Bizga mukammal alifbo zarur

Uch yil atrofida muhokama, munozaralar qilinib, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga kiritiladigan o‘zgarishlar masalasi hal bo‘lish arafasida. Oxirgi muhokama va amalda qo‘llash uchun uni tasdiqlash Oliy Majlis ixtiyorida qoldi.

Garchi muhokamalar tugab, navbat so‘nggi so‘zga kelgan bo‘lsa-da, masala o‘ta muhim bo‘lganligi tufayli munozara va turli xavotirlar tinganicha yo‘q. Bunga bir qator sabablar bor, albatta.

Bu xavotirlarning birinchisi yangi alifboni qariyb o‘ttiz yildan beri o‘rganmay kelayotgan katta yoshli kishilarda sezilmoqda. Ular birdan yangi alifboga o‘tilsa (yangi alifboga o‘tish uchun o‘ttiz yillik tayyorgarliklarimiz qayoqqa ketdi?), qanday qilib ishlayman degan xavotirda. Bunday kishilar uzog‘i bilan yana 4-5 yil ichida yangi alifboda savod chiqargan yosh mutaxassislarga o‘z o‘rinlarini bo‘shatib berishlari lozimligini o‘ylab xavotirga tushishmoqda.

Hurmatli vatandoshlar, yangi alifboning takomillashtirilishiga to‘siq bo‘lgandan ko‘ra, mamlakatimizning yangi Renessans davrida barq urib rivojlanishini ta’minlashga bel bog‘lagan yoshlarimizga mustaqil, ijodkorlik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishlari uchun yo‘l beraylik, ularni qo‘llab-quvvatlaylik!

Ikkinchi xavotir shuki, o‘ttiz yildan buyon kamchiliklari sezilib turgan, ammo tuzatishga imkon bo‘lmagan yangi alifboni isloh qilib, uni amalda joriy etishga, ya’ni shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, gazeta, jurnallar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar, hujjatlarni almashtirish, xodimlarni o‘qitish va boshqa shu kabilarga ketadigan xarajatlar uchun “bir olam” mablag‘ sarflanishi lozim, deb hisoblayotgan “hadikchi iqtisodchilar”ning behuda tashvishlanayotganliklaridir.

Azizlar, bu xavotir ham o‘rinli emas. Bunday ishlar uchun mablag‘ kerak, albatta. Ammo sizlar xavotir olayotganliklaringizchalik juda katta miqdorda emas. Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kelajak avlod uchun qilinayotgan bu islohot kelgusida katta samara berib, ulkan zafarlar quchishimiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Unutmaylik, bu dunyoda hech narsa abadiy emas, hamma narsa muvaqqat, rivojlanish va taraqqiyotda, doimiy olg‘a harakatda. Shahar-u qishloqlarimizni bezab turgan rang-barang shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, reklama va e’lonlarning barchasi ma’lum muddatgagina xizmat qiladi. Muddati o‘tab bo‘lingach, ular o‘rniga boshqalari yangi alifboda chiroyli qilib chiqarib qo‘yilaveradi.

Mamlakatimizda chop etib kelinayotgan davriy nashrlar – gazeta va jurnallar bosqichma-bosqich yangi alifbo va imloga o‘tkazilmoqda, maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalar Xalq ta’limi vazirligining tasdiqlangan qat’iy rejasi asosida belgilangan muddatlarda (ko‘pi bilan 3-4 yilda) qayta nashrdan chiqariladi. Endi yuritilayotgan hujjatlarni almashtirish masalasiga kelsak, bu ham u qadar murakkab emas. Chunki, barcha hujjatlarni yangi alifboga birato‘la almashtirish shart emas. Arxivlarimizdan hozirda ham arab yoki lotin alifbosidagi hujjatlardan nusxa olib foydalanilmoqda-ku?! Kutubxonalarimizda arab, lotin, kirill alifbolarida nashr etilgan nodir asarlar jamiyatimiz taraqqiyotiga beminnat xizmat qilib kelmoqda. Buni hech kim inkor eta olmaydi.

Keling, bu xavotirlarga aslo o‘rin yo‘qligini, aksincha, alifbodagi kamchiliklar qanchalik tez isloh qilinsa, foydadan xoli emasligini yanada aniqroq misollar yordamida ko‘rib o‘taylik.

1995-yil 5-mayda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan amaldagi lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng harflari va harf birikmalaridan iborat. Bu harflarga ko‘zimiz o‘rganib qolgan. Shundan atigi 2 ta harf va 3 ta harflar birikmasini shaklan o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng harflarining qo‘llanishidagi g‘ayriodatiy holatlardan qutulish uchun ularga tuzatishlar kiritilmoqda.

Qarang: O‘o‘ harfi Ōō shakliga, G‘g‘ harfi Ḡḡ shakliga (bu ikkala harfning yangi ko‘rinishi ularning mavjud yozma shakllariga yaqinlashtirilgan), SHsh harflar birikmasi Şş shakliga, CHch harflar birikmasi Çç shakliga, Ngng harflar birikmasi Ñň shakliga o‘tkazilishi maqbulligi haqidagi mulohazalar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgan aksariyat muhokamalarda, Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti yig‘ilishlarida ma’qullanib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga taqdim etildi. Bu o‘zgarishlar alifbomizdagi mavjud beshtagina harfning ixchamlashishiga olib kelyapti, ular tashqaridan boshqa biror bir harf bilan almashtirilayotgani yo‘q. Mana shu o‘zgarishlar bilan isloh qilingan va tasdiqlash uchun tavsiya etilgan lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz quyidagicha, nisbatan mukammal ko‘rinish oladi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Ōō, Ḡḡ, Şş, Çç, Ñň. Agar mana shu isloh qilingan alifbo tegishli tasdiqlardan o‘tib, amaliyotga tatbiq etilsa, ortiqcha xavotir va muhokamalargagina emas, alifbo va imloni amalda qo‘llashdagi barcha noqulayliklarga barham berish uchun ham asos bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti ishchi guruhi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari, boshqa bir qator ilmiy va oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, tilimiz jonkuyarlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu taklif juda to‘g‘ri, o‘rinli va tahsinga sazovar ish bo‘lgan. Shunga qaramasdan, o‘rni kelganda yangi alifboga kiritilgan harflar bo‘yicha ikki jumla o‘z mulohazamizni ham bildirib o‘tsak.

O‘zgarishlar alifbomizdagi Oo harfi tepasiga qo‘shimcha belgi qo‘yish orqali Ōō harfi, Gg harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ḡḡ harfi, Nn harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ñň harfi, Ss harfi pastiga belgi qo‘yish orqali Şş harfi hosil qilinmoqda. Xo‘sh, shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi, taklif etilayotgan Çç harfi uchun qaysi harf asos qilib olindi? Axir, alifbomizda bunday harf yo‘q-ku?! Agarda alifbomizga ruscha baynalmilal so‘zlar orqali tilimizga kirib kelgan va o‘zlashib ketgan necha yuzlab so‘zlardagi kirillcha Цц harfi o‘rniga lotincha Сс harfi qabul qilinmayotgan ekan, shu harfning o‘zini hech qanday qo‘shimcha belgi, dum qo‘ymasdan CH harflar birikmasi o‘rniga qabul qilsak (işonc, cōmic, toň, toḡ, toş), nima yo‘qotamiz? Yoki Cc harfini ham (Цц o‘rnida) alifbomizga kiritib, unga qo‘shimcha belgi qo‘yib, taklif etilayotganidek CH o‘rnida Çç shaklida qo‘llasak, alifbomiz yanada mukammal harflarga ega bo‘lmaydimi?!

Ming yillar davomida shakllanib, yuksak taraqqiy topgan ona tilimiz tovushlari orasida o‘ziga xos ohangdorlikka ega bo‘lgan, boshqa tillarda mutlaqo uchramaydigan nodir burun undosh tovushini ifodalash uchun Ñň harfining alifbomiz tarkibiga kiritilishiga qarshi bo‘layotganlar ta’kidlaganlaridek, uning alifbo tarkibida bo‘lishi savodxonlikka putur yetkazmaydi, aksincha, kirill alifbosida sakson yildan ko‘proq vaqtdan buyon yo‘l qo‘yib kelinayotgan imloviy xatolar, uslubiy g‘alizliklarga butunlay barham berish uchun xizmat qilishini tilshunos-mutaxassis sifatida qat’iy ta’kidlayman.

Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi sirasiga kiritilayotgan bu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, Senat a’zolari tomonidan yakdillik bilan qabul qilinsa, o‘zbek adabiy tilining rivojiga, imlomizning mukammallashuviga, ta’lim-tarbiya samaradorligi hamda savodxonligimizning oshishiga, barcha sohalarda tubdan yangilanayotgan mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotiga keng yo‘l ochiladi.

Mardon BOLTAYEV,

Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti kengashi ilmiy kotibi, dotsent.