalishida 10 ta avtobusi, 4-5 ta «paynet» do‘koni borligi ma’lum bo‘ldi. Davlat esa uni hurmat bilan nafaqaga kuzatdi, tag‘in yaxshigina pensiya beradi.

Bilaman, hurmatli o‘quvchi, siz menga shu holatni yangilik deyapsizmi, deb ta’na qilyapsiz. Bunday kimsalarni har bir idorada uchratish mumkin edi. Amalidan foydalanib, ayrim noinsoflar qanchalab idora va binolarni xususiylashtirib oldi. Biz esa jim turdik, hatto ayrim yoshlar shunday yashash kerak ekan-da, degan fikrga borishdi. Jamiyat uchun ana shu kayfiyat eng xavfli illatdir.

Hozir jamoatchilik faol, ilgari ko‘chaning gapi sifatida bee’tibor qaralgan ma’lumotlar o‘z isbotini topib, ko‘plab suiiste’molliklar, poraxo‘rliklar fosh etilyapti. O‘quv yurtlaridagi pul yig‘ishlarga barham berilmoqda. Tadbirkorlarni himoya qilishdagi chora-tadbirlar aholining siyosatimizga ishonchini uyg‘otmoqda, kuchaytirmoqda.

Ming afsuski, barcha jabhalarda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini qaror toptirish uchun hayotiy harakatlar davom etayotgan bir paytda davlat bergan imtiyozlarni suiiste’mol qilayotgan, jig‘ildon vasvasasidan qutula olmayotgan rahbarlar hozir ham uchrab turibdi.

Yaqinda nufuzli tashkilotlardan birining xodimi nolib qoldi.

- Rahbarimiz tashkilotimiz faoliyatiga yaqin firma ochib olgan. Ko‘p mahsulot va xizmatlarni ana shu orqali oldiradi yoki amalga oshiradi. Idoralarimiz yonidan «paynet»lar ochib olgan. Har hafta pullarni jaraq-jaraq sanab oladi. Tag‘in davlatning kursisida o‘tiripti.

Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bunday gumroh rahbarlar o‘z jamoasida halollik, demokratiya haqida gapira olarmikan? Mabodo gapirganda ham kimni ishontiradi?

Bugunning shiori bitta: har bir rahbar faoliyatiga xalq baho bersin! Odamlardan hech narsani yashirib bo‘lmaydi – ular harakatimizdan, hatto o‘y-xayolimizdan ham xabardor. Shunday ekan, mas’uliyatni bir lahza ham unutishga haqqimiz yo‘q. Hech bo‘lmaganda, bir paytlar amalda chog‘ida harom daromadidan birovning nomiga mol-mulkini rasmiylashtirganlarning ayanchli ahvoli bizga saboq bo‘lsin.

Farmon Toshev,
senator.