Biznes-ombudsmanga yangi vakolat berildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Biznes-ombudsmanga davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlarining qarzlari bo‘yicha ijroni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish to‘g‘risida murojaat etish huquqi ham berildi.
Shu paytgacha Biznes-ombudsman devoniga tadbirkorlar tomonidan davlat daromadiga undiriladigan qarzdorlikni to‘lash muddatini kechiktirish yuzasidan ko‘plab murojaatlar bo‘lar edi. Biroq bunday vakolatimiz bo‘lmaganligi sababli, tadbirkorlarni qiyin vaziyatdan olib chiqishda amaliy yordam berolmasdik. Shu sababli hozirda Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan viloyat miqyosida davlat daromadiga undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari yuzasidan yordamga muhtoj va og‘ir ahvolga tushib qolgan tadbirkorlarni aniqlash bo‘yicha xatlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Xatlov natijasida yordamga muhtoj va og‘ir ahvolga tushib qolgan tadbirkorlarga nisbatan chiqarilgan ijro hujjatlarini bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki ijroni kechiktirish bo‘yicha sudlarga iltimosnomalar kiritilishi ta’minlanadi.
Bu imkoniyat tufayli tadbirkor o‘z faoliyatini uzluksiz davom ettirishi va davlat oldidagi qarzlarini to‘lab borishi hamda mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolishi mumkin.
Shodibek HAMROYeV,
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori.