Bitiruvchiga diplom nega berilmadi?

Adliya masalaga sud tartibida oydinlik kiritdi.

Xorazmlik fuqaro G.B. 2021 yilda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va texnologiyalar universitetining qishloq xo‘jaligi menejmenti yo‘nalishini davlat granti asosida tugatgan. Ammo oliy ta’lim muassasasi o‘sha paytda bitiruvchiga ishga yuborilganlik to‘g‘risidagi yo‘llanma hamda taqsimot komissiyasi qaroridan va taqsimot ro‘yxatidan, diplomning asl nusxasidan ko‘chirma bermagan.

Ma’lumki, “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan, barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bakalavr va magistrlari 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlanishi belgilangan. Nizomning 15-bandida esa agar taqsimot komissiyasi bitiruvchini ish bilan ta’minlay olmasa, unga mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaroning murojaati asosida olib borilgan o‘rganishlar chog‘ida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining 2021 yil 23 maydagi 7-sonli bayonnomasida fakultetlar bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha grafik tuzilganligi hamda mazkur grafikda qishloq xo‘jaligi menejmenti fakulteti ko‘rsatilmagani va oqibatda fakultet bitiruvchilarini ishga taqsimlash ishlari amalga oshirilmaganligini aniqladi.

Sudda G.B. universitet mas’ullari fuqaroning murojaatlariga bir xil javob, ya’ni uni ishga joylashtirish maqsadida Xorazm viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasiga yuborishganini, diplomning asl nusxasi uch yil ishlab bergandan keyin berilishini ro‘kach qilib kelganini bayon qilib, biroq Xorazm viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi fuqarodan yuqorida keltirilgan hujjatlarni talab qilib, universitet uni ishga joylashtirish uchun yo‘llanma yubormaganini ma’lum qilishganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, universitet yuqorida keltirilgan Nizom talablari bo‘yicha unga mustaqil ishga joylashish imkoniyatini ham bermagan. U Italiyaning “Tor Vergata” universitetining magistratura bosqichiga qabul qilinganida ham diplomning asl nusxasini so‘rashgani bois, xorij universitetida o‘qish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lgan. Sababi, universitet vazir o‘rinbosarining 2022 yil 12 sentyabrdagi 2/10-5/4-1641-sonli xati bilan istisno tariqasida diplomning asl nusxasini berishni so‘rab yozgan xatini inobatga olmagan. Afsuski, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti vakili sudda bu vajlarni tan olmasligini ma’lum qilib, go‘yo uning da’vosi asossiz ekanini keltirib o‘tgan. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Protsessual kodeksining 249-253-moddalarini qo‘llab, Samarqand viloyat adliya boshqarmasining fuqaro manfaatlarini ko‘zlab kiritgan da’vo talabini qanoatlantirdi. Xususan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining G.B.ga nisbatan xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topdi hamda fuqaroga diplomning asl nusxasini berish majburiyatini yukladi.

Eslatib o‘tamiz, “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 17-bandiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi taqsimot komissiyasi ishi tugagandan so‘ng bir haftadan, biroq bitiruvchi o‘qishni tugatgan kundan so‘ng uch kundan kechiktirmay, ishga yuborilayotgan har bir bitiruvchiga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomdan ko‘chirma, ishga yuborilganlik to‘g‘risidagi yo‘llanma hamda taqsimot komissiyasi qaroridan va taqsimot ro‘yxatidan ko‘chirmani berishi lozim.

Shuningdek ushbu band bilan, mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilgan bitiruvchilarga mazkur bandda nazarda tutilgan muddatlarda mustaqil ishga joylashish imkoniyati berilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning asl nusxasi berilishi, oliy ta’lim muassasasi rektori mazkur bandda ko‘rsatilgan hujjatlarni bitiruvchiga o‘z vaqtida berilishiga javobgarligi, bitiruvchiga belgilangan nusxadagi yo‘llanma o‘rniga boshqa hujjatlar berilishiga ruxsat etilmasligi nazarda tutilgan.

 

R.Ahrorov,

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi xodimi.