Bitta xonadonda yashovchi ko‘p oilalarning har biriga elektr energiyasi bo‘yicha alohida hisobraqam ochish rejalashtirilyapti

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda bitta xonadonda to‘rttagacha istiqomat qilayotgan oilalar bor.

«O‘zbekistonda bitta kadastrga, ya’ni bir xonadonga bitta hisobraqam beriladi. Bugungi kunda bitta kadastr ostida yashayotgan to‘rttagacha oilalar ham bor. Bunday xonadonda istiqomat qiladigan oilalar bir oyda hech qanaqasiga 200 kVt. elektr energiyasi ishlata olmaydi, kamida 800 kVt.elektr ishlatadi. Biz bu masala bo‘yicha ham o‘z takliflarimizni berganmiz, buning ham yechimini topishimiz kerak, hal qilinmasa bo‘lmaydi», dedi Alvar G‘aybullayev.

Shuningdek, Alvar G‘aybullayev bugungi kunda mamlakatda elektromobillar ko‘payishi hisobiga odamlar o‘z elektromobilini quvvatlash uskunalari uchun alohida hisobraqam ochishni so‘ramoqda.

Chunki fuqarolar yashashi uchun alohida, elektromobili uchun alohida elektr energiyasi ishlatishni xohlayapti. Biz hisob ochishda Toshkent va Samarqand shaharlarida muammoga uchrayapmiz. O‘rnatilgan bitta hisoblagich bir nafar iste’molchida (fider) bitta transformatordan elektr energiyasini oladi. Shunday joylar bo‘lyaptiki, ayrimlar elektr energiyasi yo‘qligi uchun ikki, uch tomonlama ulab olmoqda. Lekin uning hisobi bizdan (HETdan) chiqib ketadi. Chunki bitta hisoblagich, bitta transformatordagi ma’lumot yig‘uvchi konsentratorga bog‘langan. Mana shu kabi holatlarning oldini olish uchun tegishli mutasaddilarga barcha takliflarimizni kiritganmiz», dedi Alvar G‘aybullayev.